Davlat dasturida yarim yillik uchun 139 ta topshiriq belgilangan bo‘lib, 106 band ijrosi to‘liq bajarilgan. O‘z vaqtida ado etilmagan vazifalar deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan deputatlar taklif va tavsiyalar ham berdi.
Xalq vakillari tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy hokimiyat organlaridagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan Hukumatga alohida me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqish, uning nazoratini qat’iy amalga oshirishni taklif etdi.
O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasining Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov taqdim etdi.
Mazkur hisobot siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar yig‘ilishlarida ham eshitilgan, xususan, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan, partiya dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq masalalarda hukumat vakillariga savollar bergan edi.
Deputatlar, avvalo, hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilganini ta’kidladi. Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik so‘rovlariga berilgan javoblar ham chuqur tahlil qilingani qayd etildi.
Bu galgi hisobotning avvalgilaridan ajralib turadigan yana bir jihati shundaki, Hukumat bajarilgan ishlar bilan birga kelgusi yarim yillikdagi rejalar to‘g‘risida ham aniq raqamlar orqali ma’lumot keltirgan. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni ta’minlash yo‘lidagi ishlar batafsil bayon qilingan. Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsion muhitni yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini ko‘tarish borasidagi ishlar chuqur tahlil etilgan.
Fraksiya a’zolari Davlat dasturida ko‘zda tutilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘z vaqtida ishlab chiqib qabul qilish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh etish ishlari, dastur ijrosi samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Davlat dasturida yarim yillik uchun 139 ta topshiriq belgilangan bo‘lib, 106 band ijrosi to‘liq bajarilgan. O‘z vaqtida ado etilmagan vazifalar deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan deputatlar taklif va tavsiyalar ham berdi.
Xalq vakillari tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy hokimiyat organlaridagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan Hukumatga alohida me’yoriy-huquqiy hujjat ishlab chiqish, uning nazoratini qat’iy amalga oshirish taklif etildi.
Xayrullo RO‘ZMETOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Berilgan hisobotdagi raqamlarni tushundik. Harid qilish qobiliyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlardagi o‘sish sur’atlari ham ko‘pchilikka ma’lum. Lekin ayrim masalalarda faxrlanish emas, uyalishimiz kerak. Masalan, O‘zbekiston YaIM aholi jon boshiga hisoblanganda, 1490 AQSh dollariga teng bo‘lib, biz dunyo davlatlari orasida 147 o‘rinda ekanmiz. Qo‘shni Qozog‘istonda esa ushbu ko‘rsatkich bir necha yillar davomida 8 ming dollardan oshyapti.
Axir bizni boshqa davlatlardan nimamiz kam? Yer osti boyliklarimiz bo‘lsa, madaniyatimiz, tariximiz juda boy. Nega imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalana olmaymiz? Hisobotlarda trillion, million deyilaveradi, lekin xalqimizning farovonligi ana shunga mos ravishda oshmayapti. To‘g‘ri, bir-ikki yil oldin 149 o‘rinda edik. Ikki pog‘ona ko‘tarildik. Ammo bu ham yaxshi ko‘rsatkich emas.
Yer yuzida mamlakatlarning o‘rtacha yalpi ichki mahsuloti aholi jon boshiga hisoblaganda, 10,5 ming dollardan yuqori. Bu 4 kishilik oila yiliga o‘rtacha 40 ming dollar daromad ko‘rishi kerak, degani. Ana shunda biz yaxshi natijaga erishdik, xalqimiz farovon yashamoqda, deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi. Yalpi ichki mahsulot to‘g‘risidagi raqamlarning qanchalik to‘g‘ri ekani bizga qorong‘u. Balki hukumat o‘zini-o‘zi nazorat qilishi qiyindir. Shuning uchun yalpi ichki mahsulot to‘g‘risidagi raqamlarni mustaqil organ berishi kerak, deb o‘ylayman.
Yana bir masala. Joylarga chiqqanimizda tadbikorlarni, o‘z ishini ochganlarni qo‘llab-quvvatlash bir yoqda tursin, mahalliy davlat organlari tomonidan ezib, qiynash holatlariga haligacha to‘liq barham berilgani yo‘q. Masalan, kimdir kichkinagina axlat bosib yotgan joyni tozalab, uskuna o‘rnatib, yogurt ishlab chiqarmoqda. Uning qarshisiga hokim yoki uning o‘rinbosari kelib, «kadastring yo‘q, buzaman», deydi. Unga uncha, bunga buncha berish kerak va hokazo. Bu masalada qat’iy tizim yo‘q.
Odamlar uyida quyon boqyapti. Yer so‘rasa, berilmaydi. Qachon xalqqa chinakamiga yordam berish siyosati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi? Axir davlatimiz rahbarining talabi, ko‘rsatmalari davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishini izchil yo‘lga qo‘yishku...
Tursunpo‘lat NORBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Davlat dasturining ijrosi yuzasidan, mana, ikki chorakdan beri Hukumat hisobotini eshityapmiz. Lekin o‘tgan chorakda ham, bu chorakda ham Davlat dasturi bandlarining bajarilish muddati haqida hech nima yo‘q. Ertaga yil oxiriga borganda bajarildi, bajarilmadi, degan umumiy ma’lumotdan nima foyda?
Axir Davlat dasturi – davlat rahbarining talabi – xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti uchun qilinishi shart bo‘lgan masalalar jamlanmasi. Ularning ijrosi ustidan deputatlik, parlament nazoratini o‘rnatishimiz, hamkorlikda ishlashimiz, kerak bo‘lsa, yordam berishimiz zarur. Bir-birimizga umumiy gaplardan iborat ma’ruza o‘qish bilan hech narsaga erisha olmaymiz.
Masalan, Dasturda belgilangan, ammo bajarilmagan bandlar to‘g‘risida hisobotda ma’lumot yo‘q. Axir bu vazifalarning ortida xalq manfaati turibdi!.. Unga xiyonat qilishga esa haqqimiz yo‘q. Birinchi yarim yillikka mo‘ljallangan, ammo bajarilmagan bandlarning taqdiri qorong‘u bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, ishimizni qayta rejalashtirishimiz, yagona, yaxlit tizimga keltirishimiz lozim. Deputatlarni har bir masala, har bir band qiziqtiradi. Vazifalar bajarilmasligi yoki muddati uzaytirilishi sabablari ko‘rsatilishi kerak. Zero, biz xalq vakilimiz. Har oyda aholi bilan uchrashamiz. Ular Davlat dasturidagi ayrim vazifalar nega bajarilmadi, deb savol bersa, qanday javob beramiz? Savollarga javob yo‘q joyda ishonchsizlik kuchayadi. Shuning uchun o‘zimizga kerakli ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘lishimiz kerak.
Sattor RAHMATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Xabaringiz bor, deputatlar har oyda joylardagi saylovchilar bilan uchrashadi. Ularni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topishga, ko‘maklashishga harakat qiladi. Shunday holatlar borki, yillar davomida hal etilmay kelmoqda. Masalan, yo‘llarni olaylik. Ayrimlari sifatsiz bo‘lsa, boshqasi yillar davomida qurib bitkazilmaydi.
Davlat dasturida sohani tubdan o‘zgartirish maqsadida xalqaro standartlarga mos bo‘lgan me’yoriy hujjat ishlab chiqish masalasi qo‘yilgan. Ushbu jarayon qaysi bosqichga kelgani haqida xalqqa nima deymiz? Odamlarga mana shu kabi masalalar qiziq. Hukumat a’zolari ta’kidlaganidek, yo‘l qurilish uchun katta mablag‘lar ajratilmoqda. Afsuski, bu amalda ko‘rinmayapti, sezilmayapti. Qayerdadir “bo‘ldi-bo‘ldichilik” qabilida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida yo‘llar sifati talabga javob bermayapti. Aslida yo‘llar turiga, joyiga qarab me’yorlar asosida qurilishi zarur. Ayrim hollarda ertaga komissiya keladi, deb shoshma-shosharlik bilan bunyod etilayotgan yo‘llar borligini tan olish adolatdan bo‘ladi, nazarimda. Mana shu masalalarga chek qo‘yish, yo‘l qurilishi sohasida nazoratni kuchaytirish talab etiladi.
Aliya YUNUSOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Hozirgina ko‘tarilgan qurilish bilan bog‘liq masalani davom ettirgan holda, biz duch kelayotgan ko‘ngilsiz holatlarni aytib o‘tmoqchiman. Barchamiz yurtimizda ommaviy qurilish, bunyodkorlik jarayoniga guvoh bo‘lib kelyapmiz. Aholi turar joylari, turli ob’ektlar, elit, ya’ni oliy darajadagi uylar bir zumda qurilmoqda. Albatta, rivojlanish davrida aholi sonining ortishi kuzatiladi. Ularga qo‘shimcha uy-joylar qurish dolzarb masalaga aylanib boradi. Lekin ularning sifati haqida bosh qotirish muhim, deb hisoblayman.
Shu o‘rinda men, aholi uchun maqbul, ammo aslida hammaga ham maqbul bo‘lmagan uylarning sifati haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Birinchidan, o‘z nomi bilan maqbul deb atalayotgan uylar, u qadar maqbul emas. Ikkinchidan, ayrim uylarning sifatidan odam uyalib ketadi. Kechirasizlaru, shu boisdan Ohangaron tumanidagi ko‘plab yangi uylar bo‘m-bo‘sh turibdi. Bunday turar-joy binolarining aksariyati talabga javob bermaydi. Bu esa aholining o‘lgan qiziqishini yo‘qotmoqda. Avvalo, uylar joylashuvi, infratuzilmasi, tanlangan joyi to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Hali odam yashamasdan, ko‘chib kirmasdan turib eshiklari buziladi, deraza romlari yopilsa, ochilmaydi yoki buning aksi. Xonalar o‘rtasidagi g‘isht o‘rniga gipsokarton o‘rnatilgan. Ikkita xonada turgan odam bir-birining nafas olishini ham eshita oladi. Ayrim xonalarda elektr o‘tkazgichlari yo‘q. Yuvinish xonalari nosoz, suv quvurlari omonat qilingan. Bu ehtiyojmand shaxslar uchun qurilayotgan uylarning ahvoli talabga javob bermasligi bilan bog‘liq holatlar. Natijada kredit evaziga uy sotib olayotgan shaxslar darrov unga ko‘chib kirolmayapti. Sababi, yashash uchun yana bir qancha sarf-xarajat talab etilmoqda.
Shuningdek, Uy-joy kodeksida munitsipal turar-joy tushunchasi mavjud. Ya’ni, kredit evaziga ham arzon uy sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kishilarni boshpana bilan ta’minlash haqida o‘ylab ko‘rish kerakdir. Mamlakatimizda uy-joyga bo‘lgan talabni o‘rganish bo‘yicha aniq raqamlar bor bo‘lsa, ularning hajmi qanday? Mana shularni aniqlab, chora ko‘rish lozim. Biz faqatgina bir kvadrat metri 10 million so‘mdan oshiq bo‘lgan qimmatbaho uylarni qurishda davom etamizmi? Yoki ko‘p bolali oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yoki bo‘lmasa, hokimiyat balansida turadigan munitsipal uylar qurish haqida ham bosh qotiramizmi? Axir dunyoda hamma ham o‘z shaxsiy xonadoniga ega bo‘lmaydi.
Mazkur masala maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari va davlat mulki hisoblangan yo‘llar qurilishiga ham taalluqlidir. Kelinglar, xalq haqida o‘ylaymiz, deganda haqiqatdan ham ular haqida o‘ylaylik, ularga munosib sharoit yaratishga harakat qilaylik. Qurilayotgan arzon uylarga aholi ko‘chib kiradimi, ularning munosib hayot kechirishi uchun u yerda shart-sharoit yetarlimi, degan savollar atrofida bosh qotiraylik. Uylar joylashgan hududni transport, suv, gaz va yana boshqa yashash uchun zarur vositalar bilan to‘liq ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ham unutmaslik zarur.
Eshituvda yana qator masalalarda deputatlar keskin savollar, e’tirozlar, takliflar hamda tanqidiy-tahliliy fikrlarini bildirdi. Har bir masalada ochiq va oshkoralik vaqti kelganini ta’kidlashdi. Qilingan ishlar barchaga ma’lum, lekin bajarilmagan vazifalar taqdiri, ularning amaliyotga, hayotga tadbiq etilish muddati bo‘yicha aniq rejalar, chora-tadbirlar xususida bahs-munozaralar bo‘ldi.
Yig‘ilish bir-biridan rozi kayfiyatda yakuniga yetdi, deb o‘ylagan edik. Ammo hukumatning ayrim vakillari eshituvdan keyin deputatlar tomonidan bildirilgan e’tirozlar, berilgan savollar, aytilgan achchiqroq gaplardan noroziliklarini yashirib o‘tirmadi. Parlament vakillarining odamlarni norozi qilayotgan holatlar haqida ochiq-oydin gapirishi hukumat a’zolarining kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani e’tirozlardan bilinib qoldi. Masalan, Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Zokirov deputat unga ovozini ko‘tarishga haqqi yo‘qligi, u deputatning bolasi emasligini aytib, o‘zini oqlamoqchi bo‘lganday tuyuldi. Vazirlik va idoralar vakillari orasida parlament a’zolarining qat’iy e’tirozi, tanqidiy fikrlarini eshitishga toqati yo‘q kishilar hali ham borga o‘xshaydi. O‘ylashimizcha, parlament eshituvlari “hammasi yaxshi ketyapti”, degan yumshoq va soxta muhokamalar uchun emas, muammolarni aytib, ularga yechim topish yo‘llarini qidirish uchun o‘tkazilishi kerak. Har holda, hozirgi yuksak talab shunday.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.