TILGA EHTIROM – ELGA EHTIROM
TILGA EHTIROM – ELGA EHTIROM

Baxtiyor ABDUShUKUROV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori:

— Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligi, madaniy-ma’rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi. Shuning uchun ham qachonki istilochi kuchlar el-yurtimizni o‘ziga qaram qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, uni o‘z tili va dinidan, tarixi va madaniyatidan, milliy g‘ururidan judo etishga uringan. O‘lkamiz qaramlik changaliga tushib qolgan istibdod davrlarida ona tilimizning rivojlanish imkoniyatlari cheklab qo‘yilgani hech kimga sir emas.

1989 yil 21 oktabrda el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam edi. Istiqlol yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat tiliga aylantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Xususan. o‘zbek tilida ish yuritish, hujjatlar tayyorlash bo‘yicha qo‘llanmalar yaratildi, mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya hamda lug‘atlar, darslik, o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi, 2003 yilga qadar «Atamashunoslik qo‘mitasi» faoliyat yuritdi. Vazirlar Mahkamasi qoshida tashkil qilingan ushbu qo‘mitaning samarali mehnati evaziga muxtoriyat, ma’muriyat, ma’mur, muqobil, hakam, tashrif, insonparvarlik, xususiylashtirish, boshboshdoqlik, qoldiq (saldo), iqtisodiyot, ma’lumotnoma, reja, dastur, uyushma, kengash singari juda ko‘p ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarga doir tushunchalar qaytadan qo‘llanishga kiritildi. Xorijiy terminlarni so‘z yasalish usullari (so‘z yasovchi modellar) asosida yangidan yuzaga kelgan yasamalar bilan almashtirish jarayonida o‘zbek tili lug‘at fondida oluvchi (adresat), jo‘natuvchi (adresant), tavsiyanoma (xarakteristika), buyurtma (zayavka), narxnoma (preyskurant), ma’lumotnoma (spravka), fuqarolik (poddanstvo), daxlsizlik (immunitet), ishbilarmon (predprenimatel), ta’mirchi (restavrator), ko‘rik-tanlov singari ko‘pgina terminlar mustahkam o‘rnini topdi.

Ayniqsa, keyingi uch yil ichida bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlarni alohida ta’kidlash lozim. O‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitish hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida 2016 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi buning yorqin isbotidir. Universitetda o‘zbek tili va adabiyotining xalqimiz ma’naviy rivoji, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, lug‘atlar, risola, o‘quv qo‘llanma va darsliklar nashr etilmoqda. Yetuk mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish va imlo qoidalarini takomillashtirish masalalariga katta e’tibor berilmoqda. Bu yerda o‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tili, noshirlik ishi, folklorshunoslik va dialektologiya, adabiyotturkologiya, oliy adabiyot kursi, gid hamrohligi va turizm kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilari tashabbusi bilan Amerika, Fransiya, Angliya, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Shvetsiya singari davlatlarning qator oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kurslari, fakultet va markazlar ochildi. Bir so‘z bilan aytganda, tilimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangray boshladi.

Ayni paytda, tilimizning rivoji, keng qamrovli qo‘llanishi, shuningdek, davlat va jamiyat hayotidagi ta’siri hamda mavqeini yanada oshirishga to‘siq bo‘layotgan qator dolzarb muammolar ham borki, ular kishi ko‘nglini xira qiladi. Bular:

- OAV, internet, xususiy ko‘ngilochar nashrlar, telekanal va radiokanallar, ba’zi idora hamda tashkilotlarda davlat tili qoidalariga amal qilmaslik;

- metro, ko‘chalardagi reklama, e’lon, bekatlar va avtobuslardagi yozuvlarda uchraydigan ko‘plab imloviy xatolar;

- qahvaxona, to‘yxona, do‘konlar, turli firmalar va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, garchi, xorijiy mablag‘lar yordamida ishlamasa-da, ularning chet tilida nomlanishi;

- mahsulotlar, tovarlar, jihozlar, uy-joylar, qurilish materiallari oldi-sotdisi, avtomobillarga servis xizmati ko‘rsatish shoxobchalari bilan bog‘liq e’lonlarning o‘zga tilda berilishi;

- teleboshlovchilarning shevaga xos so‘zlarni ishlatishi, ular nutqidagi uslubiy g‘alizliklar, ko‘rsatuvlar va kundalik muloqotlarda chet so‘zlarni aralashtirib qo‘llash, xususiy telekanallardagi ko‘rsatuvlarning ma’naviyatimizga yot mazmun va shaklda nomlanishi;

- «Davlat tili to‘g‘risida» va «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlardagi ayrim moddalarning bir-birini inkor qilishi;

- fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilining to‘laqonli qo‘llanmayotgani bilan bog‘liq masalalar;

- o‘zbek tilining shevalari, tarixiy taraqqiyoti bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash va hokazo.

Qolaversa, bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Shu ma’noda, Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori, 21 oktabr kuni hukumat miqyosida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimning tashkil etilishi va unda davlat rahbarining nutq so‘zlashi xalqimiz, avvalo, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana, qadriyatlarimizga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib boryotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, o‘zbek tili bayramining mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va g‘ururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda to‘laqonli joriy etishga xizmat qiladi. Prezidentimizning kuni kecha e’lon qilingan davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda muhim dasturi amal vazifasini o‘taydi. Mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ko‘zda tutgan, g‘oyat zurur paytda imzolangan mazkur farmonga muvofiq 21 oktabr sanasi «O‘zbek tili bayrami kuni» sifatida e’tirof etildi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. Farmonda departamentning asosiy vazifalari ham belgilab berildi. Xususan: davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat tilini rivojlantirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish; o‘zbek tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish; ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni iste’molga kiritish, zamonaviy atamalarning o‘zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash, geografik va boshqa toponimik ob’ektlarga qonun hujjatlariga muvofiq nom berilishi borasidagi faoliyatni monitoring qilish va muvofiqlashtirish; davlat tilini rivojlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Farmonga asosan «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqilishi, xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rgangan holda ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasini tashkil etilishi o‘zbek tilining davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqishida, shu bilan birga, atamalar unifikatsiyasini o‘tkazish, terminologik apparatning mukammalligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.

2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi loyihasini tayyorlash masalasi esa davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida bugun mamlakatimizda yana bir muhim qadam tashlanganining dalilidir.

Zikr etilgan dasturdan boshqa me’yoriy hujjatlarda kuzatilmagan mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish; xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarni ishlab chiqish va ularni keng miqyosda tarqatish, o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etish singari yo‘nalishlarning o‘rin olishi o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirishga ko‘maklashadi.

Darhaqiqat, bugun «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» qadam tashlayotgan mamlakatimizda davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biriga aylandi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.

Xulosa shuki, milliy ma’naviyatimizning o‘zagi, xalqimiz mavjudligi va tirikligining belgisi hisoblangan, qolaversa, bugun bizning kimligimizni butun jahonga namoyish qilayotgan boy tilimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz, uning kelgusidagi taqdiri uchun qayg‘urishimiz lozim. Zero, tilimizning rivoji mamlakatimiz taraqqiyotini taminlovchi omillardan biridir.

← Roʻyxatga qaytish