Siz jamiyatga keraksiz!
Siz jamiyatga keraksiz!

 

Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo'qotganda, ishsizlikda, nogironlikda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo'lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta`minot olish huquqiga ega”. Bu taklif yangi Konstitusiyaning 39-moddasiga kiritilishi belgilanmoqda.

Yaqindagina ishga borib-kelib yurgan inson biron sabab bilan ishini yo'qotsa, keksalik payti kelib nafaqaga chiqsa yoki nogironligi sababli ishlay olmasa, ularning ko'nglidan nimalar o'tishini bir xayolimizga keltiraylik. Daromadimni yo'qotdim, endi oilamni qanday boqaman, ishlash layoqatiga ega emasligim sababli endi hech kimga kerak bo'lmay qoldim, qani endi men ham sog'lom bo'lganimda o'zim istagan sohada faoliyat yuritardim, degan tushkun kayfiyat ularni chulg'ab olishi tabiiy. Shunday paytda ozgina dalda, qo'llab-quvvatlash ularga katta kuch bo'ladi, albatta. Ularga “Siz bizga keraksiz, sizning tajribangiz, nasihatlaringiz bizga yo'l ko'rsatadi”, desangiz bir yoshi ulug' insonga bir qop tilla hadya qilgandek bo'lasiz. Beriladigan ta`minot esa jamiyatga kerakli ekanliklarini yodga soldirib turadi, desak mubolag'a bo'lmas.

Prezidentimiz Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvida nogironligi bo'lgan insonlar jamiyatning to'laqonli a`zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitusiyaviy huquq va kafolatlarini belgilab qo'yish insoniy burchimizdir, deya alohida ta`kidladi.

Xalqaro tajribada ishsizlik davri ob`ektiv sabablarga ko'ra, fuqaro ishsiz yurgan davr ijtimoiy ta`minot olish huquqi mavjud bo'lgan davr hisoblanadi. Mamlakatimiz qonunchiligi uchun bu davr ish qidirish bilan bog'liq bo'lib, uning uchun moddiy ta`minot berilishi belgilanmagan. Aytish kerakki, mazkur taklif xalqaro normalar bilan uyg'unlashtirish maqsadida ilgari surilgan.

Yurtimizda bir million nafarga yaqin nogironligi bor shaxs istiqomat qiladi. Konstitusiyaning 39-moddasiga kiritilayotgani ularni har jihatdan qo'llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yengillashtirish, hayotga qarashlarini yangilash, qonuniy ta`minotini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nogironligi bor shaxslar pensiya va nafaqalar olish huquqiga ega bo'lib, mehnat stajiga ega bo'lgan yoki ish paytida shikastlanganligi oqibatida nogiron bo'lib qolganlarga pensiya tayinlanadi, voyaga yetmagan, tug'ma nogironlar esa nafaqa olish huquqiga ega bo'ladilar. Bugungi kunda 400 ming nafarga yaqin nogironligi bor shaxs pensiya oladi. Nogironlik nafaqalari bugungi kunda ikki barobar oshirilgan. Yuqorida qayd etilgan qo'shimchalarning modda tarkibiga kiritilishi mamlakatimizda amaldagi vaziyatni ko'rsatadi, ishsizlar va nogironligi bor shaxslarning davlat tomonidan moddiy ta`minot olishi va O'zbekiston chinakam ijtimoiy davlat modelini ifodalovchi belgilarni mustahkamlab beradi.

Inson huquqlari Umumjahon deklarsiyasida har bir inson o'zining hamda oilasining salomatligi va farovonligini ta`minlash uchun zarur bo'lgan turmush darajasiga ega bo'lish, jumladan, kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatga ega bo'lishga hamda ishsizlik, kasallik, nogironlik, bevalik, qarilik yoki unga borliq bo'lmagan sharoitlarga ko'ra tirikchilik uchun mablag' bo'lmay qolgan boshqa hollarda ta`minlanish huquqiga ega, degan normalar mavjud. Ijtimoiy ta`minot masalasi Konstitusiyada mustahkamlanishi ana shu me`yorlar bilan o'zaro muvofiqlashtirilmoqda. Bu albatta, hukumatimizning har bir fuqaroga e`tibori birdek ekanligining yana bir namunasidir.

 

Abdulhamid Nurmatov,

O'zXDP Andijon viloyat kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi rahbari.

«O'zbekiston ovozi», 20.07.2022, №29

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish