XALQ BIZNI O'ZGARTIRADI
XALQ BIZNI O'ZGARTIRADI

 

So'zimiz avvalida tan olishimiz kerak bo'lgan achchiq haqiqat shuki, qishloq va shaharlar o'rtasida tavofutlar, ijtimoiy tengsizlik kuzatiladi. Joylardagi vaziyatni yaxshilash uchun keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarur.

 

Ushbu islohotlarni odamlarni kasb-hunarli, ishli qilish, ya`ni daromadini oshirishdan boshlash eng maqbul yechim sifatida qaralmoqda. Mahallalarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi lavozimi joriy etildi. Buning uchun hududlardan nomzodlar ko'rsatilib, ular orasidan eng munosiblari saralab olinmoqda.

Mahallalarda ish boshlagan hokimlar yordamchilarining ayrimlari bilan bog'lanishga harakat qildik.

Ushbu vazifaga kirishganlar o'z ishidan rozimi? Ular yangi lavozimdagi majburiyatlarini qay darajada anglamoqda?

 

Shuhrat ZOKIROV, Nurota tumani hokimi yordamchisi:

— 12 yanvar kungi farmoyishga ko'ra, tumanning “Avazsoy” mahallasiga hokim yordamchisi etib tayinlandim. MFY uchta qishloqdan iborat bo'lib, 396 ta xonadonda 602 oila bor. Ularda 2250 nafar aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda xonadonma-xonadon 40 foizdan ortiq aholini xatlovdan o'tkazishga erishdik. Dastlabki o'rganishlarga ko'ra, 15-20 foiz aholining ishga va yordamga ehtiyoji bor.

Chekka hudud bo'lgani bois asosiy drayverimiz chorvachilik va issiqxnaga yo'naltirilgan bo'lib, qishloqdagilar bu borada kichik bo'lsa-da tajribaga ega. Xatlovni uch qatlamga bo'lgan holda olib boramiz. Ya`ni, sharoiti og'ir, o'rta va yuqori turuvchilarga ajratiladi. Birinchi urg'uni kambag'al qatlamga qaratyapmiz. Ularning yashash tarzi, sharoiti va muammolarini o'rganyapmiz. Avvalo, kredit olishga istagi borlarga yordam berishni maqsad qilganmiz. Chunki ularda tushuncha bor, o'z rejasiga ega. Faqat mutaxassislar maslahati va mablag'ga ehtiyoj sezadi.

Quyonchilik, asalarichilik yo'nalishlariga ham qiziqish bildirayotganlar bor. Har bir fuqaro bilan individual tartibda ishlab, ularga faoliyatini to'g'ri tashkil etish, mablag'ning qanday va nimalarga sarflanishi bo'yicha qo'shimcha ma`lumotlar berish dastlabki bosqichda rejalashtirilgan choralardir.

Shu kungacha mahallada 70 ga yaqin issiqxona qurilgan bo'lib, ularning yarmidan ko'pi subsidiya asosida bunyod etilgan. Issiqxonalarning aksariyatida rediska yetishtirilmoqda. Ularning realizasiyasi bilan bir tadbirkor shug'ullanadi. O'sha tadbirkor issiqxonani qurib, rediskaning urug'igacha keltirib beradi, aholining vazifasi esa ularni parvarishlashdan iborat. Mahsulotlarning ko'p qismi Toshkentga sotilyapti.

Mablag' jihatdan olsak, bir sotixlik issiqxona 12 million so'mga tushmoqda. Uch yil ichida bu kredit to'liq qoplanadi. Keyingi daromad 100 foiz oilaning o'ziga qoladi.

Ushbu mahallada ishsizlik soni ko'proq bo'lgani uchun issiqxona va chorvachilikdan tashqari biror-bir ishlab chiqarishga ham ehtiyoj bor. Ana shunda xotin-qizlar bandligi ta`minlanadi. Shu sababli tikuv sexi bunyod etish harakatini ham boshladik.

 

Zokir RO'ZIEV, Kasbi tumani hokimi yordamchisi:

— “Sohibkor” MFYda 1300 ta xonadon bo'lib, ularda 7400 nafar aholi istiqomat qiladi. Dekabr oyida ushbu vazifaga mas`ul etib biriktirilgan bo'lsam, hozirga qadar 30-40 foiz aholini xatlovdan o'tkazib bo'ldik. Shu oy yakuniga qadar ko'rsatkichni 100 foizga yetkazish niyatidamiz.

Agrar hududga kirgani bois, bu yerda asosan chorvachilik, asalarichilikni rivojlantirish ko'zda tutilgan. To'g'risini aytganda, buning uchun yoshlarda bilim yetishmasligini kuzatdim. Shu sababli ko'pchilik mavsumiy qurilish ishlarida daromad topadi. Bilamizki, qishloqning belini tik tutadigan yo'nalish bu dehqonchilik va chorvachilikdir. Biroq bugun ular ham ortga ketgan. Yaxshi hosil, kutilgan daromad olinmagach, odamlarning ko'ngli sovigan. Buning sababi esa ularda shu sohada bilim va tajriba yetarli emas.

Shu bois ishni yoshlarni o'qitish, qayta tayyorlashdan boshlamoqchimiz. Masalan, tikuvchilik navbatchi variant bo'lib qoldi. Natijada bozorini topishga qiynalib qolamiz. Shuning uchun zargarlik, payvandlash yo'nalishlarida ham kurslar tashkil etamiz. Qishloq xo'jaligi sohasini ham yaxshi, deb bo'lmaydi. Masalan, bizda bazo'r 30-35 sentner hosil olinsa, xorij tajribasida bu ko'rsatkich 70-90 sentnergacha ko'tariladi. Buning sababi o'zimizda yetarli bilim va innovasiya bo'lmaganida, deb bilaman.

Umuman, har bir muhim yo'nalishda, tadbirkorlikmi, kasanachilik yoki pazandachilikmi zamonaviy bilimlarni qo'llash, faoliyat turini ko'paytirish va kengaytirish bo'yicha o'zimizga yo'l xaritasini belgilab olyapmiz. Buning uchun tajribali mutaxassislarni jalb qilish niyatimiz bor. Shuningdek, “bir mahalla, bir mahsulot” tamoyili asosida bitta ko'chani parrandachilikka yo'naltirsak, boshqasini asalarichilik, chorva, kichik ishlab chiqarish, pazandachilik kabi ixtisosliklarga ajratgan holda ish olib boramiz.

Ayni paytga qadar kuzatishlarimizdan ma`lum bo'ldiki, odamlarda qiziqish bor. Faqat turtki kerak, qo'llov kerak bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, asosiy ishimiz, katalizator vazifasini bajarib, odamlarni mehnat va daromadga yo'naltirishdan iborat.

Bandlik yo'nalishida 4 yil rahbar bo'lib ishlagan bo'lsam, sayyor qabullarda qatnashgan ekanman, lekin xalqning ichiga kirib bormaganimni his qildim. Ularning haqiqiy hayoti bilan tanishish imkonim oshdi, qarashlarim o'zgardi. Chunki odamlar bilan ko'rishganimda ularning umid bilan qarashlarini sezdim. O'z reja va maqsadlarini amalga oshirish uchun vositachi sifatida baho beradi, ishonch bildiradi. Avvallari qilgan ishlarimda biroz yuzakilik kuzatilganini ham tan olishim kerak. Odamlarning, xalqning ichiga kirish nimaligini shu ishga o'tgach, anglab yetdim. Yana bir jihati, malakamni oshiradi va kelgusi kareram uchun xizmat qiladi, deb o'ylayman.

Xatlov jarayonida yonma-yon yurgan deputatlar, mahalla raislari, bandlik va boshqa tashkilotlar xodimlarining ham yordami katta bo'lyapti. Hokim yordamchisining 90 foiz vazifasi bandlikka ko'maklashish markazlarining ishi ekanini ham ta`kidlash lozim. Ayni paytda mahallaning har bir vakili bo'yicha pasportlarni tayyorlab olyapmiz. Qo'limizdagi xatlov asosida ishlarimizni tashkil etamiz va yaqin uch oy ichida natija ko'rsatishni maqsad qilib turibmiz.

 

Mahbuba MAMIROVA, Jizzax shahar hokimi yordamchisi:

— Amir Temur mahallasiga 10 yanvardan rasman hokim yordamchisi sifatida tasdiqlandim. Hududda 9000 dan ortiq aholi 1480 xonadonda istiqomat qiladi. Xatlov yakuniga qadar ularning soni ortishi ham mumkin. Chunki yangi mahalla bo'lgani bois ko'chib keluvchilar davom etmoqda. Shu kungacha 200 dan ortiq xonadonda xatlov o'tkazgan bo'lsak, ularning deyarli barchasida sabrli, shukri bor insonlar ekani kishini quvontiradi.

Ushbu vazifaga nomzodi qo'yilgan 4 kishi edik. Bir necha yillar davomida Sharof Rashidov tumanida mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash bo'limida birinchi o'rinbosar, xotin-qizlar masalalari bo'yicha hokim maslahatchisi sifatida ishlaganman. Shular inobatga olinganmi, bilmadim, mening nomzodim tanlanibdi. Chunki faoliyatim davomida odamlar bilan muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni o'rganish, xotin-qizlar bilan ishlash asosiy vazifalarimdan sanalgan. Hozircha Jizzax shahridagi 34 mahallaning ikkitasida ayol kishi yordamchi sifatida ish boshladik.

Mahallamiz tog'oldi hududda joylashgani bois asosiy drayverimiz chorvachilik va parrandachilikka yo'naltirilgan. Savolnomalar jamlangan kitob berilgan. Ana shu asosda odamlarning yashash tarzi, xohish-istaklarini o'rganib boryapmiz. Masalan, kimning tadbirkorligi bor, kimni sog'ligi yoki ish bilan bog'liq muammo qiynaydi, umuman, kimga qanaqa ko'mak kerakligi bo'yicha yo'l xaritasi tuzib chiqyapmiz. Barcha “daftar”larga kiritilgan kishilar bilan birma-birma suhbat qilinadi. Yo'l-yo'lakay kasb-hunarga o'qitish va boshqa masalalarda yordam berib ketilmoqda.

Ayni paytga qadar 5 nafar xotin-qiz issiqxona tashkil etishda yordam so'radi. Ularning bu borada tajribalari bo'lmagani bois dastlab bepul ravishda o'qitiladi va opa-singillarimiz kurslarni boshladi.

Bilasizmi, ayol kishiga qiyin emasmi, degan savolni berishyapti. Qanday bo'lishidan qat`i nazar, muhimi, ishni boshladik. Odamlar umid bildiryapti, ishonyapti. Ba`zilar “Saylovoldi uchrashuvlarda har bir xonadonda Prezident vakili yuradi, deyilgandi, o'sha sizlarmisizlar?” deb qabul qilishmoqda.

Yana bir gap. Qo'lida kollej yoki oliy ta`lim muassasasining diplomi bilan ish so'rayotganlar ham uchramoqda. Ularga mutaxassisligi bo'yicha ish o'rni va`da qila olmaymiz. Lekin boshqa takliflar beryapmiz. Istaganlar o'z biznesini boshlaydigan bo'lyapti. Xohishi yo'qlar ARGOS tizimida vakant o'rinlari haqida ma`lumotlarni kuzatib boryapti.

Bir so'z bilan aytganda, majburlash, biror bir ishga odamlarning istagisiz undash yo'q. Har bir fuqaroning xohishlari o'rganilib, qo'lidan nima kelishiga qarab, taqsimlanmoqda. Soha bo'yicha ish topa olmayotganlar daromad manbaiga ega bo'lishni jon, deb istashmoqda.

 

Zilola UBAYDULLAEVA,

“O'zbekiston ovozi” muxbiri.

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish