30 FOIZ DEPUTAT XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGASHLARIDA OYLIK OLIB ISHLAYDIGAN BO‘LADI

Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik amaliyoti bekor qilinishiga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Vakillik hokimiyati mustaqil ish yuritishi, hududiy ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilishi kutilmoqda. Bu jarayon nimasi bilan muhim? Yana qanday masalalarga e’tibor qaratish kerak?

 

Altiboy RADJAPOV, Xorazm viloyati o‘zini-o‘zi boshqarish tizimini muvofiqlashtirish kengashi raisi o‘rinbosari, xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashi deputati:

— To‘g‘risini aytish kerak, mahalliy Kengashlardagi deputatlar jamoatchilik asosida ishlaydigan xodimlarga o‘xshaydi. O‘zi saylangan hududga borish, saylovchilarni qabul qilish kabi ish rejasida qatiy belgilangan vazifalarni ado etishlari oson kechmaydi. Aytaylik, Hazorasp tuman Kengashidagi deputat Tuproqqal’a mavzesiga borishi uchun kamida yuz ellik kilometr yo‘l bosishi lozim. Bu esa vaqt va mablag‘ talab etadi. Deputat shuncha masofaga o‘z hisobidan jamoat transportida borsa ham, oylik maoshining ancha qismini sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bu yoqda esa ro‘zg‘or...

Deputat biror idora rahbari bo‘lsa, o‘ziga biriktirilgan xizmat mashinasidan foydalanishga majbur. Bu holat u bilgan holda qonunni buzishini anglatadi. Chunki xizmat mashinasi xarajatlari deputat bosh bo‘lgan tashkilot tomonidan qoplanadi. Agarda deputat rahbar bo‘lgan korxona mulkchilikning boshqa shakli bo‘lsa, u jamoa aksiyadorlari cho‘ntagiga «qo‘l cho‘zadi»... Gapning dangalini aytganda, istaymizmi-yo‘qmi masalaning shu tomonlarini inobatga olishimiz kerak. Negaki, deputat o‘z saylovchisi bilan muloqotga oshiqqanda, moddiyat uning yo‘lini to‘smasligi kerak. Shunda u vazifasini to‘laqonli bajarishiga imkon bergan bo‘lamiz.

Yaqinda Oliy Majlis Senatining matbuot anjumanlaridan birida yuqoridagi muammolar yechim topayotgani haqida aytildi. Bundan deputatlarimiz juda mamnun. Mahalliy kengashlardagi deputatlarni moddiy qo‘llash, ya’ni ularga ma’lum ma’noda maosh to‘lash, xizmat mashinasi, alohida xona ajratish ishning sifatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, deputatning mas’uliyatini oshiribgina qolmay, o‘z vazifasini muntazam bajarishga olib keladi. Gap maoshning qanchaligida emas. Bu tartibning joriy etilishi deputatning obro‘sini bir necha pog‘ona oshiradi. Deputat o‘zi rahbar bo‘lgan korxona yoki tashkilot mablag‘lariga majburan ko‘z olaytirmaydi, o‘z xodimlari oldida yuzi yorug‘ bo‘ladi.

Moddiy tomondan ta’minlangan deputatdan o‘z vazifasini bekamu ko‘st bajarishni talab qilish va albatta, ularning buni halol bajarishlari faoliyatiga unum bag‘ishlaydi. Saylovchilar hurmatini va ishonchini qozonishiga olib keladi. Dunyo tajribasidan kelib chiqib, amaliyotga kiritilayotgan bu ma’yorlar deputatlarimizning faol bo‘lishlari uchun muhim kafolatdir.

 

Maqsud NURILLAYEV, O‘zbekiston XDP Navoiy viloyat kengashi raisi:

— Joriy yilgi saylovlardan so‘ng 213 tuman(shahar) Kengashlari deputatlarining o‘rtacha 30 foizi oylik maosh, avtomashina va alohida xona bilan ta’minlanishi ma’lum qilindi. Shu tariqa 1500 nafardan ortiq deputat doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Aniq ayta olamanki, vijdonan ishlagan har bir deputat bundan xursand bo‘ldi. Negaki, yildan-yilga ularga e’tibor kuchayib, jamiyatdagi nufuzi o‘sayotganiga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz. O‘rni kelganda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatini yanada jonlantirish uchun quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.

Avvalo, xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlariga har oyda eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdori maosh to‘lansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu mablag‘ ularga istalgan vaqtda saylovchilar bilan uchrashish imkonini oshiradi.

Shuningdek, soliqdagi imtiyozlar ham xalq vakillari ishida jonlantirishga ta’sir ko‘rsatadi. Avtomashina sotib olishda imtiyozli kreditlar ajratilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Qilayotgan ishidan ham rahmat, ham rag‘bat oladigan deputat saylovlarda yutib chiqish, xalqning ishonchi va mehrini qozonish uchun haqqoniy, astoydil harakat qiladi. Bundan tashqari, mahalliy Kengash deputatlariga transport vositalaridan foydalanishda (samolyot, poyezd) chegirmalar joriy etilishi lozim, nazarimda.

Ayrim davlat idoralarining deputatlik so‘roviga bepisandlik bilan qarab, belgilangan muddatda javob qaytarmaslik holatlari hamon uchramoqda. Deputatlar tomonidan korxona va tashkilotlarga yuborilgan deputat so‘rovlarini nazorat qilish uchun Kengash tarkibida yangi shtat birligi joriy etilsa, yaxshi bo‘lardi. So‘rovlarga javobdagi yuzaki yondashuv, bepisandlik holatlariga qonun doirasida chora ko‘rilishini ilova qilish shart, deb hisoblayman. Bu orqali idora va tashkilotlardagi mas’ullarning xushyorligini oshirish mumkin.

 

Bahodir KARIMOV, xalq deputatlari Namanagan viloyat kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

— Negadir faol tadbirkor, fermerlarni deputatlikka nomzod sifatida ko‘rsatish hollari ko‘paygan. Bu yaxshi, albatta. Faqat ular deputatlik faoliyatiga qiziqib, aholi uchun u yoki bu masalani hal etishga yeng shimarib kirishishga qodir bo‘lishlari zarur. Har bir deputat Kengashda sohalar bo‘yicha doimiy komissiyaga a’zo bo‘ladi. Boshlanishida doimiy komissiyaning bir-ikki yig‘ilishiga qatnashib, keyin esa uning «ishi» chiqib qoladi. Natijada 9-10 nafar komissiya a’zosidan 3-4 nafari ishlaydi, xolos. Bu esa belgilangan rejaning bajarilmay qolishiga sabab bo‘ladi. O‘ylaymanki, joriy yilgi saylovlarda siyosiy partiyalar shu jihatlarga ham e’tibor berishadi.

Shuningdek, siyosiy partiya deputatlikka nomzodlarni tanlashda imkon qadar mulohazali bo‘lishi, yetti o‘lchab bir kesishi lozim. Chunki ularning ko‘pchiligi deputat bo‘lib saylanguncha faol bo‘lishadi. Bunday deputatlar sessiyalarga, doimiy komissiya yig‘ilishlariga befarqlik bilan qarashadi. Sessiyalarda ko‘rilayotgan masalalarning maxzmun-mohiyatini tushunib-tushunmay qaror qabul qilishadi. Qisqa qilib aytganda, qo‘l ko‘tarib tasdiqlashga yaraydigan deputatlar ham oramizda yo‘q emas.

Rahbarlik lavozimida, ayniqsa, davlat idoralari boshliqlarining deputat bo‘lib saylanishi meni o‘ylantirardi. Tasavvur qiling, tumanda Davlat dasturi ijrosi yoki ish o‘rni yaratilishi va aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masala muhokama qilinyapti. Tuman hokimi — Kengash raisi. Deputatlar kimni so‘roqqa tutsin? Aslida hokimning deputatlik va Kengash raisligidan boshqa qiladigan ishi, bajarishi lozim bo‘lgan vazifalari ko‘p. Shularni hisobga olgan holda, joriy yilgi saylovlardan keyin yangi tartib joriy etiladigan bo‘ldi. Unga ko‘ra, tuman(shahar) hokimlarining xalq deputatlari mahalliy kengashlari raisi maqomi bekor qilinadigan bo‘ldi. Hokim partiya a’zosi ham, deputat ham bo‘lmaydi. Davlat tashkiloti vakillari ham deputat bo‘lolmaydi. Endi Kengash raisi saylangan deputatlar orasidan ovozga qo‘yilib tanlanadi. Rais joyida o‘tirib, faqat o‘z faoliyati bilan mashg‘ul bo‘ladi. Har olti oyda malaka oshirib boradi. Hududdagi to‘rtala sektor rahbarlari bilan doimiy aloqa o‘rnatib, ularni eshitadi. Aholi muammolari yuzasidan bajarilgan ishlarni tahlilini amalga oshiradi. Bu tartib hududlarda yangicha muhit paydo bo‘lishiga sharoit yaratadi, deb o‘ylayman.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Mahliyo ALIQULOVA yozib oldi.

← Roʻyxatga qaytish