Hayot boshqa, qonun boshqami?
Hayot boshqa, qonun boshqami?

 

Mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini ta`minlash hamda oila institutini yanada takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Qonun hujjatlarini zamonga moslashtirish, fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olishni hayotning o'zi taqozo etmoqda.

Shu ma`noda, deyarli chorak asr avval qabul qilingan, bevosita FHDYo sohasini tartibga soluvchi Oila kodeksini ham takomillashtirish, ayrim o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish zarurati yuzaga kelgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 21 iyunida qabul qilingan, Senatning 4 avgust kungi yig'ilishida rad etilgan «O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o'zgartishlar kiritish to'g'risida»gi qonun loyihasi Hukumat tomonidan shu maqsadda ishlab chiqilgan edi.

Hozirda keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan mazkur qonun loyihasining mazmuni qanaqa, aholiga qanday qulayliklar yaratadi, jamiyatdagi qanday muammolarni yechimiga xizmat qiladi, degan savollar javob topish dolzarb bo'lmoqda.

Bugungi kunda nikoh tuzish nikohlanuvchilar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy o'tgach amalga oshiriladi. Faqat alohida hollarda va uzrli sabablar mavjud bo'lganda ushbu muddatni qisqartirishga yo'l qo'yiladi. Alohida hollar va uzrli sabablar qonunlarda aniq belgilab berilmaganligi sababli amaliyotda bu talab turlicha talqin qilib kelingan va nikoh muddati turli asoslarga ko'ra qisqartirilgan.

Bundan tashqari, nikohdan o'tish uchun bir oylik muddat belgilanganligi, bu muddatni qisqartirish bir muncha rasmiyatchiliklar bilan bog'liq ekanligi ko'pchilikning nikoh tuzmasdan oila sifatida yashashiga olib kelmoqda. Buning natijasida yuridik jihatdan otalikni belgilash ishlarining soni ham ortib bormoqda.

Muddatni qisqartirish uchun asos bo'luvchi holatlar aniq belgilanmaganligi sababli qonun normasi amaliyotda turlicha qo'llanilmoqda.

Xususan, nikohdan o'tish uchun FHDYo organlariga 2021 yilda 311 mingdan ortiq ariza berilgan. Shundan 5,8 mingga yaqin (1,4 %) arizalar bo'yicha 3 oy davomida turli sabablarga ko'ra nikoh qayd etilmagan bo'lsa, 2021 yilda qayd etilgan 305 mingdan ortiq nikohlarning 50 mingga yaqini (16,5 %) bir oylik muddat qisqartirilgan holda qayd etilgan.

Shundan, 23 mingta (46%) homiladorlik, 15 mingta (28,8 %) bola tug'ilganligi uchun hamda 12 mingta (25,2 %) nikoh kasallik, xizmat safari va boshqa sabablarga ko'ra bir oylik muddat qisqartirilgan.

Bu raqamlar oddiy raqamlar emas, bu raqamlar odamni o'ylantirib qo'yadi. Qonun bir tomonda, hayot o'z tomonida qolib ketmayapti, degan achchiq savol tug'iladi.

Nikohni qayd qilishda quyidagi salbiy holatlar ham uchramoqda:

Birinchidan, nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini turli asossiz, ya`ni nikohlanuvchilarning qarindoshi bo'lmagan shaxslarning kasalligi haqidagi belgilangan tartibda tasdiqlanmagan ma`lumotnomalar, kelinning homiladorligi aniq bo'lmagan ma`lumot (UZI xulosasi), xususiy korxonaning xizmat safari haqidagi buyrug'i, nikohlanuvchilarning umumiy farzandlari bo'lmagan bolalarning tug'ilganlik haqidagi guvohnomalari va boshqa sabablarga ko'ra qisqartirish;

Ikkinchidan, fuqarolar tomonidan FHDYo organlariga soxta tibbiy ma`lumotnomalar taqdim etish;

Uchunchidan, FHDYo va sog'liqni saqlash organlari tomonidan ortiqcha qog'ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yo'l qo'yish;

To'rtinchidan, bir oylik muddatni kutishni xohlamagan fuqarolar sha`riy nikoh asosida yashab, farzandli bo'lgandan keyin FHDYo organlariga tug'ilganlik holatini qayd etish uchun murojaat qilishmoqda.

Oqibatda bolaga nisbatan otalik belgilash holatlari yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2020 yilda 49 mingga yaqin otalik belgilangan bo'lsa, 2021 yilda ushbu ko'rsatkich 56 mingdan ortiqni tashkil etgan.

«O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o'zgartishlar kiritish to'g'risida»gi qonun loyihasida nikoh tuzish uchun talab etiladigan bir oylik muddatni bekor qilib, tibbiy ko'rik yakunlari bo'yicha nikohni qayd etish, shuningdek, nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan bo'lsa yoki nikohlanuvchi shaxslar o'rtasida farzand bo'lsa yoxud ayol nikohlanuvchi shaxsdan homilador bo'lgan hollarda, tibbiy ko'rikdan o'tishni ixtiyoriy etib belgilash nazarda tutilgan edi.

Taklif etilayotgan yangi normalar nikohni qayd etish tartibini yanada soddalashtirishga, nikohlanuvchi shahslarga qo'shimcha qulayliklar yaratishga hamda nikohni o'z vaqtida qonuniy rasmiylashtirish orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, ortiqcha rasmiyatchilikning hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qilishi belgilangan.

Senat tomonidan rad etilgan ushbu qonun loyihasining izohida oila qurishdagi bir oylik majburiy muddatning mavjudligi nikohdan o'tuvchilarning o'z qarorlarini puxta o'ylab ko'rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o'tishga yo'l qo'ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin qilingan. Lekin, o'zi 1 oylik majburiy muddat shundoq ham amaliyotda inson omilini rag'batlantiradigan, korrupsiya uchun shart-sharoit yaratadigan norma edi. Tibbiy ko'rikdan o'tish talablariga qanchalik amal qilinayotgani holati ham quvonarli emas.

Amaldagi norma haqiqatda ishlyaptimi? Ishlayotgan bo'lsa, shuncha irsiy kasalliklar bilan tug'ilayotgan bolalar qaerdan paydo bo'lyapti? Bu norma korrupsiyani rag'batlantirmayaptimi? Ajralishlar, boshqa oilaviy muammolarni bartaraf etishda ushbu norma haqiqatda yordam beryaptimi?..

Xalqaro amaliyotda tartibga solish ta`sirini baholash bo'yicha tadqiqotlar, amaliy misollar yetarlicha. Qandaydir baxtsiz xodisalarni oldini olish uchun insonlarga cheklovlar qo'yilishi aks ta`sir etib, o'sha ko'ngilsizliklarni ko'paytirishga xizmat qilishi ham mumkin.

O'ylashimcha Oila qurishdagi bir oylik majburiy muddatning mavjudligi qoidasi ehtimol 1998 yilda nikohlanuvchilar yaxshilab o'ylab ko'rishi uchun kiritilmagan. Ushbu muddat Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga ariza berganlarning boshqa nikohi bormi-yo'qmi, shuni tekshirish uchun kerak bo'lgan. Buning uchun hamma FHDYoga xat chiqarilib, javobi kutilgan. Hozir buni elektron tizim orqali sanoqli daqiqalarda aniqlasa bo'ladi. Shu sababli bu qoida o'zining asl funksiyasini bajarmayotganligi uchun bekor qilish maqsadga muvofiq bo'ladi, deb o'ylayman.

 

Bobur Mirzo To'xtaev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi katta referenti.

«O'zbekiston ovozi», 10.08.2022, №32

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish