“Olmaliqda nima bo‘lyapti?” Sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan xalq deputatlari olmaliq shahar kengashi O‘zXDP deputatlik guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha rasmiy munosabat.
Xabaringiz bor, joriy yilning 5-iyun kuni telegram ijtimoiy tarmog‘idagi “Xalq ovozi!” sahifasida (16492 nafar a’zoga ega) va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda “Olmaliqda nima bo‘lyapti?” sarlavhasi ostida videolar tarqaldi.
Videolavhalardan Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan “Ammafos-Maxam” AJ tomonidan ko‘p yillardan buyon ish faoliyatini olib borayotgan bir guruh ayollarni sababi ochiqlanmasdan ishdan bo‘shatib yuborilayotganligi anglashiladi.
Holatni o‘rganish maqsadida Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi deputatlari, jumladan O‘zXDP deputatlik guruhi a’zolari Zafar Adilov va Ergash Abdurayimov hamda Xalq demokratik partiyasi shahar kengashi raisi Mansur Musayevlardan iborat ishchi guruh tuzildi.
Joriy yilning 10-iyun kuni “Ammafos-Maxam” AJ ning tegishli mutasaddilari va deputatlar ishtirokida yuzma-yuz muloqotga kirishildi.
Aniqlanishicha, “Ammafos-Maxam” AJ bilan ja’mi 99 nafar xodim kasanachi sifatida shartnoma tuzib, ishlab kelgan. Ular korxonaga qarashli bo‘lgan oshxona uchun qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirib bergan. 2021-yil 1-mart kunidan e’tiboran oshxonalar autsorsing shartlari asosida mazkur faoliyat bilan shug‘illanuvchi kompaniyaga berilgan. G‘olib kompaniya esa zarur bo‘lgan maxsulotlarni uzoq muddatli shartnomalar asosida o'z yetkazib beruvchilaridan sotib olishni afzal ko‘rgan. Natijada ja’mi 99 nafar kasanachini ish o‘rinlarini qisqartirishga to‘g‘ri kelgan. Ulardan 47 nafari Olmaliq shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan. Korxonaning xodimlar boshqarmasi boshlig‘i Barno Mirsaidova bergan axborotga ko‘ra 99 nafar kasanachidan 28 nafar ayollar tug‘ruq ta’tilida bo‘lganligi sababli bu qisqartirishga uchramasligi ta’kidlandi. Qolgan 71 nafar kasanachi qisqartirish bo‘yicha mehnat qonunchiligiga asosan, rasmiy ogohlantirilgan bo‘lib, ulardan 12 nafari ogohlantirish xatlariga o‘z roziligi bilan imzo chekkan. Qolgan 59 nafar kasanachi korxona tomonidan qisqartirilish holatiga rozilik bildirmagan.
“Ammafos-Maxam” AJning boshqaruv raisi o‘rinbosari Jo‘ra Yusupovning ta’kidlashicha, hozirgi holatga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan barcha kasanachilar “Ammafos-Maxam” AJdan hali ishdan bo‘shatilganicha yo‘q. Ular bilan tuzilgan mexnat shartnomasi o‘z kuchida. Berilgan ogohlantirish davrida mexnat kodeksida belgilangan tartibda o‘rtacha oylik ish haqi va boshqa imtiyozlar saqlanib qolingan. Korxona rahbariyati tomonidan ish o‘rinlari qisqartirilayotgan kasanachilarga tushuntirish ishlari olib borilganligi ta’kidlandi. Korxona yetakchi mutahassis-yuristkonsultanti Ulug‘bek Ergashev va Kasaba uyushmasi raisi Nodir Tog‘ayevlarning ta’kidlashicha, xodimlarning qisqartirilishi bilan bog‘liq barcha protseslar belgilangan qonun doirasida amalga oshirilmoqda.
Deputatlar tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, xo‘jalik yurutuvchi subyekt sifatida korxona o‘z iqtisodiy manfaatlarini, eng avvalo iqtisodiy foydani ko‘zlashi tabiiy. Shunday bo‘lsada bizningcha, korxona qisqartirishga tushgan kasanachilarning mutahassisligi va imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan holda korxonaning yaqin kelajakdagi ishchilarga bo‘lgan ehtiyojini prognoz qilishi va imkon qadar mana shu kasanachilarni boshqa doimiy ishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishi kerak.
Shuningdek, 2021-yilning 11-iyun kuni Olmaliq shahar hokimligida shahar hokimi, Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi rahbari Q.Xamdamov, deputatlar, sektor rahbarlari, “Ammafos-Maxam” AJ mutasaddilari, xuquqshunoslar va boshqa mas’ullar hamda qisqartirishga tushgan kasanachilar ishtirokida muloqot tashkil etildi. Natijada ish o‘rinlari qisqartirilayotgan kasanachi xodimlarga korxonadan boshqa ish o‘rinlari taklif etilishiga kelishib olindi.
Xalq deputatlari Olmaliq shahar Kengashi
O‘zXDP deputatlik guruhi