Qarsakda haqiqat yoʼq, haqiqat – muloqotda
Qarsakda haqiqat yoʼq, haqiqat – muloqotda

 

Inson uchun so'z, fikrlash va muloqotning ahamiyati haqida Alisher Navoiydan o'tkazibroq hech kim aytmagan:

“So'zdurki, nishon berur o'lukka jondin”

Gapirmaydigan odamning quruq tanadan, o'likdan farqi qolmaydi. Boshqaniku, mayli, til, muloqot bo'lmasa odam o'zini tushunmaydi. Ming yillar davomida qancha mehnat, mashaqqatlar bilan bunyod etilgan dunyoning tub asosida ham fikrlash, muloqot turadi. Muloqot ko'ngillar qulfini ochib, mamlakatni, butun olamni obod qiladi.

 

Buyuklik – muloqotdan

Qadimgi tamaddunlar ming yillar uzoqda qolgan bo'lsa ham, oddiyligi, tabiiy jozibasi, qandaydir sirliligi bilan odamni hayajonlantiradi, hayratga soladi. Masalan, qadimgi Gresiya, Rim haqida o'qiganda, filmlar ko'rganda nimadir hikmat qidiramiz. Ularning buyukligi muloqot bilan ham bog'liq.

Miloddan ancha avvalgi asrlarda kundalik hayotga doir muhim masalalar bozorlarda muhokama etilgan, keyinchalik bilim, munozara, taklif, qonun-qoidalar muhokama etiladigan markazlar – Agoralar shakllangan. Ular bora-bora nafaqat iqtisodiy, shu bilan birga, ma`muriy markazlik ham qilgan.

Qadimgi Rimda ham bozorlar asosida shakllangan Forumlar jamiyatning turli qatlam vakillari muloqot qiladigan, fikr almashadigan, yashash qoidalari birgalikda belgilanadigan markazlar vazifasini bajargan. Forumlar keyinchalik xalq kengashlari o'tkaziladigan siyosiy markazlarga aylanadi.

Agoralardagi arxeologik qazishmalar u yerda odamlar juda qadimdan yashab kelganini isbotlovchi dalillarni ko'rsatgan. Odamzod eng boshidan bir bo'lib, ko'rib-kuzatib, gaplashib, fikr, taklif almashib yashashga intilgani, o'sha zamonlar uchun yetuk taraqqiyot darajasiga erishgani avvalo, muloqot mevasidir.

Buyuk yunon madaniyati, Rimning ulug'ligi fikrlashish, munozaradan, muhokamaga ochiqligidan kelganga o'xshaydi. Yunonlarni, Rimni legionlar, gladiatorlar emas, muloqotga ochiqlik buyuk qilgan, desak bo'ladi.

 

Tarix shaxslarni, shaxslar yangi tarixni yaratadi

Yunonlarda, Qadimgi Rimda senat, parlament shakllangan zamonlarga kelib, muloqotga ochiqlikning yana bir muhtasham siri ochilib boshlangan. Muloqot, erkinlikka sadoqat buyuk shaxslar unib-o'sishiga kafil, mehribon ona bo'ladi.

Xalq-mamlakat fikrga ochiqlik, erkinlikni qadriyat, an`anaga aylantirsa, shu muhitda yetishib chiqqan shaxslar bir kun kelib nafaqat xalq-mamlakatni, butun olamni turli bilimlarda yangi, yuksak martabalarga ko'tarib chiqadi. Gomer, Gerodot, Gippokrat, Suqrot, Aristotel, Arximed… Ular ham kichkinaligida ko'cha changitib chopib yurgan bolalar edi. Erkinlik, muloqot, bilim uchun ochiq muhit bo'lmasa, qo'r bo'ladigan qadriyatlar shakllanmasa, buyuklar emas, sal kattaroqlari ham yetishib chiqmaydi.

Agoralar, forumlar, parlamentda nafaqat odamzod qanday qoidalar asosida yashashiga, davlatu jamiyat rivojlanishiga taalluqli muhim masalalar muhokama qilinadigan mo'`tabar makon, ilg'or fikrlar, baland qadriyatlar, metin xarakterlar manbai ham bo'lgan. Changli va tutunli shahar markazida joylashgan muloqot binolaridagi munozaralardan yon-atrofga, butun mamlakatga ma`rifat, qadriyatlar ham oqib chiqqan.

Senat, parlament majlislari o'tkazilayotganda asosan eshiklar ochiq turgan, shaharning iqtisodiy, ma`muriy, siyosiy markazida hunaru mehnatda, bozor-o'charda, ibodatda, ilm va yangilik talabida yurgan jamoatchilik, turli qatlam vakillari qanday masalalar ko'rilayotganini, kim nima haqida gapirayotganini bilib turgan. Qaror qabul qiluvchilar ham bundan boxabar ish tutgan. Jamoatchilikning kayfiyati, munosabati qarorlar qabul qilinishiga ta`sir eta olgan, tayanch va asos bo'lgan.

Xalq bilan davlat orasida g'iybat emas, samimiy muloqot va o'zaro tushunish, yovlashish emas, do'stlashish, buzg'unchilik emas, birlashish taraqqiyot kafolatiga aylangan, hamjihatlik, zavq uyg'ongan.

Aristotel aytadiki, muloqotdan zavqlanish do'stlikning asosiy belgisidir.

 

Muloqot yo'qligi mudhishlik keltiradi

Insoniyat, sivilizasiyalar tarixidan ma`lum, turli tomonlar bir-biri bilan ochiq gaplashmagan, muntazam muloqot o'rnatilmagan jamiyatlar, davlatlar ezgulik, taraqqiyot nuqtai nazaridan tayinli bir narsaga erisha olmagan. Davlat bilan fuqaro, xalq o'rtasida real muloqot yo'qligi davlatning o'zini muammoga aylantiradi, oddiy odamlarning turmushini og'irlashtirib, tafakkurini majruh qiladi.

Fashizm nafaqat bir xalq, bir mamlakat, balki butun odamzodga mudhishlik keltirdi, millionlab kishilarning yostig'ini quritdi. Muloqot institutlariga yo'l berilganida, ehtimol, qonlar to'kilmas, qirg'inlar ro'y bermasdi.

Qadimgi zamonlar, ilk o'rta asrlardagi no'noq saroylardagi kabi sovuqlik izg'ib yuradigan markazning mavhum maqsadlariga o'ralashib qolgan sovet ittifoqi davlat bilan fuqaro gaplashmasligi, real muloqot qilmasligi qanday og'ir oqibatlarga olib kelishiga eng tushunarli misol bo'la oladi. O'sha zamonlarda katta-katta sovetlar parlament vazifasini bajarib, go'yoki xalq xohish-irodasini ifoda etardi. Lekin qahratonda paxta dalasida qaltirab turgan bolalaru ayollarning ko'nglidan nima o'tayotgani bilan johil siyosatning ishi yo'q edi. Aytish bor, buyurish bor, talab qilish bor, xirmon to'ldirish bor, ammo muloqot, buni ta`minlashi kerak bo'lgan institutlar bo'lgan edimi?..

O'zi xonligu amirliklar davridagi asosiy ko'rgiliklarimiz ham aynan muloqot, tushunish, tushuntirish, jamiyat miqyosida fikrlash rivojlantirilmagani oqibatida ro'y bergan bo'lsa kerak.

O'tmishni davolab bo'lmaydi, mayli, yaqin-yaqingacha bo'lgan davrda ham xalq bilan davlat, amaldorlar va fuqarolar o'rtasida real muloqot hosil bo'lmagani iqtisodiy, huquqiy, siyosiy muammolar to'planib qolishiga olib kelgani bejiz emas.

 

Yangi davr mazmuni

Prezident Shavkat Mirziyoevning xalq bilan muloqot g'oyasi O'zbekiston davlatchiligi tarixida yangi davrni boshlab bergani yaqqol ko'rinib turibdi.

Muloqotga, xalq oldida hisobdorlikka asoslangan islohotlarning tomiri insoniyat tarixidagi eng yaxshi davlatchilik tajribalaridan, turli mingyilliklar, turli asrlarda yashab, ma`rifat uchun, taraqqiyot uchun borlig'ini baxshida qilgan buyuklar o'gitlaridan suv ichib turibdi.

Xalq bilan haqiqiy, samimiy muloqot Yangi O'zbekiston g'oyasining tub mazmunidagi muhim va tayanch tushunchalardan hisoblanadi.

Ilgari hokimni, amaldorlarni yillar davomida bir ko'rmagan uzoq qishloqdagi odamlar hozir sayyor uchrashuvlarda bemalol gaplasha olyapti. Odamlarni ko'rsa, qovog'idan qor yog'adigan huquq-tartibot idoralari rahbarlari sabr bilan eshitishga, tushunishga, baqir-chaqir qilib buyruq berishga emas, gaplashib muammolarga yechim izlashga odatlanyapti. Murojaatlarni eshitishdan, hal etishga kuch topishdan boshlangan muloqot amaldorlarni ham, fuqarolarni ham o'zgartiryapti. To'g'ri, o'zgarish bir xil joyda yaxshi, bir xil joyda sekin ketyapti. Tushunganlar natija qilyapti, tushunmaganlar orqaga tortyapti.

Fuqarolar faol munosabat bildirayotgan, odamlarni o'ylantirib turgan muammolar birma-bir hal qilinishi, yengilliklar berilishi ta`kidlanib, birinchi yangilik “tonirovka” haqida bo'ldi.

Yaxshi xabar bir zumda respublikaga tarqaldi, dunyodagi yurtdoshlarimiz eshitdi. Yarmi tekin bo'lgani bilan hamma mashinalar oynasi qoraytirib olingani yo'q, asosiysi, millionlab vatandoshlarga yaxshi energiya, kayfiyat tarqaldi. Kayfiyat ishtiyoqni, ishtiyoq jamiyatda mehrni, zavqni oshiradi. O'qituvchining bolalarga, shifokorning bemorga, dehqonning dalaga, odamning odamga mehri kuchayadi. Murojaatlar bosqichidan demokratik muloqot bosqichiga kirib kelinmoqda.

Yangiliklar bu hafta ham davom etdi. Twitter, WeChat, Vkontakte O'zbekiston bo'ylab qaytadan to'siqlarsiz ishlay boshladi. Bitta Twitterning o'zida bir kunda qancha fikr, qancha taklif, qancha ibrat, qancha hasrat, qancha quvonch, qancha zavq qo'shiladi? To'sib qo'yish qiziqib, zavqlanib gaplashib turgan ikki odamning o'rtasiga tosh otishdek xunuk ish. Qadim davrni xayolga keltirsak, agora va forumlarda muhokama qilayotgan insonlarni ko'chaga quvib solishday gap. Ijtimoiy tarmoq avvalo muloqot makonidir.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot. Shifokorlar bilan ochiq muloqot. Yaqinda yana tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo'ladi.

Prezidentning 2022 yil 29 iyul kuni aytichilar bilan muloqotida yuzaga kelgan ochiqlik muhitida ko'p mulohazalar, takliflar aytildi. Sohada yosh iqtidorlarni aniqlash bo'yicha Prezident tanlovini o'tkazish tashabbusi qo'llab-quvvatlandi. Yasmina ismli yosh aytichi qiz bilan bir necha daqiqa davom etgan samimiy muloqotda butun respublikadagi yoshlarni ruhlantiradigan taklif yuzaga chiqadigan bo'ldi.

O'z vaqtida o'tkazilgan bitta muloqot nafaqat bitta sohani, balki davlat va mamlakatni o'zgartirishi mumkin.

 

Kengash, avvalo, muloqot qilish degani

Odamlarni eshitib, pastga tushib, mahallalarga, oilalarga borib ishlash talabi ikki kunlik to'ydek o'tib ketadigan tadbir emas, albatta. Har bir hududda xalq bilan hamnafas bo'lib ishlash, muammolarni markazga jo'natmay, gazak oldirmay joyida hal qilish imkoniyatini yaratish uchun keyingi yillarda muhim, og'ir masalalar hal etilmoqda.

Ilgari maktab yoki shifoxonaning derazasini almashtirishga puli bo'lmagan mahalliy hokimiyatning moliyaviy imkoniyatlari avvalgiga nisbatan ancha yaxshilandi. Bir paytlar o'ta markazlashtirilgan, byurokratlashtirilgan ko'plab masalalar hududlarning o'zida hal etilishiga hozir sharoit hosil bo'ldi. Katta imkoniyatlarga ega bo'lish javobgarlikni ham oshirish kerak. Shuning uchun mahalliy hokimlik, ijro organlarining hududiy tuzilmalari xalq deputatlari Kengashlari oldida mas`uliyatli bo'lishi uchun qonunlarga bir qator yangi me`yorlar qo'shildi. Natijada hududlarda davlat idoralari va mahalliy jamoatchilik o'rtasida muayyan muloqot muhiti, demokratik kayfiyat yuzaga keldi.

Taraqqiyot strategiyasida xalq deputatlari Kengashlarini muammolarni hududlarning o'zida hal etishda muhim institutga aylantirish bo'yicha maqsad aniq belgilangan. Bu masala Prezident taklifi, xalqimizning faol qo'llab-quvvatlovi bilan Konstitusiyaviy islohot darajasiga ko'tarildi, hokimliklarning o'z qobig'iga o'ralib qolishi va deputatlarning asosiy mas`uliyatni ijro idoralariga ag'darishiga chek qo'yilmoqda, hokimlik va xalq deputatlari Kengashlari nihoyat o'z yo'liga tushib olmoqda.

Hokimlarning hududlarda mutlaq vakolatlarga ega bo'lishi birinchi navbatda joylarda muloqot, ochiqlik muhitini o'ldiradi. Xalq deputatlari Kengashlari hududning muammosini o'zi hal qilishga urinadigan boshqaruv instituti emas, ko'proq qo'l ko'tariladigan yoki soxta qarsak chalinadigan maydonga aylanib qoladi.

Xalq bilan muloqotni yangi darajaga ko'tarish, hududlarda mas`uliyatni kuchaytirish uchun xalq deputatlari Kengashlarining muloqot, fikr va taklif almashish masalalaridagi ahamiyatini oshirish zaruratga aylangan. Muloqot mamlakat taqdirini hal qilishda qanchalik ahamiyatli institut ekanini buyuk tarix isbotlagan.

Keyingi yillarda xalq deputatlari Kengashlarida, 6 ming nafardan ortiq deputatlarda, yana bir necha o'n ming mutasaddilarda, asosiysi, odamlarda fikr, dunyoqarash o'zgardi, muloqot madaniyati shakllandi. Xalqimiz Konstitusiyaning 99-moddasi bo'yicha taklifni qo'llasa, sessiyalar o'lda-jo'lda o'tmaydi, haqiqiy muloqot maydoniga aylanadi. Demokratik muloqot madaniyati, siyosiy-huquqiy ma`rifat Kengashlardan hududlarga, mahallalarga, oilalarga yoyiladi, yuraklardan-yuraklarga o'tadi.

 

Parlament muloqot maydoniga aylanmoqda

Jorj Bayron “men parlamentni va munozaralarni yaxshi ko'raman”, deganida qanday parlamentni nazarda tutgani ko'pchilikka ma`lum.

Hamma narsa so'zsiz qo'llanadigan parlamentdan zerikarliroq joy bo'lmasa kerak. Chunki bunda befarqlarcha, nomiga qo'llash kayfiyati kuchayib ketishi xavfi bor. Parlament majlislarida shunchaki o'tirib, qo'l ko'tarib ketadigan a`zolardan ko'ra fikrga, muloqotga undaydigan, qaysarroq, hatto ezmaroq a`zolar ko'p marta tuzukroq. Hech kim parlament zerikarli bo'lishini istamaydi, shuning uchun ochiq, samimiy muloqotga tashna parlamentni rivojlantirish yo'lidagi harakatlar turg'unlik holatiga tushib qolmasligi juda muhim.

Prezident yangi davrdagi islohotlarning boshlanishida “Parlament demokratiya maktabiga aylanishi kerak”ligi haqida mazmuni chuqur fikrlarni bildirgan edi.

Bu har bir deputat o'qishda, o'rganishda, tahlil qilishda, fikr bildirish va muloqot qilishda butun jamiyatga o'rnak bo'lishi kerakligi bilan ham bog'liq masala edi.

O'zgarishlar, albatta, ko'p. Aksariyat hukumat a`zolari, vazirlik-idoralar rahbarlari lavozimga kirishishdan oldin parlament, siyosiy partiyalar fraksiyalari tasdig'idan o'tyapti. Hozir deyarli har hafta hukumatning biron a`zosi, birorta vazir yoki qo'mita rahbari o'z yo'nalishi bo'yicha hisobot berayotganiga guvoh bo'lyapmiz.

Mana, yaqinda Bosh vazir o'rinbosari Jamshid Qo'chqorov boshchiligidagi hukumat a`zolari parlament quyi palatasida davlat dasturi ijrosining borishi bo'yicha hisobot berdi. Fraksiya a`zolari, deputatlarning savollari, fikr-mulohazalari natijasida ijobiy muloqot kayfiyati, demokratik muhit kuzatildi. Hukumat parlament bilan mamlakatni rivojlantirishning dolzarb masalalari bo'yicha gaplashganini turli axborot vositalari orqali butun mamlakat bildi. Ya`ni, hukumat nafaqat parlamentga, mazmuniga ko'ra, xalqimizga hisob berish, gaplarini, rejalarini aytish imkoniga ega bo'ldi. To'g'ri, shu kuni parlament va hukumat ideal darajada muloqotga kirishmagandir, lekin muhit, kayfiyat, demokratik mas`uliyat bir necha yil oldingilaridan tubdan farq qilayotgani shaxsan menga sezildi.

Bu – yaxshilik alomati. Hukumat mulozimlari parlamentga kelganda majlis zallari ortida xalqimizning sinchkov va sezuvchan nazarini his qilib, muloqotga mas`uliyat bilan kirishishga o'tmoqda.

Keyingi vaqtlarda deputatlar murojaatlarni hal etishda ta`sir kuchini oshirishga erishdi. Parlament a`zosi borgan aksariyat tadbirlarda hudud hokimi boradigan, deputat bilan yonma-yon turib, hududlardagi masalalar bo'yicha fikrlashadigan, ochiq-oydin muhokama qiladigan bo'lmoqda.

Avvallari hokimlar, amaldorlar o'zini deputatlardan ancha katta olardi, xuddi o'zini ish beruvchidek tutardi. “Deputatga bepisandlik xalqqa bepisandlik”, degan qat`iy mazmundagi uqtirishlar va shunga munosib jarayonlardan keyin nafaqat hududlarda, balki markaziy idoralarda parlamentga nisbatan munosabat o'zgardi. Har holda hozir uncha-muncha hukumat a`zosi, vazirlik-idoralar rahbarlari parlamentga kelib, bir zamonlar bo'lgani kabi dimog'dorlik qila olmaydi. Ilgari deputatlar ne bir vazirlarning qabuliga kirishi amri mahol edi.

Deputatlar saylovchilari, juda bo'lmaganda mahalladoshlari oldida mas`ul ekanini bilib turibdi. “Deputatman, boshqacha fazilatli odamman”, “rahbariyatning nazaridaman”, deb kekkayadiganlar qolmagan bo'lsa kerak.

Xalq bilan muloqot bosh tamoyili, shuningdek, Oliy Majlis rahbariyati tavsiyalari asosida deputatlar har oyda, ba`zida haftada bir marta o'z okrugiga yoki boshqa bir hududga borib, tadbirlar, o'rganishlar o'tkazib kelyapti. Bu nomiga emas, aniq maqsad bilan borib-kelish bo'lyapti. Hozir qaysi bir deputatni ikki og'iz gurungga tortmang, gap ora “buncha murojaatim bor”, “vazirlikka chiqishim kerak”, “hokim bilan gaplashdim”, “so'rov tayyorlashim, maqola munosabat yozishim kerak”, degan rejalari eshitilyapti. Bu ham yaxshilik alomati.

Albatta, deputat yo'l qurmas, ketmon chopmas, lekin odamlarning ko'zi, qulog'ida turgan masalalardan doimiy xabardorlik, kuyunchaklik juda zarur. Shunda muntazam aloqa, muloqot rivojlanib, ijtimoiy-siyosiy rishtaga aylanadi. Bu rishta mamlakatimizning barcha hududi bo'ylab demokratik muloqot muhiti yoyilishiga, o'zaro birdamlik va g'amxo'rlik tuyg'ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Senatning yangicha muloqot uslubi

Birov bildi, birov bilmadi: shu kunlarda Senatimiz jamoatchilik bilan muloqot qilish bo'yicha yangicha formatda ishlashga o'ta boshladi.

Ko'pchilik e`tiborida turgan masalalar senatorlar tomonidan tezkor o'rganilib, mas`ullardan qachon hal etilishi masalasi so'ralyapti. 23 iyul kuni G'afur G'ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida olib borilayotgan ishlar joyiga chiqib o'rganilib, bog' joriy yilning birinchi sentyabridan ishlay boshlashi haqidagi mutasaddilar va`dasini jamoatchilikka yetkazdi. 25 iyul kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi Namanganga kelin bo'lib kelgan, internet tarmoqlarda intervyusi keng tarqalgan Chinora Abdievaning fuqarolik masalasini o'rganishga kirishganini ma`ul qildi. O'tgan hafta, shuningdek, jamoatchilik ko'p e`tiroz bildiradigan vazirlik-tashkilotlar faoliyati bo'yicha jiddiy tanqidiy muhokamalar o'tkazildi. Bu ham jamoatchilik fikri, munosabati asosida ish tashkil etishning, fuqarolar bilan bilvosita muloqotga kirishishning amaliy misolidir.

 

Muloqotda samimiyat masalasi

Cherchillning “Biz katta voqealar va kichkina odamlar davrida yashayapmiz”, degan gapida chuqur ma`no bor.

“Xalq bilan muloqot” tamoyilini vaqtinchalik kampaniya, deb tushunib, odamlar bilan nomiga gaplashadigan, o'rganishlar va qabullarga erinib borib-keladigan mutasaddilar ezgu islohotlarni obro'sizlantirishi mumkin.

Me`yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, ulardan odamga, hayotga nima foyda, qanday manfaat ekanini tushuntirishi kerak bo'lgan mas`ullar jamoatchilik ichiga kirib nima deyishi, o'zini samimiy tutishi nihoyatda muhim. Elchilik, har xil odam bor.

Uchrashuvlar, muloqot tadbirlari ko'p. Ammo muayyan tadbirlar zerikarli, samarasiz o'tishiga, jamoatchilikning salbiy munosabati shakllanishiga mutasaddilar ham sababchi bo'layotgani afsuslanarli hol. Odamlarning oldiga tayyorgarliksiz, to'rt varaq ma`lumotni, tayyor yo'riqnoma va tavsiyalarni o'qimasdan, nima haqda gapirayotganining ma`nisiga yetmasdan, jonini qiynamasdan jamoatchilikning, ayniqsa, yoshlarning hafsalasini pir qilayotgan mutaxassisu mas`ullar islohotlarni olg'a siljitish o'rniga, orqaga tortadi.

OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda bildirlayotgan ba`zi munosabatlarning jonsizligi, nomigaligi, poyintar-soyintarligi, qaerlardandir yig'ib-terilgani, soxta e`tiroflarga to'lib ketganligi yaxshi belgi emas. Ba`zi mutaxassisu mutasaddilar o'ziga berilgan, haq to'lanadigan, ishonilgan muhim vazifalarni bajarish o'rniga soxta mulozamatga mukkasidan ketayotgani odamni o'ylantirib qo'yadi.

Bir uchrashuvda davlatimiz rahbari “qarsakda haqiqat yo'q, haqiqat – muloqotda”, deganida rivojlanishimiz uchun soxtalik emas, tabiiy, samimiy muloqot qanchalik muhimligi uqtirilgandi.

Islohotlarni qo'llashni shunchaki aytish bir narsa, shu islohotlarni hayotga tatbiq etish uchun astoydil intilish, kerak joylarda kurashish umuman boshqa narsa, albatta. Soxtalik, mug'ombirlik, Cherchill nazarda tutgan kichkinalik uchun chora yo'q, insofni hammaning o'ziga bersin.

 

Odamlar bilan odamlar

“Saltanat ishlarining to'qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat…” Amir Temurning shu tuzugi qanchalik to'g'ri ekanini dalillash uchun tom-tom kitob yozish mumkin.

Fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanmasligi demokratik muloqot muhitini susaytirib, so'ndirib boradi, ochiqlik, samimiylik o'rnini, soxtalik egallaydi, mulohazalar emas, qarsak ko'payadi. Tarixda bunday jamiyatlar, bunday davrlar oz bo'lmagan.

Odam bir narsaga hayron qoladi. Fuqarolik jamiyati institutlarini, vakillik hokimiyatini obro'sizlantirishga urinilgan holatlarda qandaydir xursand bo'ladigan mulozimlar bor. Hatto siyosiy partiyalarni samarasiz, umidsiz tashkilot sifatida ko'rsatishga urinadiganlar, shu holida o'zini katta olim sanashlariga ishtiyoqmand mutaxassislar ham uchrab turishi o'yga toldirib qo'yadi. Lekin bu eskirgan, o'zini oqlamagan, umri tugagan qarash. U suvlar allaqachon oqib ketdi, muloqotdan qochish, muammolarni yashirish yaxshilik keltirmagan.

Yangi islohotlar davrida fuqarolik jamiyati institutlari, OAV rivojlanishi jamiyatimizda demokratik muloqot muhiti kengayishida muhim omillardan biriga aylandi. Buning uchun muhim qonunlar, qarorlar qabul qilindi. Avval tasavvur etib bo'lmagan o'zgarishlar kuzatilyapti. Konstitusiyaviy qonun loyihasiga ham ko'plab takliflar, mulohazalar bildirildi.

Tabiiy o'sish ketyapti. Fuqarolik jamiyati institutlari ichki transformasiya jarayonini boshidan o'tkazyapti. Demokratik islohotlarda, taraqqiyot maqsadlariga erishishda o'zining o'rni va mas`uliyatini tobora chuqurroq his qilmoqda. Jamiyatda fikr almashish, takliflarni bildirish, davlatning aholi turli qatlamlari bilan muloqoti samaradorligini yanada oshirish uchun fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati bo'yicha strategik hujjat ishlab chiqishning vaqti kelgandir, ehtimol.

Muloqot masalasida davlatning mas`uliyat, tashkilotchiligi, albatta, muhim. Lekin jamiyat ham o'zi bilan o'zi muloqot qilishni, davlat bilan bog'liq bo'lmagan masalalarni o'zi hal etishni o'rganishi zarur. Nafaqat xalq bilan davlat, balki odamlar bilan odamlar bir-birini tushunishi ham juda muhim. Fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatda zavqni, do'stlik va samimiylikni oshiradi.

Yangi O'zbekiston zerikarli emas, qiziqarli jamiyat bo'ladi. Birga ko'ramiz.

 

To'lqin To'raxonov.

«O'zbekiston ovozi», 3.08.2022, №31

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish