Komila KAROMOVA,
Qashqadaryo viloyati Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari:
— Prezidentimiz vazifasiga kirishgan birinchi kunlaridanoq ilk imzolagan qarorlari hali-hanuz yodimizda. Mazkur hujjat 2017-2021 yillarda qishloq joylarda hamda shaharlarda arzon uy-joylar qurilishi to'g'risida edi. Bu qarorlarning birinchisi 2016 yil oktyabr, ikkinchisi, noyabr oyida qabul qilindi. O'shanda o'zining boshpanasi, Vatani bo'lishini yillab orzu qilgan odamlarning cheksiz quvonchini ko'rsangiz edi. Keyin odamlarning og'irini yengil qiladigan qarorlar bilan birga dadil amaliy qadamlar shahd va shiddat bilan tashlana boshladi.
Esingizdami, o'shanda har kuni yangilik, har kuni bir xushxabar odamlar ko'ngliga yorug'lik olib kira boshlagan edi. Tarixda bo'lmagan, ammo yillab kutilgan qonunchilikning xuquqiy asoslariga poydevor qo'yila boshlandi. Bir kunda bir nechta muhim qarorlar qabul qilingan kunlar bo'ldi. Bir mahallar xalq vakili sifatida qaysi davraga kirmay, plastik qartochka muammolari ko'tarilar, saylovchilarimning haqli savollariga javob qaytara olmay qiynalganlarimni bugun eslasam… Tez orada plastik kartochkadan naqd pul olish muammosiga butkul chek qo'yildi. Insonlar istagan vaqtda, tunda-kunda bemalol naqd pul olish imkoniga ega bo'ldilar.
Inson yaxshi kunga tez ko'nikadi, deyishadi. Bu haq gap. Aqlni shoshirib qo'yadigan darajadagi bunyodkorlik bir sohani emas, xalq xo'jaligining hamma sohasini rivojlantirishni qamrab olayapti. Chunki kecha xalqning dardi, tashvishi, taklifi, arzini rahbar eshitadi, u bilan maslahatlashadi, deb hech kim o'ylamagan edi. Bugun mamlakat taqdiriga doir barcha masalalar fuqarolar ishtirokida hal etilmoqda. Qonunlardan tortib, hududning rivojlanish dasturlarigacha, barchasida fuqarolarning faol ishtiroki bor. Yaqinda qabul qilingan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi ham fuqarolarimizning daxldorlik tuyg'usi nechog'li baland ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Demokratik jamiyatda, fuqarolarning fikri asosida qabul qilingan har bir hujjat esa inson manfaatlariga xizmat qiladi.
“Ўзбекистон овози”, 9.02.2022, №6