Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvidagi nutqini eshitib, juda g'ururlandim, faxrlandim. Yangilanayotgan Konstitusiyada “O'zbekiston ijtimoiy davlat” degan tushuncha kiritilishi haqidagi taklif xalqimizga manzur bo'ladi, deb o'ylayman.
Prezidentimiz o'z nutqida “Bu Konstitusiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir”, deb aytdi. Albatta, xalqimizning barcha ezgu niyatlari, xohish-irodasi, huquq va burchi, hayotiy yashash kafolatlari Konstitusiyamizda o'z aksini topishi xalqimiz uzoq yillardan buyon ko'ngliga tugib kelayotgan niyatlarining ijobat bo'layotganidir.
Shu bois, barcha vatandoshlarimiz, siyosiy partiyalar faollari, barcha darajadagi deputatlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz befarq bo'lmasliklari, ushbu jarayonda faollik ko'rsatishlari kerak, deb hisoblayman.
Zotan, ijtimoiy davlat barpo etilar ekan, bu davlatda inson qadri ulug' ekanligi va hech kim e`tibordan chetda qolmasligi kafolatlanadi.
Endi qarang-da, bu nima degani ekan: ijtimoiy davlatda muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo'lgan iste`mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo'yilarkan. Shaxs va uning oilasi hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi berilarkan. Kambag'allikni qisqartirish, bandlikni ta`minlash, xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish davlatning fuqarolar oldidagi burchi bo'larkan. To'g'risi, bu gaplar, bunday g'oyalar menga yoqdi.
“Inson qadrini ulug'lash”, mehr va yordamga muhtoj aholini qo'llab-quvvatlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo'nalishi bo'lishiga aminman. Qisqa qilib aytsam, men bu masalada Prezidentimizga to'liq ishonaman.
Nimaga deysizmi? Asoslarim borda!.. Kasbi tumanida bu ishlar qanday amalga oshirilayotganini, ko'z oldimda ko'rganlarimni aytib beray. Tumanimizda uy-joyga muhtoj, farzandlarini yolg'iz o'zi tarbiyalayotgan 110 nafar ayol ro'yxatga olingan. O'tgan yili ana shunday onalarning 11 nafariga boshlang'ich to'lov badalini subsidiya asosida qoplab berish sharti bilan uy-joylar ajratildi. Joriy yilda ham ana shunday 20 nafar yolg'iz onalarga imtiyozli uy-joylar ajratib berish ko'zda tutilgan.
Shuningdek, hozirgi kunda tumanda ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand, lekin bir marta ham moddiy yordam olmagan 118 ta oilaning manzilli ro'yxati shakllantirilib, ularning har biriga 20 kilogrammdan bepul un tarqatildi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tashabbusi bilan ro'yxatga kiritilgan 55 nafar fuqaroga sog'lig'ini mustahkamlash, bolalarini davolatish, uy-joy ta`miri uchun va bir martalik moddiy yordam ko'rsatish uchun jami 107,8 mln. so'm mablag' yo'naltirildi.
Shularni yozyapmanu, o'ylanib qolyapman. Prezidentimiz har bir taklifni xalqimizning ko'nglini bilib, sezib berarkan-da… Hamma ko'zlagan marralari yaqin bo'lsin, Konstitusiyamiz eng insonparvar Qomuslardan biri bo'lsin.
Sulton HAMROEV,
O'zXDP Kasbi tuman kengashi raisi.
«O'zbekiston ovozi», 22.06.2022, №25