YAXSHILIKNING MUKOFOTI YAXSHILIKDIR

Odamga kuch bag‘ishlaydigan, uni ruhlantiradigan va yanada katta maqsadlar sari chorlaydigan eng katta vosita e’tibordir. E’tibor bor ekan, kishi qalbida yangi orzu-umidlar, maqsadlar kurtak yoza boshlaydi. Odam yurtida, oilasida, mehnat jamoasida e’tiborli bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan kishiga quvonch, baxt, xotirjamlik olib keladi.

Jumladan, Davlatimiz rahbarining 2019 yil 28 avgustdagi farmoniga binoan uch nafar yurtdoshimizga – «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilib, «Oltin yulduz» medali topshirildi. Ana shunday yuksak mukofotga munosib ko‘rilganlardan biri xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati, O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi Hasan Normurodovdir. Bu xushxabar ko‘pchilik qatori partiyamiz faollarini ham quvontirdi.

Mehnat insonni ulug‘laydi, degan gap bekorga aytilmagan. Qahramonimiz mehnatsevarligi, ma’rifati bilan obro‘ orttirgan. Viloyat «Nuroniy» jamg‘armasini 2003 yildan buyon fidoyilik bilan boshqarib kelmoqda. Deputat sifatida xalq deputatlari viloyat Kengashi muhokamasiga aholi manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni ko‘tarib chiqishda faollik ko‘rsatib kelyapti.

Hasan Normurodov Xalq demokrtik partiyasining faxriy a’zosi. 2004, 2009 va 2014 yillarda o‘tkazilgan saylovlarda partiyamizdan Samarqand viloyat Kengashi deputatligiga saylangan.

H.Normurodov davlatimizning «Do‘stlik», «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» kabi nufuzli ordenlari bilan taqdirlangan.

 

Hasan NORMURODOV, O‘zbekiston Qahramoni, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

– Ochig‘i bunday yuksak mukofotga loyiq ko‘rilishimni sira o‘ylamagandim. Buning ustiga mukofotlarni topshirish tantanasida Prezidentimiz mening sha’nimga aytgan gaplardan qanchalik ta’sirlanganimni so‘z bilan ifoda etolmayman. Men zimmamda katta mas’uliyat va qarzdorlik yuklanganligini his etib turibman. Umrim oxirigacha bu hurmat-e’tiborga munosib bo‘lishga, ishonchni oqlashga harakat qilaman.

Yuksak mukofotni olib uyga qaytayotganimda bolaligimni, yoshligimni esladim. Hayot yo‘lim ko‘z o‘ngimdan birma-bir o‘tdi. Bolalik yillarim og‘ir davrlarga to‘g‘ri keldi. Qahatchilik, ocharchilik azob-uqubatlarini boshimizdan kechirdik. Ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi muammo edi. Ichki yo‘llarda mashina emas, hatto odam yursa ham qoqilardi. Xudoga shukr, mustaqillik yillarida tarixiy ishlar amalga oshirildi.

1939 yil 16 noyabr kuni Kattaqo‘rg‘on tumanining Kichik ko‘rpa qishlog‘ida oddiy dehqon oilasida tug‘ilganman. Yigirma kunlik chaqaloqlik paytimda otamdan ajralganmiz. Onam uch o‘g‘il, ikki qizni yolg‘iz boshi bilan voyaga yetkazdi. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi oilamiz uchun ko‘p qiyinchiliklarni keltirgan...

 Ocharchilik davrida odamlar kun bo‘yi bir tishlam nonga zor bo‘lgani, tong sahardan to kun botguncha dalada mehnat qilgani haqida onam ko‘p so‘zlab berardi. 8-9 yoshlarimda akalarim bilan mehnat qila boshladim, dala ishlarini ham bajarardim.

Hayotning achchiq-chuchugini, tashvishlarini bolalik davrimizdayoq totganmiz. Kattaqo‘rg‘on pedagogika bilim yurtini tamomlab, 17 yoshimdan boshlab o‘qituvchilik qila boshladim. Harbiy xizmatni o‘tab kelgandan keyin 1961 yil Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdim. Universitetni tamomlagandan so‘ng, mehnat faoliyatimni Kattaqo‘rg‘on shahridagi 3-o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshladim.

Shundan keyin qator tashkilotlarda faoliyat yuritdim. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasida ham ishladim. 2003 yildan beri viloyat Nuroniy jamg‘armasini boshqarib kelyapman.

Deputatlik faoliyatim davomida shunga guvoh bo‘ldimki, aholini ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar, davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar behisob. Buning natijasida nima bo‘ldi? Tez orada xalqimiz o‘zini tiklab oldi. Eslaydigan bo‘lsak, mustaqillikning dastlabki yillarida bir mahallaga kirsangiz, bir nechta yordamga muhtoj oilalarni uchratishingiz mumkin bo‘lardi. Bugun ularning soni tobora kamayib bormoqda.

2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga bir e’tibor bering. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shaharu qishloqlarimiz qiyofasi o‘zgarib, odamlar turmush darajasi oshib boryapti. Inson uchun u haqida kimdir qayg‘urayotganini his qilishdan ortiqroq baxt bo‘lmasa kerak. Xalqimiz ana shunday baxtga munosib, albatta.

Istiqlolimizning 28 yilligi men uchun juda quvonchli keldi. Xalq e’tirofi, mamlakat darajasidagi e’tibor odamga boshqacha ta’sir qilar ekan. Tabriklash uchun do‘st-birodarlar, yaqinlar kelishdi. Partiyamiz faollari ham qutlashdi. E’tibordan, e’zozdan boshim osmonga yetdi. Oilam, farzandu nevaralarimning quvonchini aytmaysizmi. Bu menga cheksiz kuch-quvvat, shijoat baxsh etmoqda...

← Roʻyxatga qaytish