MAQTANISHDAN FOYDA YO‘Q
MAQTANISHDAN FOYDA YO‘Q

Bugun o‘z ishiga tanqidiy yondashgan partiya yutadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiya rahbarining o‘rinbosari Abdug‘affor Qirg‘izboyev fraksiya faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, fraksiya faoliyati parlamentga yo‘llangan murojaatnoma asosida yangicha yo‘nalishda tashkil etildi. Xususan, Davlat dasturining ijrosi bilan bog‘liq masalalarda deputatlik birlashmalari va partiya faollari ishtirokini ta’minlashga doir seminar-trening, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Qayt etildiki, fraksiya a’zolari barcha yo‘nalishdagi faoliyatida asosiy e’tiborni amaliy ishlarga qaratdi. Jumladan, qonun ijodkorligiga alohida e’tibor berildi. Fraksiya yig‘ilishlarida 109 ta qonun loyihasi o‘rganib chiqildi, 12 ta qonun loyihasiga fraksiya a’zolari tashabbusi bilan konseptual o‘zgartirishlar kiritishga erishildi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari bo‘yicha 134 taklif ishlab chiqildi, ulardan 120 tasi qonunlarni qabul qilish jarayonida inobatga olindi. «Markaz-viloyat-tuman» tizimi orqali 79 ta qonun loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri joylarga partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlariga muhokama uchun yuborildi, ulardan 120 dan ortiq taklif olindi. Fraksiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tayyorlangan 8 ta qonun loyihasini ishlab chiqishda tashabbuskor bo‘lishdi.

Shuningdek, 2019 yil boshidan fraksiya faoliyatida qonun ijodkorligini tashkil etish maqsadida yangi yo‘nalish joriy etildi. Ya’ni, Qonunchilik palatasiga kirib kelgan qonun loyihalari fraksiyada alohida ro‘yxatdan o‘tkazilib, dastlabki muhokamalardan so‘ng partiya tashkilotlari orqali joylarga yuborish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilish tizimi joriy etildi. Natijada 79 ta qonun loyihasiga mahalliy Kengashlardagi O‘zXDP guruhi a’zolari, partiya faollari 200 dan ortiq taklif va mulohaza berdi. Mazkur jarayon «Qonunlarning birdan-bir manbai va ijodkori xalq bo‘lishi kerak», degan tamoyilga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunning 37-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan edi. Fraksiyaning taklif mulohazalaridan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida nogironligi bo‘lgan bolasini tarbiyalayotgan onalarga pensiyaga chiqayotganda kamida 7 yillik ish stajiga ega bo‘lishi shartligi amaliyoti bekor qilindi.

Parlament eshituvlari deputatlarning saylovchilar bilan muloqotlarida ko‘tarilgan dolzarb muammolar asosida tashkillashtirildi. Ularda mahalliy Kengash deputatlarining ishtirokini ta’minlash amaliyoti joriy qilingan.

Joriy yilgi Davlat dasturining 1-bandiga asosan parlament a’zolari har oyning oxirgi haftasida o‘z saylov okrugiga chiqib, muammolarni tizimli ravishda o‘rganib bordi. Deputatlar har oyning oxirgi haftasida, ya’ni 6 marta o‘z saylov okruglarida bo‘lishdi. Mazkur muloqotlar davomida fuqarolar tomonidan 3 485 ta masala ko‘tarilgan. Ularning aksariyati (90 foizga yaqini) hududlarning o‘zida mahalliy mutasaddilar bilan birga hal etildi. Qolganlari Qonunchilik palatasida tegishli vazirlik-idora rahbar va mas’ullari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilishlarda muhokama qilindi. Ayrim masalalar yuzasidan tushuntirish so‘rab, tegishli sohalar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Bundan tashqari, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori vositalari ta’minotini yanada yaxshilash, qonunchilikni samarali tatbiq qilish, islohotlarning samaradorligini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan parlament, deputatlik va jamoatchilik nazorati davom ettirildi. 14 ta tuman va shaharda o‘tkazilgan sessiyalarda sog‘liqni saqlash bo‘limlarining hisobotlari eshitildi.

Fraksiya har oyda deputatlar joylardan qaytganda, saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilib, ijro hokimiyatining mas’ul vakillarini jalb etgan holda muhokamalar o‘tkazib keldi.

Anjumanda shu va yana boshqa ko‘plab masalalar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Belgilangan ma’ruzadan so‘ng jurnalistlar savollar bilan murojaat qildi.

 

Savol:

— Joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan yuborilgan deputatlik hamda parlament so‘roviga mutasaddilarning munosabati qanday bo‘lmoqda?

 

Tursunpo‘lat NORBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— To‘g‘risi, parlament so‘rovlariga munosabat dastlabki bosqichda u qadar sezilmadi. Ikki-uch yil davomida bir necha marta yuborgan parlament so‘rovlarimiz joriy yilda qayta yo‘llandi. Qarangki, bir marta yuborilgan so‘rovga avvalgidek, boshqarma boshliqlari yoki vaqtincha rahbarlik vazifasini bajaruvchilar emas, vazirlar imzosi bilan javoblar kelmoqda. Asosiysi, ko‘tarilgan muammolar hal etilyapti.

Masalan, Surxondaryo viloyati Uzun va Denov tumanlaridagi magistral yo‘lning ayanchli ahvoli haqidagi so‘rovimga ko‘p bora bepisandlik bilan qaralgan edi. Bu yil vazir nazorati bilan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bunaqa misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ammo vaziyat to‘liq yaxshilandi, parlament so‘rovlariga hamma jiddiy qaramoqda, deyishga hali erta.

 

Savol:

— Qonun tashabbuskorligi jarayonida tub burilish va katta o‘zgarishlarni qachon ko‘ramiz?

 

Sattor RAHMATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Qonun tashabbuskorligi jarayonida ancha yillar davomida hal bo‘lmay kelayotgan qator masalalarga yechim topishga erishildi, deb ayta olaman. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida achinarli holatga kelib qolgan QVPlar qayta ta’mirlandi, jihozlandi, dori vositalari bilan bog‘liq muammolar tizimli ravishda o‘rganilib, nazoratga olinmoqda.

Aytaylik, nogironlikni belgilash masalasida shaffoflik ta’minlandi. Buning uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarning umumiy ro‘yxati tuzildi va ularning shart-sharoiti o‘rganildi. Tizimdagi huquqiy asos takomillashtirildi, bo‘shliqlar to‘ldirilmoqda. Oxirgi vaqtlarda dori vositalari narxining asossiz ravishda oshirilishi keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur tizim ham tanqidiy asosda o‘rganildi hamda dori vositalari va farmatsevtika faoliyati bilan bog‘liq yangi qonun qabul qilishda fraksiyamiz a’zolari tashabbus ko‘rsatdi. Yoki inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar yechimiga xizmat qiluvchi qonun qabul qilinishida alohida tashabbus ko‘rsatdi.

Bular o‘z yo‘liga. Lekin ertaga sarhisob qilish vaqtida yana nima qildik, nimalarni boy berdik yoki qila olamiz, degan savol atrofida bosh qotirishimiz kerak. O‘zimizga mana shular asosida vazifa qo‘yishimiz zarur.

Qonunlar yomon bo‘lmaydi, biroq ular o‘zidan o‘zi amalga oshmaydi. Qonunlarni jamiyat hayotiga tatbiq qilishda deputatlar, partiya faollari bevosita va bosh ishtirokchi bo‘lishimiz lozim, deb o‘ylayman.

 

Bunyod ESHONQULOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— To‘g‘risi, avvallari joylarga chiqib, xonadonma-xonadon yurmaganimiz uchun haqiqiy ahvol haqida bu qadar chuqur tasavvurga ega emasdik. Endi esa xonada o‘tirib qabul qilingan qonunlardagi kamchiliklar ko‘rinib qoldi.

Misol uchun, sog‘liqni saqlash sohasiga aloqador qonunchilikda vrach xonasi bemorlar yotadigan xonadan katta bo‘lishi kerakligi belgilangan. Mantiqan esa bu noto‘g‘ri. Aslida bemorlar xonasi kattaroq bo‘lishi talab etiladi. Nogironlarga kompensatsiya berish huquqini tiklash bo‘yicha ham taklif ishlab chiqilmoqda. Yoki nafaqa berishni olaylik. Ko‘p bolali oilalarga nafaqa to‘lash tartibi joriy etilgan. Ammo qariya, ba’zi yolg‘iz yashaydigan shaxslar uchun bunday to‘lov bekor qilingan. Shu tartib noto‘g‘ri ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Pensiya va nafaqalar aholining ijtimoiy holatidan kelib chiqib belgilanishi kerakligi haqidagi takliflarimizni tayyorladik. Kelgusida mana shu yo‘nalishdagi ishlarimizni yanada kuchaytirib, saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashga bor kuchimizni safarbar etamiz, albatta.

Matbuot anjumanida fraksiya a’zolari yana qator savollarga javob berdi.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek INOYATOV fikrlar hamda berilgan ma’lumotlardan kelib chiqib, o‘z mulohazalarini bildirdi.

— Anjuman davomida berilgan savollarga javob qaytarishda aybdorni, javobgarni, mas’ulni qidirishga urinishdan voz kechishimiz kerak, — dedi partiya yetakchisi. — Jurnalistning birgina savolidan barchamiz sergak tortdik va buning uchun OAV xodimlariga rahmat aytishimiz lozim. Chunki ularning bugungi tanqidiy ruhdagi savollari ertangi faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘zimizni o‘zimiz ozgina tanqid qilishni o‘rganishimiz zarur. Keling, yil yakuniga qadar har kuni bir marta o‘zimizga vijdonan hisob beraylik. O‘z ishidan qoniqmaslik — yaxshi xislat. Doim faoliyatimizga tanqidiy jihatdan yondashsak, saylovda ko‘proq ovoz olishga, tarafdorlarimiz safini kengaytirishga erishamiz.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish