ONA TILIMIZ – QADRIYATLARIMIZ TIMSOLI
ONA TILIMIZ – QADRIYATLARIMIZ TIMSOLI

Uni avaylash, to‘g‘ri qo‘llash, boyitish har birimizning burchimizdir

Hayotxon ORTIQBOYEVA, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zXDP faoli:

— Onaning sehrli allasidek yoqimli, huzurbaxsh, hayotbaxsh qo‘shiq yo‘q. Har bir xalqning o‘z ona tilida aytilgan alla uning jismiga, ruhiga jon bag‘ishlaydi, ruhiyatiga, shuuriga, ma’naviyatiga nur, qalbiga mehr va g‘urur olib kiradi, uni ulg‘aytiradi, kamolga yetkazadi, inson sifatida shakllantiradi. Allaning mohiyatidagi ezgulik ohang bilan murg‘ak yuraklarga sizib kiradi, shu bois onamiz allasining munis ohangi so‘nggi nafasimizgacha dilimizda jaranglayveradi.

Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimizning timsoli, bebaho ma’naviy boyligimiz va buyuk qadriyatimizga aylangan. Shu tilda yaratilgan buyuk tariximiz, jahonni hayratga solgan mumtoz adabiyotimizning bebaho durdonalari, yorqin va jozibador san’atimiz, ming yillik maqomlarimiz, millatimizning barhayot qahramonlarini kuylagan dostonlarimiz asrlar osha olamni hayratga solib yashab kelmoqda. Ajdodlarimiz shu tilda ulkan ilmiy kashfiyotlarni yozib bizga meros qoldirgan.

Turkiy til bizga g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiydan meros, Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma»sini yaratgan til, dunyoning yarmini birlashtirib, markazlashgan buyuk davlat barpo etgan Sohibqiron Amir Temur ulug‘ Qonunlar bitgan til, tib ilmining bilimdoni Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari»ni yozgan til, Mirzo Ulug‘bek «Ziji Ko‘ragoniy» asarini yaratgan tildir. O‘zbek tilining bor qudrati, salobati, jozibasi va barhayotligining ildizlari ham buyuk tariximiz, jahonni hayratga solgan adabiyotimiz bilan chambarchas bog‘liqdir.

Oktabr oyining 21 sanasi mamlakatimiz, jamiyatimiz hayotida eng munavvar, eng xayrli, eng quvonchli kun sifatida muhrlandi. Bundan buyon bu qutlug‘ sana mamlakatimizda va xalqaro miqyosda «O‘zbek tili bayrami kuni» sifatida har yili katta tantana va shodiyonalar bilan nishonlanadi. Davlatimiz rahbarining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni xalqimizning, millatimizning ko‘nglidagi eng ezgu niyatlariga, orzulariga hamohang tarixiy hujjat sifatida dunyoga keldi, har birimizning qalbimizni cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ldirdi. Bayram kuni Prezidentimizning ma’ruzasida ushbu xushxabar yangragan lahzalarda ko‘nglimdan kechgan tuyg‘ularni, hayajonni ifodalab berishdan ojizman.

Ming yillik tariximizga nazar tashlasak, jannatmonand yurtimizni qayta-qayta bosib olgan yovuz kuchlar bizni millat sifatida yo‘q qilib yuborish maqsadida o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinimizdan judo qilishga uringanlar. Lekin imoni butun, matonatli xalqimiz eng og‘ir mashaqqatli davrlarda ham o‘z ona tilini – milliy g‘ururini omon saqlab qola oldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki bugungi avlodga yetkazib bera oldi. Men bir ijodkor sifatida 1989 yilda «Davlat tili haqida»gi Qonun loyihasining ikki marta xalq muhokamasiga tashlanganini, loyiha muhokamasi atrofidagi tortishuvlar, bahslar, munozaralarni yaxshi eslayman. Chunki ana shu qizg‘in munozaralarda davlat tili o‘zbek tili bo‘lishi lozimligi haqidagi takliflarimni qayta-qayta bildirganman. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun yurtimizda, ko‘nglimizda katta bayram boshlanganini his qilganman. Bu kun istiqlolimizga qo‘yilgan ilk qutlug‘ qadam ekanligini anglaganmiz o‘shanda.

Bugungi kunda xalqaro maydonda kun sayin obro‘-e’tibori yuksalib borayotgan, milliy yuksalish bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonimizni dunyoga tanitish, e’tirof ettirishda ona tilimiz muhim ahamiyat kasb etmoqda. Barcha sohalar bilan bir qatorda davlat tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani quvonarli holdir. Bu bilim maskanidan yetuk tilshunoslar, matnshunos olimlar, turkiy tilning bilimdonlari, folklorshunoslar yetishib chiqadilar, ular ona tilimizning rivojiga shubhasiz, katta hissa qo‘shadilar.

Bugungi kunda o‘zbek tili jahon minbarlarida baralla yangramoqda. Olimlarimiz, ijodkorlarimiz xalqaro anjumanlar minbarlaridan turib, o‘zbek tilida olamshumul ma’ruzalar qilmoqdalar. Jahondagi eng rivojlangan mamlakatlarning 60 ga yaqin universitetlarida o‘zbek tilimiz katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda. O‘zbek tili va adabiyotini o‘rganish bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan chet ellik olimlar va tadqiqotchilarning soni oshib borayotgani bizni quvontiradi. Yer yuzidagi millat va elatlar 7000 tilda so‘zlashadilar. Lekin shu tillar orasida 200 tilga davlat tili maqomi berilgan, xolos. Shu jumladan, o‘zbek tili ham davlat tili sifatida tan olingan. Shu boisdan ham qudratli va barhayot ona tilimiz bilan faxrlanishga haqlimiz.

Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu oliyjanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak, - deb ta’kidladi Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida.

Darhaqiqat, Farmon ijrosini ta’minlashda ona tilimiz obro‘sini oshirish va uning ahamiyatini yuksaltirish borasida hali ko‘p ishlar qilishimiz lozim. Yoshlarimiz bugungi kunda o‘z ona tilimiz bilan bir qatorda ko‘plab chet tillarni o‘rganmoqda. Globallashuv jarayonlarida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligini oshirish, turli sohalarda tilimizga chet tillardan kirib kelayotgan atamalarning o‘zbekcha muqobillarini yaratish va iste’molga kiritish vazifalari turibdi. Mamlakatimizning ta’lim-tarbiya muassasalarida turk, ingliz, xitoy, rus, yapon, koreys, nemis, ispan, fransuz, arab va hind tillari o‘rganilmoqda. Yoshlarimiz chet tillarini yaxshi bilishi ularning kamolotida katta ahamiyat kasb etadi. Lekin har bir yigit-qiz avvalo, o‘z ona tilisini mukammal bilishi va uni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi lozim.

Ba’zan atrofimizda shunday oilalar uchraydi. Ular o‘z farzandlarini birinchi sinfdanoq rus tilida ta’lim beriladigan maktabga joylashtirishga harakat qiladi. Chet tilini bolamizga o‘rgatishimiz yaxshi albatta, lekin o‘z ona tilini o‘rganmagan, o‘z tilida so‘zlashmagan bolada urf-odatlarimizga, milliy qadriyatlarga, o‘z tiliga bepisandlik bilan qarash paydo bo‘ladi. O‘z tilini yaxshi bilmagan o‘quvchida millatparvarlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari ham sust bo‘ladi. Bunday holatga aslo yo‘l qo‘yish mumkin emas. Farzandimiz avvalo, o‘z ona tilini mukammal o‘rgansin, uni hurmat qilsin, shunda u Vatanning qadriga yetadi, el-yurtiga sadoqatli bo‘lib ulg‘ayadi.

O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingandan beri o‘tgan davr ichida davlat tilini hayotimizda to‘laqonli joriy etish borasida bir qator ishlar qilindi, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishi choralari ko‘rildi. Lekin davlat tilini hayotimizning barcha sohalariga tatbiq etish borasida muammolar va kamchiliklar yo‘q emas. Joy nomlarini atash, nom berish masalalarida ayrim qo‘pol xatolar, milliy qadriyatlarimizga mos bo‘lmagan atamalar, joy nomlari uchraydi-ki, ular jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, turli kafelar, oshxonalar, kiyim-kechak va savdo do‘konlaridagi reklama roliklarida, fitnes, kompyuter klublari singari aholi to‘planadigan joylarning nomlari tilimizga yot bo‘lgan atamalar bilan nomlanmoqda. Hatto san’atimizga – yoshlarimiz ijro etayotgan zamonaviy estrada qo‘shiqlarimizga ajnabiy musiqaning sershovqin, talvasali ohanglari kirib kelmoqda, bu yoshlarimiz orasida «ommaviy madaniyatni» targ‘ib qilishga sabab bo‘layotir.

Tilimiz haqida yangi qabul qilingan Farmon hayotimizda uchrayotgan ma’naviyatimizga, qadriyatlarimizga yot bo‘lgan ana shunday noxush holatlarni tartibga keltirishga va bartaraf etishga ko‘maklashadi, deb o‘ylayman.

← Roʻyxatga qaytish