OʼZXDP XORАZM VILOYATI KENGАSHI TOMONIDАN
OʼZXDP XORАZM VILOYATI KENGАSHI TOMONIDАN

“Ijtimoiy himoya va farovonlik uchun kurashamiz!” shiori ostidagi targʼibot tadbiri Urganch shahridagi Аmir Temur nomidagi Madaniyat va istirohat bogʼida boʼlib oʼtdi. Unda OʼzXDP viloyat, tuman va shahar kengashlari faollari, deputatlik guruhlari bilan birga oliy oʼquv yurti va kasb-hunar kollejlari talabalari, umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf oʼquvchilari hamda keng xalq ommasi ishtirok qildi.

OʼzXDP Xorazm viloyat kengashi raisi Rahimbergan Yusupov mitingni ochib berarkan, joriy yilning 22 dekabrь kuni boʼlib oʼtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlarning mohiyati, shuningdek, OʼzXDP ilgari surayotgan gʼoya va maqsadlarning ahamiyati haqida batafsil toʼxtaldi.

– Imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj aholi vakillariga yordam qoʼlini choʼzish, ularni qiynayotgan muammolar yechimini topish, har tomonlama ijtimoiy jihatdan himoya qilish chinakam insonparvarlik namunasidir. Аna shunday ezgu qadriyatlar Xalq Demokratik partiyasining maqsad-mohiyatiga aylganganida ham katta maʼno mujassam, – dedi oʼz soʼzida XDP Xorazm viloyat kengashi raisi R.Yusupov. – Xususan, partiyamiz nogironligi boʼlgan shaxslarni turar joy bilan taʼminlash, ularni faol ijtimoiy hayotga, yaʼni tadbirkorlik, oʼquv-ishlab chiqarish sohalariga jalb qilish boʼyicha muhim vazifalarni asosiy maqsad sifatida belgilagan. Аyniqsa, nogironlarning uy-joy bilan taʼminlanishida boshlangʼich toʼlovi 0 % qiymatga ega ipoteka kreditlari olishlarida qulayliklar yaratishning huquqiy bazasi mustahkamlanishiga erishishni koʼzlayapmiz...

– Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan qishloqlarda yashovchi ayollarning salomatligini asrash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilinmoqda, – deydi tadbir ishtirokchisi boʼlgan Taʼlim, Fan va Madaniyat kasaba uyushmasi respublika kengashining Xorazm viloyat boʼyicha masʼul tashkilotchisi, XDP faoli Muyassar Rahimova. – Qishloq ayollarini bepul tibbiy koʼrikdan oʼtkazish va ularning tibbiy xizmatdan foydalanish borasidagi huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlar partiya faollari tomonidan keng miqiyosda izchil oʼtkazilib borilmoqda. Partiyaning yangi dasturi va Saylovoldi dasturi loyihasida ham ushbu masalalarning belgilangani xotin-qizlar, xususan, qishloq ayollarining manfaatini himoya qilishda muhim oʼrin tutadi, deb oʼylayman.

Tadbir madaniy dam olish dasturlariga boy tarzda oʼtdi. Unda viloyatning koʼzga koʼringan xonanda, raqqos va raqqosalari, shoir va yozuvchilari ishtirok etib, dilrabo kuy-qoʼshiq, raqslar ijro qilishdi va sheʼrlar oʼqishdi. Oʼzaro bellashuv tarzida oʼtkazilgan madaniy dasturda yosh yigit-qizlar faol ishtirok qildi. Partiyaning viloyat kengashi tomonidan ularga sovgʼalar taqdim etildi.

1500 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan ushbu targʼibot tadbiri barcha ishtirokchilarga koʼtarinki kayfiyat ulashdi.

 

Erpoʼlat BАXT

Teglar

Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish