Forum doirasida 37 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi
Forum doirasida 37 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlandi

 

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi tomonidan Romitan tumanining “Qalaychorbogʻ” mahallasidagi “Oromitan” bolalar oromgohida tuman hokimligi bilan hamkorlikda ayollar Forumi boʻlib oʻtdi.

Forumni tuman hokimi Xurshid Tohirov kirish soʻzi bilan ochdi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini aniqlash hamda qoʻllab-quvvatlash, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi. Davlat rahbari tomonidan bu boradagi tizimli ishlar davom ettirilayotganligi alohida qayd etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan partiya viloyat kengashi raisi Zulfiya Tuyeva ehtiyojmand oilalarni kambagʻallikdan chiqarish, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, ishsiz xotin-qizlarni turli kasblarga oʻqitish orqali ularni “Temir daftar”dan chiqarish muhimligini eʼtirof etdi. Joylarda “Temir daftar”ni shakllantirishda ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilish, bunda oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash har bir idora va masʼullar zimmasidagi muhim vazifa ekani taʼkidlandi.


Tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi rahbari Oʻtkir Islomovning xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususidagi axboroti tinglandi. Forumda Bandlikka koʻmaklashish markazi ayollar va yoshlar uchun 894 ta boʻsh ish oʻrni bilan ishtirok etdi. Mahallalarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 37 nafar xotin-qizlarga taklif qilingan boʻsh ish oʻrinlari maʼqul kelib, ular shu kunning oʻzida tegishli korxona va tashkilot bilan mehnat shartnomalarini imzolashdi.

Tumandagi “Varnet” hamda “Romstar” kabi yirik ishlab chiqarish korxonalariga xotin-qizlarni ishga joylashtirish masalasi ham oʻrganildi. Forum doirasida kam taʼminlangan oilalarga imtiyozli kreditlar ajratish xususida tushunchalar berildi. Xotin-qizlar tadbikorligi markazi tomonidan sartaroshlik, pazandachilik va tikuvchilik yoʻnalishlarida kasb-hunarga oʻrgatilgan ayollarga sertifikatlar topshirildi.

Paxta mavsumida otryadlar tarkibida tashabbus koʻrsatayotgan ilgʻor terimchi ayollar tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi. Forum yakunida 4 foizli grant asosida Buxoro davlat universitetiga oʻqishga qabul qilingan 4 nafar talaba qizga esdalik sovgʻalari topshirildi.
 

 

Zarif Komilov,

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi
← Roʻyxatga qaytish