Munavvara USMONOVA, “Saodat” jurnali Bosh muharriri, shoira:
Odatda, “muqaddas” so‘zi nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qo‘llaniladi. Shunday ekan, nima uchun gunohu savoblar chorrahasida yashayotgan ayolga nisbatan “muqaddas” sifati qo‘llanilganda, kuchli qarshiliklar bo‘lmadi, aksincha, qabul qilindi, yashab qoldi, yashab kelyapti. Axir, ayol jonidan jon bunyod etadi — inson yaratadi.
Shu o‘rinda yana bir holat esimga tushdi. To‘rt yoshli nevaram ko‘chaga qo‘g‘irchog‘ini olib chiqmoqchi bo‘ldi. Bundan besh-o‘n daqiqa avval u “kirlangan” qo‘g‘irchog‘ini cho‘miltirgan edi. Nevaram birdan qo‘g‘irchog‘iga qarab:
– Oyijon, uyat bo‘ladi, u ko‘ylagini kiysin, – dedi-da, qo‘g‘irchoqqa libos kiydirishga tutindi.
Nima demoqchiman? To‘rt yoshli qizaloq, hali birov o‘rgatmasdan, tabiiy ravishda “uyat” so‘zining ma’nisiga yetadi. Ehtimol, ko‘proq bizning millatimizga xos bo‘lgan bu bebaho tushunchalar bilan birga tug‘ilib, birga o‘sib, ularning umriga umr qo‘shib yashayotganlari uchun ham Ayol, Ona muqaddasdir. Harna bo‘lsa-da, Ayolga, Onaga ehtirom xonadonlarimiz, oilalarimizning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan eng bebaho qadriyatlaridan biridir. Millatimizga xos eng go‘zal qadriyatlarga bugunning ma’naviy tarbiyasi uchun asosiy mezon sifatida qarayotgan muhtaram Prezidentimiz bu yuksak lavozimga saylangan ilk kunlaridanoq Ayolga e’tibor masalasini kun tartibiga qo‘ydilar. “Ayol baxtli bo‘lsa, millat baxtlidir” shiorining amaliy ifodasini bugun har jabhada ko‘rib, quvonib, faxrlanib turibmiz.
Yaqinda Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 1-ayollar jazoni o‘tash muassasasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sayyor sud majlisi ham shu fikrimizning yana bir isboti, desak yanglishmaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov raisligida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan 6 nafar mahkumaning ishi nazorat tartibida ko‘rib chiqildi. Mahkumalardan olti nafarining hammasi o‘z qilmishidan chin dildan pushaymonligi, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tganligi, jinoyati uchun berilgan jazoning asosiy qismini o‘tagani uchun ozod etilib, oilasi bag‘riga qaytarildi. Keyingi ikki yil mobaynida bu tarzdagi insonparvarlikning oliy namunasiga bir necha bor guvoh bo‘lmoqdamizki, mamlakatimiz sudlov tarixida ilk bor qo‘llanilayotgan bu amaliyot bizga cheksiz minnatdorlik tuyg‘ularini baxsh etish barobarida “Sobiq mahkumalar bu e’zoz, ehtirom, ishonchning qadriga yetolsa edi, ozodlik atalmish buyuk ne’matga erishgan xotin-qizlar jamiyatda o‘rnini topib ketsa edi”, degan istakni ham uyg‘otadi. Ayollik, onalik o‘rniga qaytganlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ko‘nglimizdan shunday hissiyotlar o‘tar edi.
– Tijorat bilan shug‘ullanardim. Xudoyim siylab uch nafar farzand berdi. Erim bilan tinchgina yashab kelayotgandik. Lekin nafs balosiga uchib, giyohvand moddalar oldi-sotdisiga aralashib qoldim, – deydi ulardan biri.
U afsus nadomat bilan o‘z qilmishi haqida hikoya qilib berdi. Ma’lum bo‘lishicha, u bundan oldin ham jinoyatga qo‘l urgan ekan. Ayolligi, farzandlari borligi, muqaddam sudlanmaganligi, pushaymonligi hisobga olinib, unga yengil jazo qo‘llanilgan. Keyin... keyin u yana xato qilgan. Bu gal yana egri yo‘lga katta qadamlar bilan bordi. Ikkinchi hukm o‘qilgan pallada xatosini anglab dod solib yig‘ladi. Bu hukm 2013 yilning 8 aprel sanasida o‘qildi. U Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (60-moddasi qo‘llanilib) 14 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. 2026 yilgacha mahkumalikda yashashi kerak edi. Bu katta muddat uning qilmishiga yarasha berilgandi, albatta.
Lekin bugun mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosati tufayli unga yetti yil avval ozodlikka chiqish baxti nasib etdi.
– Jazoni o‘tash muassasasida qilgan xatolaringni o‘ylash, tahlil qilish uchun ko‘p vaqting bo‘ladi. Nega shunday bo‘ldi, degan savolning javobi o‘zimga kaltak bo‘lib tushaveradi. Kim meni bu girdobga tortgan bo‘lsa-da, baribir bosh aybdor – o‘zim, – deydi jazoni o‘tayotgan ayollardan yana biri. Uning pushaymonligi ko‘z yoshlariga qo‘shilib yuzini yuvadi.
– Obro‘li xonadonga kelin bo‘lgan edim. Yaqinlarimning yuzini yerga qaratdim, — davom etadi u.
– Bunday azobning nima ekanligini faqat boshidan o‘tkazgan banda biladi. Qo‘limga kishan solinib, uydan chiqqanimda mana bugun meni olib ketgani kelgan qizim besh yoshli go‘dak edi. Bu yil u maktabni bitiryapti. A’lochi bo‘libdi, Yoshlar ittifoqining faol a’zosi ekan. Ko‘ziga qarashga xijolat tortyapman. Lekin endi ko‘zim ochildi. Shuncha yillar qalbimda to‘planib qolgan, sarflanmagan mehrimni farzandim, nevaralarimga beraman...
Uning afsuslarini tinglab ko‘ngildan:
“Eh, ona-ya, onaizor-a, shunday to‘xtamga kelish uchun 12 yil qamoqda yotish kerakmidi?” degan og‘riqli savol o‘tadi ko‘ngildan.
Afsuski, ayollar orasida bugun ham jinoyatga qo‘l urayotganlar, xususan, giyohvandlik oldi-sotdisiga qo‘shilib, qo‘lga tushib, qamalib ketayotganlar uchramoqda... Ularga:
– To‘xtang! Mana bu ayolning mahbuslik jarohat solgan qalblariga boqing, achchiq afsuslarini eshiting, saboq oling! – degimiz kelyapti...
Gap avvalini ayol muqaddasligidan boshlagan edik. Bu muqaddaslik har bir ayolning shuhratli hayoti bilan ulug‘vorlik kasb etadi. Har ayolning xatosi, gunohidan darzlanadi. Keling, aziz opa-singillar, to‘rt muchamiz salomat, tinch-osuda zamonda, adolatli qonunlar muhofazasida yashayotgan ekanmiz, Muqaddas tushunchasini e’zozlaylik, bu sharafga munosib bo‘laylik...
www.uzbekistonovozi.uz