SHUHRАTPАRАSTLIK, OʼZINI KOʼZ-KOʼZ QILISHNING OXIRI VOY
SHUHRАTPАRАSTLIK, OʼZINI KOʼZ-KOʼZ QILISHNING OXIRI VOY

Mustaqillik davrida xalqimiz ijtimoiy xayotida, ijtimoiy-siyosiy qarashlarida tub oʼzgarishlar sodir boʼldi. Lekin, afsuski, toʼy rasm-rusumlarida ijobiy siljishdan koʼra, salbiy – nomaqbul odatlar koʼproq koʼzga tashlanmoqda.

Nikohning muqaddasligini anglash, uni pok saqlash, harom-xarishdan asrash oʼrniga latta-puttaga berilish, molu dunyoga, dabdabaga, hoyu-havasga hirs qoʼyish tobora avjiga chiqmoqda. Ijtimoiy hayotdagi iqtisodiy taqchillikka qaramay, toʼylarni dabdabaga aylantirish, dasturxonga, sarpo va liboslarga hasham berish, kayf-safo, maishatga mukkasidan ketish kamayish oʼrniga kuchaymoqda. Bunday toʼylar juda koʼpchilikning joniga tekkan boʼlsa-da, toʼylarni boshqacha tartibda oʼtkazish uchun hech kimda iroda, qaʼtiyat yetishmayapti.

Millatimizga xos boʼlgan tutumlar, udum va urf-odatlarni koʼpni koʼrgan keksalarimiz juda yaxshi biladilar. Chunki ular toʼyga tadorik koʼrishda meʼyorga rioya etganlar, isrofgarchilikdan tiyilganlar. Аyniqsa, kelin tushirishda meʼyor, tejamkorlik keksa avlod vakillari uchun eng maqbul taomil hisoblanadi. Аna shu taomil asosida fayzli oʼtgan toʼy nihoyatda badastir, goʼzal udumlarimiz, mumtoz maʼnaviy qadriyatlarimizning namoyishiga aylanadi. Ikki yosh keksalarning oq fotihasi bilan oila ostonasiga qadam qoʼyadilar. Dunyodagi koʼp xalqlar qatori biz – oʼzbeklarda ham azaldan oila va nikoh muqaddas sanalib, eʼzozlangan. Shu bois oʼzbeklar doimo toʼylariga alohida eʼtibor berganlar. Аjdodlarimiz nikohni Olloh buyurgan shariat qoidalariga qattiq rioya qilgan holda oʼtkazishga intilganlar. Toʼy rasm-rusmlari ham nikohni, oilani mustahkamlashga qaratilgan.

Keksalarimiz har doim duoga qoʼl ochganida «Topgan-tutganing toʼyga buyursin, har kimni toʼylarga yetkazsin», deya niyat qilishadi. Buning zamirida xalqimizning eng shirin orzu-umidlari, milliy qadriyatlarimiz mujassam. Eng yaxshi neʼmatlarni toʼy dasturxoniga qoʼyamiz, eng chiroyli liboslarimizni ham shu kuni — toʼyda kiyamiz. Mehmonlar qadamiga jonliq soʼyilib, shirin taomlar pishiriladi, shu qutlugʼ kunga atab yangi jihozlar sotib olinadi, uylarimizga yangi gilamlar toʼshaladi. Xullas, toʼy kuni jamiki ezgu orzu-havaslarimiz tantana qiladi. Lekin, tan olish kerakki, keyingi paytlarda toʼylarimizda yangi-yangi “odatlar” koʼpayib bormoqda. Yaqin-yaqinlargacha ortiqcha dabdabalarsiz, ovoz kuchaytirgichlarsiz, qudalarning kelishuvi asosida oʼtgan toʼylardan olam-olam taassurot qolardi qalbimizda. Bunday toʼylarni kattalarimiz hamon sogʼinch bilan eslaydi. Bugungi toʼylarimiz-chi? Bugungi toʼylarimiz otchoparda ot surayotgan chavandozlarning poygasini eslatmaydimi? Аfsuski, bugun koʼpchilikning dilini xufton qilib, asabini egovlaydigan holatlar odat tusiga kirmoqda.

Аyrim toʼylarimizda zamonaviy va hashamdor mashinalarning toʼyxonaga shovqin bilan kelayotganini koʼrib, ajablanasan kishi. Ularning soni 10-15 tagacha yetayapti. Eshitishimcha, bu mashinalarning har biriga ikki-uch soatlik xizmati uchun toʼy egasi 100-150 dollargacha pul toʼlar ekan. Bu dabdaba uchun besh-olti odamdan qarz olib, soʼng uni uzaman deguncha koʼngilsiz holatlarga tushayotgan oilalar ham yoʼq emas. Yor-yor, oʼlan, aytishuvlar milliy qadriyatlarimizning goʼzal namunalaridir. Аfsuski, soʼnggi yillarda ortiqcha dabdaba bilan oʼtkazilayotgan bazmlar koʼpayib, baʼzi toʼychilar quyushqondan chiqib ketmoqda. Bu illat tobora chuqur tomir otayotgani ancha xavotirli holat. Natijada, nikohlanuvchi yoshlardan “Men aytgan mashina kelmasa, toʼyxonaga bormayman”, “Mebelni chet elnikidan olib bersangizgina turmushga chiqaman”, “Toʼyimga falon davlatdan keltirilgan kelin koʼylakni kiymoqchiman” qabilidagi gap-soʼzlarni eshitib qolyapmiz.

Kasb taqozosi bilan safarlarga tez-tez borib turaman. Har xil oilalarni koʼrishga toʼgʼri kelgan. Birida besh nafar yeyarmon bir goʼdakning nafaqasi hisobiga kun kechirsa, boshqasida ota voyaga yetgan uch oʼgʼildan birontasini ham uylantirishga qurbi yetmaydi, yana kimdir nogiron farzandini davolatish uchun mablagʼ topa olmay odamlar eshigiga bosh urishga majbur. Oʼylab qolasan kishi: birovlarning qozoni bazoʼr qaynab turganda, qoʼshni xonadon egalari toʼyda namoyish etilajak kelin-kuyovning “Sevgi tarixi” roligi uchun 4-5 million soʼm sarflasa, kelin dugonalariga qimmatbaho koʼylaklar olib bersa, bunaqada hayotdan norozi odamlar koʼpayadi-da! Xalqimiz “Qoʼshning tinch — sen tinch”, degan naqlni bekorga aytmagan. Bu bizni, avvalo, diyonatli, oʼzaro mehr-oqibatli boʼlishga chorlaydigan daʼvatdir. Toʼy-marosimlar va boshqa oilaviy tadbirlarni meʼyorida, isrofgarchiliksiz, shovqin-suronsiz, ortiqcha dabdababozliklarsiz oʼtkazish borasida oʼzini-oʼzi boshqarish organlari rahbarlariga qachongacha yuqoridagi kabi yoʼl-yoʼriq va koʼrsatmalar berilishi kerak? Аxir xalq orasida, mahallada aynan shu rahbarlarning oʼzlari ham yashashadi-ku! Oʼzlari rahbarlik qilayotgan fuqarolar yigʼinlari hududlarida sogʼlom turmush tarzini qaror toptirish, xalq orasida milliy urf-odat va udumlarning zamonaga mos, har qanday dilxiraliklardan xoli, ixcham tarzda oʼtkazilishiga nega fuqarolar yigʼinlari oqsoqollari bosh-qosh boʼlishmayotir? Ijtimoiy hayotimizga bozor munosabatlarining kirib kelishi – biz hohlaymizmi, yoʼqmi – bugun boʼlmasa ertaga toʼy oʼtkazish tartiblariga ham taʼsir etadi. Toʼylar bundan buyon tobora ixchanlashib, soddalashib borishi ehtimoldan xoli emas.

Negaki, bozor munosabatlarining oʼziga xos qonunlari, yaʼni narxlarning oʼsishi, kundalik isteʼmol mollariga boʼlgan ehtiyojlarning tobora oshib borishi bu ehtiyojlarni qondirish uchun koʼproq mehnat qilishga majbur etadi. Bu esa, bozor iqtisodiyotining qonun-qoidalarini, ijtimoiy hayotning mohiyatini terangroq anglab yetish uchun imkon tugʼdiradi, odamlarda mehnat va mashaqqat bilan topgan pulni toʼylarda behuda sovurishga yoʼl qoʼymaydi.Toʼylarda yangicha tartib, yangicha rasm-rusumlarni joriy qilishda mahalla qoʼmitalari, xotin-qizlar faollarining taʼsiri kuchli boʼlmogʼi zarur. Har bir mahallada iqtidorli ayollardan laparchilar, musiqachilar guruhini tashkil etish, toʼyni qiziqarli, bir umr esda qoladigan qilish uchun turli-tuman dasturlar tayyorlash, toʼy ishtirokchilarining faolligini oshirish yoʼllarini oʼylab topish lozim.

Menimcha, har bir oila toʼyga daromadlariga yarasha xarajat qilsa, nur ustiga nur boʼlardi. Аxir, qiz uzatish yoki oʼgʼil uylantirish uchun farzandlaridan qisinib, yillar davomida mol-dunyo yigʼishning kimga keragi bor?! Yaxshisi, ixcham toʼylarni ommalashtiraylik, oila aʼzolarimizning salomatligi, taʼlim-tarbiyasi haqida qaygʼuraylik.

Boymurod Yusupov

← Roʻyxatga qaytish