Norindagi deputat sayyor qabulda uyi yonib ketgan oilaga moddiy yordam ko‘rsatdi
Norindagi deputat sayyor qabulda uyi yonib ketgan oilaga moddiy yordam ko‘rsatdi

 

Namanganda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mahallabay va fuqarobay tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Norin tumanidagi “2-Bobur” saylov okrugidan saylangan deputat Aziza Rahmonchayevaning sayyor qabuli o‘tkazildi.

Mazkur qabul davomida yashash uyini kadastr qilish, uy-joyini ta’mirlash, mustaqil tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun kredit ajratish, tikuv mashinasi va uy-joy olish kabi bir qator masalalar ko‘tarildi.

Qabul davomida saylovchilarining murojaatini eshitgan mahalliy Kengash deputati Aziza Rahmonchayeva fuqarolarning dardu-tashvishlariga quloq tutib, har bir masala yoki muammo shunchaki qolib ketmasligi, belgilangan tartibda ijobiy hal etish choralari ko‘rilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zXDP viloyat va Norin tumani kengashi, Bobur mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, elektr ta’monoti korxonasi, Xalq banki va Davlat kadastrlar palatasi mas’ul xodimlari ishtirok etib, o‘rtaga tashlangan dolzarb muammolarni hal etilishiga yaqindan ko‘maklashdi.

Deputat qabulida 1958 yilda tug‘ilgan, 2-guruh nogironligi bor, yolg‘iz yashovchi fuqaro Nurali Ismoilov yashash xonadonini ta’mirtalab ekanligi va uyiga yangi elektr hisoblagich o‘rnatish zarurligini aytdi. Ushbu murojaat tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan nazoratga olinib, chora ko‘riladigan bo‘ldi. Yashash xonadonini ta’mirlab berishni esa MFY raisi Shuhrat Ergashev o‘z zimmasiga oldi.

38 yoshli Mavlonbek Abdullayev hozirda yashayotgan xonadoni marhum otasining nomida ekani, endilikda mazkur xonadonni o‘z nomiga rasmiylashtirishda mablag‘i yetishmayotganligi sababli amaliy yordam so‘radi. Davlat kadastrlar palatasi Norin tumani filiali tomonidan fuqaroga huquqiy ko‘rsatma berilib, shu yo‘nalishda ijrosini ta’minlash nazoratga olindi.

Sayyor qabulda Zarbdor mahallasida yashovchi, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 22 yoshli Gulchehra Sultonova Norin tibbiyot kollejining birinchi bosqichini tamomlaganligi, lekin tikuvchilik borasida ham iqtidori borligi uchun tikuv mashinasi olish bo‘yicha murojaat etdi. Deputat aralashuvi bilan chevar qizga Norin tumani hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi ko‘magida tikuv mashinasi taqdim etildi.

– Men Norin tumanidagi Bobur mahallasi hududida bo‘sh turgan binoni ijaraga olib, hozirda bu yerda uy-joy va binolar uchun eshik-darvozalar yasab, sotuvga chiqarib kelmoqdaman, – deydi Haqqulobod shaharchasida istiqomat qiluvchi 21 yoshli tadbirkor Husniddin Hasanboyev. 

– Hunarim ortidan oyiga 4-5 million daromad topib, qo‘l ostimda uch nafar ishchi bor. Faoliyatimni kengaytirish va ishchi o‘rinlari sonini oshirish uchun bankdan 30 million so‘m kredit zarur. Biroq Xalq banki tuman filialiga bir necha marta murojaat etganimda, har gal resurs yo‘qligi bahona qilinib, moliyaviy ko‘mak ololmay kelayapman. Tumanimiz Kengashi deputatiga rahmat, murojaatimni alohida nazoratga olishdi. Shu joyni o‘zida bankning mutasaddi xodimiga kredit hujjatlarini tezroq rasmiylashtirishga ko‘rsatma berildi.

Bobur mahallasidan Rumtamjon Abdupattayev 1998 yilda tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, u Namangan Davlat universetining matematika fakultetini tamomlagan. Ayni paytda ishsizligi sababli amaliy ko‘mak berilishini so‘rab murojaat qildi. Yosh pedagog Norin tumanidagi 3-sonli umumta’lim maktabiga ishga olinishi ta’minlandi.

Shu yil mart oyida Bobur mahallasidagi Abdulla Qahhor ko‘chasi, 29-uyda yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida yashash xonadoni butkul yonib ketadi. Xonadon bekasi Irora Xoldorova deputat qabul o‘tkazayotganini eshitib, o‘z dardini xalq noibiga bildirdi. Uy-joyini qayta tiklashda yordam so‘ralgan ushbu murojaat ham o‘z joyida hal etilib, fuqaroga deputat tomonidan 5 million so‘m moddiy yordam berildi.

– Yoshim 39da, hozirda Norin pedagogika texnikumida hisobchi bo‘lib ishlayman, – deydi yana bir murojaatchi Xurshida Ahmadaliyeva. – Ikki nafar voyaga yetmagan farzandim bor. Afsuski, erim uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan. 13 yildan beri ota-onamning uyida yashab kelmoqdaman. Imtiyozli uy so‘rab qilgan murojaatimga ijobiy yechim topilganidan xursandman. Tumanimizdagi Navoiy dahasida yangi namunaviy tartibda qurilayotgan arzon uy-joylardan uch xonali xonadon subsidiya asosida ajratildi.

O‘zXDPning viloyat, shahar, tuman Kengashi deputatlari joylarda mana shunday amaliy natijalarga hamohang sayyor qabullarni muntazam ravishda tashkillashtirib kelmoqda. Zero, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish partiyaning saylovoldi dasturida ustuvor vazifalardan biridir.

 

Oqilxon Dadaboyev,

O‘zA

 
 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish