Boshqaruvda nima muhim: yaxshi rahbarmi yoki yaxshi tizim?
Boshqaruvda nima muhim: yaxshi rahbarmi yoki yaxshi tizim?

 

Bu savolga javob turlicha bo‘lishini bilsamda sarlavhada uni bejiz ko‘ndalang qo‘ymadim.

5-6 yildan beri Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida qurilishni nazorat qilish inspeksiyasi (GASI) rahbari hisobotini eshitamiz, ammo sohada biror natijaga erisha olmaymiz. Har gal bahona bir xil – “ko‘p holda vakolatimiz yetmaydi”, “o‘rganamiz, chorasini ko‘ramiz”. Biroq bu idora tashabbusi bilan qurilish, loyiha sifatida keskin o‘zgarish bo‘lganini ko‘rmadik. Chunki sifat nazorati inspeksiyasi qurilish vazirligiga qaraydi, ya’ni o‘z kamchiligini ochishdan manfaatdor emas.

Keyin, besh yilda bu idorada uchta rahbar almashdi, ularning birortasi ham sohada kamchiliklarni yo‘qota olmadi, chunki tizim shunaqa: kamchilikni ko‘rsatsa – vazirga, ko‘rsatmasa – hokimga yomon ko‘rinadi. Eng yomoni, vazir uni bir kunda, bitta gap bilan ishdan olishi mumkin.

Deyarli barcha sohalardagi nazorat inspeksiyalari haqida shunday deyish mumkin. Bu lavozimlarda qanchalik ilmli, jasoratli kishi ishlamasin, tizim talabiga bo‘ysunishga majbur. Demak qonunchilikda bunga e’tibor berish zarur.

Boshqaruv tizimining murakkabligi shundaki, u hammaga birdek yoqmaydi. Chunki barcha sohada fidoyi va boqibeg‘am, mahoratli va mahoratsiz kishilar bo‘ladi. Uni faqat qonun va talab ustuvorligi barqaror ushlab turadi. Rahbarlikka kelayotgan kishida avvalo unga o‘zining tayyorligiga ishonch bo‘lsin. Egallagan lavozimidan ketishi ham mumkinligini his qilsin.

Boshqaruv tizimining asosiy talabi har kimning vazifasini aniqlab berish va uning ijrosi uchun har kimda mas’uliyatni oshirish. Mas’uliyat esa baholash lozim bo‘lsagina oshadi. Ya’ni, har kim o‘z ishini qilsin. Vaholanki, bizda yillar davomida noma’qul an’ana shakllandi: maktab direktori hasharga, rektorlar paxtaga, tashkilot rahbarlari g‘allaga javob berishdi. Sal xatosi uchun ishdan ham ketishdi.

Boshqaruv – jamoaviy jarayon. Uning har bir uchastkasi birdek ishlashi lozim. Mexanizm shunday yaratilishi kerakki, har bir uchastkaga baho berish mezoni bo‘lsin. Aks holda... biz tashkilot rahbari va hokimni, tarmoq rahbarini ishdan olamiz, lekin xatoga imkon yaratgan o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i yoki xodim joyida qolaveradi. Ehtimol, bunday paytda demokratik uslub – faqat hokimga emas, balki yetakchi tarmoqlar rahbarlariga ham iste’fo berish kerakdir. Aytaylik, barcha o‘rinbosarlar, moliya, soliq idoralari rahbarlariga ham.

Binobarin, bu usul sektorlar misolida sinab ko‘rildi va yomon natija bermadi. To‘rtta sektor rahbari bir-birini qo‘llab kelayotgan joylar yo‘q emas.

 

Sektorlar boshqaruvga nima berdi?

Bundan maqsad boshqaruv tizimini quyi bo‘g‘inga tushirish, muammolarni qishloqma-qishloq, mahallama-mahalla o‘rganish va hal qilish edi. Bunga muayyan darajada erishildi. Sektor shtablari qishloqda hokimiyatdan kichik, mahalladan katta, odamlar boradigan idoraga aylandi.

Asosiysi, yillar davomida shakllangan illat – hokimiyat, prokuratura, soliq idoralarining bir-birini tan olmaslik, aybni bir-biriga to‘nkash amaliyotiga chek qo‘yildi. Ular viloyat, shahar, tuman, aniqrog‘i xalq taqdiri uchun, muammo yechimi uchun barchasi birgalikda mas’ul ekanini tushunib yetdilar, bir-biriga xalaqit berishdan tiyildilar. Bu bor gap. Lekin nazarimda, bu tizimning turmushimizga singib ketishi mushkulga o‘xshaydi. Bu fikrni amaliyotdan kelib chiqib aytyapman. 

Birinchidan, to‘rtta idoraning ham an’anaga aylangan, shuurimizga singib ketgan konstitutsion vazifasi bor. Boshqa funksiyani ular jamoatchilik ishi deb tushunadi. 

Ikkinchidan, odamlarni murojaat qilishga mahalladan sektor shtabiga o‘rgatish uchun ancha vaqt kerak. 

Uchinchidan, sektor shtabiga jalb etilgan mutaxassislar hamon sektordagi faoliyati emas, balki asosiy ish joyidagi xizmat hajmi uchun hisobot topshiradi va maosh oladi. 

Boshqacha norma ishlab chiqilgan emas. Shuning uchun sektor shtabi a’zolari mahalla oqsoqoli bergan ma’lumotnoma asosida hisobot berishdan nariga o‘tmayapti. Bundan tashqari, sektor shtabiga jalb etilgan xodim ko‘pincha o‘z mutaxassisligiga xos bo‘lmagan ishlarni bajaryapti. Misol uchun, soliqchi – gaz balloni yetkazib berish, veterinar – yo‘lga shag‘al to‘kishni tashkil etish, bandlik vakili – obodonchilik bilan shug‘ullanadi. Oylik olmagan joyiga xizmat qo‘l uchida bo‘lish kayfiyatini ham unutmaylik.

Xulosa qilib aytganda, hokimdan boshqa sektor rahbarlarining zo‘riqib ishlayotgani sezilib qolyapti. Demak bu borada qonunchilarimiz, xususan adliya vazirligi o‘z so‘zini aytishi kerakka o‘xshaydi.

 

Lavozimda o‘tirish osonmi yoki ketish?

Albatta bu savolga turlicha javob bo‘ladi. Ammo davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS)ning tashkil etilishi davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda inson omilini yo‘qotishga birmuncha yordam berdi. “Birmuncha” deganimning sababi bor. Mazkur tizim orqali tanlovda yuqori ball olganlar ko‘pincha(!) suhbatdan “yiqiladi”. Yoki umuman test topshirmaganlar ham ishga qabul qilinadi. Agar idoralar buyruq nusxasini ARGOSga topshirmasa, bu holatdan hech kim xabardor bo‘lmaydi.

Hozircha suhbatda bizga ma’qul tushmasada, testda yuqori ball olganni ishga qabul qilishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Misol uchun Xalq ta’limi boshqarmasidan suhbatdan o‘tgan tuman XTB boshlig‘i yaqinda appelyatsiya orqali suhbat adolatsiz o‘tkazilganini isbotladi va ishga tiklandi. Suhbat oshkora bo‘lishi kerak. Aks holda, odamlarda bu demokratik jarayonga ishonch pasayadi. Lekin malakasi, intizomi yo‘q xodimlar faoliyatiga baho berish mezonini ishlab chiqishimiz kerak. Vaholanki, hali-hamon ko‘p idoralar o‘zlari “maqsadli” o‘tkazadigan attestatsiya usulidan foydalanmoqda. Bu holatda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining o‘z natijalarini himoya qilish vakolatini kuchaytirish kerakka o‘xshaydi.

 

Hokimda nechta o‘rinbosar bor?

Bitta holatni hisobga olmoq lozim. Garchi kimdandir nimanidir o‘rganayotgan bo‘lsakda, taraqqiyotni ta’minlashda O‘zbekiston o‘z boshqaruv tizimini shakllantirdi. Globallashuv jarayoni manaman degan davlatlarda ham boshqaruv tizimida qusurlar borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qaysidir sohalarda yirik islohotlar o‘tkazish jarayonlarida o‘sha tarmoq nufuzini ta’minlash maqsadida uning rahbarlariga qo‘shimcha vakolat berildi. 

Bu tajriba ish bermoqda, negaki o‘sha sohani boshqarish tizimi yangicha shakllanayotir. Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Byudjetdan maosh oladigan tashkilot rahbarlari ko‘paydi. Misol uchun, tuman hokimida 6-7 nafargacha o‘rinbosar bor, viloyat hokimlarida esa undan ziyod. Ularning yordamchisi, kotibasi, xizmat mashinasi, haydovchisi bor, ayrimlari davlat uyida turadi. Nozik tomoni shundaki, rahbar ko‘paygani bilan, birinchi rahbardan keyingilari, mentalitetimizga ko‘ra, oddiy xodimga aylanib qolaveradi, ya’ni masalani mustaqil hal qilmaydi. To‘g‘ri, ba’zi hokim o‘rinbosarlari faoliyati uchun baholash mezonlari ishlab chiqilgan. Lekin ular bu ishni bo‘lim boshlig‘i sifatida ham bajarishi mumkin. Yana bir nozik tomoni – bu o‘rinbosarlar ikki idoraga hokimlik va vazirlikka bo‘ysunadi. Yaqin sohalarni bir-biridan alohida qilgan sari ular rahbarlari o‘rtasida muammo yechimida byurokratik to‘siqlar paydo bo‘laveradi. Tajriba shuni ko‘rsatyapti.

Misol uchun, hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, tag‘in fermerlar uyushmasi bor. Vaholanki, bizda bu sohani boshqarish klasterlarga berilyapti. Agar e’tibor qilsangiz, ular berayotgan hisobotlar bir xil, faqat imzolar turlicha. Ehtimol, bu idoralar negizida, pillachilik, chorvachilik, veterinariya va kadastr xizmatini qo‘shgan holda bitta ixcham bo‘lim (departament desa ham bo‘ladi) tashkil etish kerakdir.

Moliyaviy tizimda ham pensiya jamg‘armasi, g‘aznachilik, moliya bo‘limi, bandlik bo‘limlari negizida alohida va ixcham bo‘lim shakllantirilsa, iqtisodga oid tashkilotlarini esa statistika bilan birlashtirib, bitta bo‘lim qilsa bo‘ladi. Faqat soliq idorasi xalqaro tajriba asosida alohida bo‘lishi mumkin.

Yo‘l qurilishi va undan foydalanish, ko‘kalamzorlashtirish, obodonchilik, “Toza hudud” idoralari negizida ham bitta bo‘lim barcha faoliyatni muvofiqlashtirishi mumkin. Bevosita hokimning o‘zi boshqaradigan ijtimoiy soha – ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport ishlari bo‘yicha bitta kotibiyat ham rahbarlikni eplay oladi. 

Yo‘q, men bu bilan faqat byudjet mablag‘ini tejash kerak, demoqchi emasman, yaqin sohalar bir-biriga bog‘liq holda rivojlanishi lozim. Bunda sun’iy byurokratik to‘siqlar ham yo‘qoladi. Xuddi shu ixchamlashtirish, ya’ni optimallashtirishni viloyat miqyosida ham o‘ylab ko‘rsa bo‘ladi.

Aslida rahbarlikning rag‘bati unga beriladigan qo‘shimcha vakolatda emas. Negaki, vakolat oshgani sayin har bir kishida himmat kamaya boradi. Rahbarlikning rag‘bati uning vazifasi aniqligi va manfaatidadir. Rahbarlik tizimi samaradorligining yana bir manbasi jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalaridir. Konstitutsiyaviy islohotlardan so‘ng ijro organlari, mahalliy kengashlar faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lishini ham hisobga olishimiz zarur.

Kamina boshqaruv tizimi haqidagi ushbu mulohazamda qonun va qarorlar, nizom va normalarni tahlil qilishdan yiroqman. Maqsadim mazkur sohada yuzaga kelgan jarayon asl holatni bayon etmoqdir. Chunki qonun hayotdan olinadi, hayot qonundan emas.

Qolaversa, tajriba shuni ko‘rsatmoqdagi tarmoqlar tizimi puxta bo‘lmasa, yaxshi rahbar ham zo‘riqadi. Zo‘riqish esa qo‘shib yozish va o‘zini ko‘rsatishga, oqlashga intilishga yo‘l ochadi. Rahbar bilan ishi bitmagan xodimlar alam ustida bir-biriga jahl qila boshlaydi.

Deyl Karnegi, Amir Temur asarlari, “Avesto”, “Qobusnoma” o‘z yo‘liga, ammo faylasuflar, ruhshunoslar rahbarlik tizimining real jarayoni psixologiyasi haqida hayotiy xulosa va takliflarni aytishi zarur deb hisoblayman.

Asosiysi, ko‘pchilik bo‘lib mushohada qilsak, o‘zimiz yashab turgan jamiyat rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Farmon TOSHEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist,

O‘zA.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish