Xalq ta’limining yuksalish yo'llari
Xalq ta’limining yuksalish yo'llari

 

Ta`lim tizimini yanada rivojlantirish Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan eng asosiy vazifalardan ekani hayotda ko'rinmoqda. Maqsad – Yangi O'zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko'nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o'zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo'lib shakllanishiga erishish.

Bu xayrli maqsadga erishish uchun maktablarning o'quv dasturlari, o'qitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta ko'rib chiqish bo'yicha ishlar boshlab yuborilgan. Prezidentimizning O'qituvchi va murabbiylarga yo'llagan tabrigida ham muhim masalalar xaqida so'z bordi.

Inson kapitaliga sarmoya kiritish, ta`limni isloh qilish, maktab infratuzilmasini takomillashtirish, o'qituvchilik kasbining mavqeini va ta`lim sifatini oshirish, farzandlarimizni har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, ertangi kunimiz suyanchi va tayanchi bo'la oladigan insonlar sifatida kamol toptirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Buning ifodasini sohada zamonaviy pedagogik texnologiyalar, rivojlangan davlatlar tajribasi keng qo'llanayotgani, ta`lim-tarbiya jarayoni innovasion yondashuvlar asosida olib borilayotgani, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, multimedia vositalaridan oqilona foydalanilayotgani, xalqaro miqyosda ham ta`lim va tajriba almashuv jarayoni izchil rivojlanib borayotgani kabi istiqbolli odimlarda yaqqol ko'rish mumkin.

Yurt iqtisodiyoti barqaror, har tomonlama raqobatbardosh bo'la olishi ham asosan kadrlarning salohiyatiga bog'liq. Bunday kadrlar esa, eng avvalo, maktabda shakllanadi. Yaxshi yo'lga qo'yilgan ta`lim tizimi sifatli kadrlarni, sifatli kadrlar esa rivojlangan jamiyatni barpo etadi. Mamlakatimiz o'z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo'ygan ayni paytda inson kapitaliga sarmoya kiritish, ta`limni isloh qilish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. «Yangi O'zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi», degan ezgu g'oya asosida umummilliy ta`lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga katta e`tibor qaratildi.

Respublikamizning barcha hududlarida Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari tashkil etilib, ularga eng malakali mutaxassislar jalb etildi. Shuningdek, maktablarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, barcha hududda zamonaviy o'quv maskanlari barpo etilmoqda. Xususan, 2022-2026 yillarda xalq ta`limi tizimini rivojlantirish bo'yicha Milliy dastur qabul qilingani, maktab ta`limini isloh qilish bo'yicha Milliy kengash va uning hududiy bo'limlari tashkil etilganini alohida ta`kidlash zarur. Ayni vaqtda O'zbekiston tarixida birinchi marta boshlang'ich sinflarda fanlarni o'zlashtirish darajasini aniqlaydigan nufuzli xalqaro baholash dasturlari yo'lga qo'yildi. Joriy yilda davlat byudjeti hisobidan barcha zamonaviy sharoitlarga ega 51 ta yangi maktab bunyod etildi. Shuningdek, 1660 ta maktabda qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirilib, 119 mingdan ortiq o'quvchi o'rni yaratildi. Shu bilan birga, 465 ta maktab uchun qo'shimcha o'quv binolari, 115 ta sport zali va maydonchalari barpo qilinganini qayd etish lozim. Ta`lim maskanlariga 35 mingdan ziyod qo'shimcha o'quv jihozlari to'plami yetkazilib, 1 ming 900 ga yaqin maktabning infratuzilmasi tubdan yangilandi. 2,5 mingdan ziyod sinfxona 31 mingta zamonaviy kompyuterlar bilan ta`minlandi. Yangi o'quv yilidan boshlab respublikamizdagi 137 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilishi natijasida nogironligi bo'lgan yuzlab bolalarning faol bilim olishiga sharoit yaratildi.

O'qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni 300 mingdan oshgani ta`lim sifatiga ijobiy ta`sir ko'rsatishi shubhasiz. Ayni paytda maktablar uchun zamonaviy o'quv dasturlari va darsliklar yaratish bo'yicha YuNISEF, YuSAID xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlarning tajribali ekspertlari ishtirokida keng qamrovli izlanishlar davom ettirilmoqda.

Jamiyatda muallimning mavqeini, o'qituvchilik kasbining nufuzini oshirishga katta e`tibor qaratilayotir. Jumladan, pedagoglar oylik maoshining 1,5 barobar oshirilgani buning dalilidir. Ta`kidlash joizki, o'qituvchiga hurmat-ehtirom jamiyatni o'zgartirishdan boshlanadi. Shu bois, aynan xalq ta`limi sohasidagi islohotlarni boshlashda qo'yilgan eng katta vazifa ham jamiyatda ustozning nufuzini oshirish bo'ldi. Avvallari o'qituvchi deganda ko'z oldimizga dalada paxta terayotgan yoki obodonlashtirish bilan shug'ullanayotgan insonlar kelardi. Hatto shunaqa holatlar bo'ldiki, maktab o'qituvchisi mahalliy o'g'it tashish yoki bitmay qolgan namunaviy uylar atrofini tozalashgacha jalb qilindi.

O'qituvchi faqat maosh olish uchungina bu kasbni tanlamaydi. Bolalarga mehr qo'ygan, sohaga fidoyi, o'zining ishini yaxshi ko'rgan insongina o'qituvchi bo'la oladi. Ko'pgina fidoyi o'qituvchilar eng qiyin paytlarda maktabni tark etmaganining boisi ham shunda. O'qituvchilikni sharaf deb bilgan, kasbining mashaqqati ortidan rohatlangan ustozlarni har birimiz hayotda uchratganmiz.

Ta`kidlash kerak, islohotlar o'qituvchilarni maktabga qaytarish, ularni ta`limdan boshqa, xizmat vazifasiga kirmaydigan barcha ishlardan, ortiqcha qog'ozbozlikdan ozod qilishdan boshlandi. Buning natijasida o'qituvchining o'z ustida ishlashi va bolalarga qo'shimcha dars berishiga imkoniyat yaratildi. Maktabning samarasi bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi bilan o'lchanadi. Xususan, yillar davomida birorta oliy ma`lumotli mutaxassis chiqmagan 2000 dan ortiq maktab va mahalladan bugungi kunda bo'lg'usi shifokor, jurnalist, muhandis, o'qituvchilar chiqishni boshlagani quvonarli. Bu bilan nafaqat maktab bolalarining kelajakdagi hayoti sifati oshmoqda, balki o'sha hudud, mahallalarda kambag'allikning oldini olishga zamin yaratilayotir.

Uzoq yillar mobaynida xalq ta`limi tizimida yo'l qo'yilgan kamchiliklardan biri maktab ta`limini qamrab oluvchi va mazmunini yaqqol ifodalaydigan yaxlit dastur ishlab chiqilmagani edi. Vaholanki, o'quvchi maktabni bitirguniga qadar egallaydigan ko'nikmasi, bilimi bilan birga, o'qituvchilarga o'quvchilarning o'zlashtirishini kuzatishi va yordamlashishi uchun me`yorlar jamlangan yagona ta`lim dasturining samaradorligi qator mamlakatlar tajribasida o'zini oqlagan.

Shuni hisobga olib, darsliklardan oldin milliy o'quv dasturi yaratildi. Nimani o'qitamiz, degan masala qayta ko'rib chiqildi. Mazkur hujjat zamonaviy o'quvchi egallashi kerak bo'lgan to'rt muhim jihatning rivojlanishini ta`minlaydi. Bular — tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashish, hamkorlik o'rnatish va muloqot qilish ko'nikmalari. Milliy o'quv dasturida maktab bitiruvchisiga talablar, o'quv yuklamalari, o'qitish metodikasi va baholash tizimi belgilab beriladi.

Qolaversa, 1-2-sinfning kitoblari yangi dastur asosida chiqyapti. Avvalgi darslikdan nimasi bilan farq qiladi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Masalan, 1-sinf matematika darsligi bolani tahliliy-tanqidiy fikrlashga o'rgatishga qaratilgan. Matematika faqat raqamlar, hisob-kitob, formuladan iborat emas, bolani mantiqiy fikrlash, umumlashtirish, ajratish, o'xshashlarini belgilab olish, dunyoqarashini o'stirishga mo'ljallangan darslik bo'lishiga e`tibor berildi. Keyingi farqi — oldin o'qituvchining kitobi bo'lmagan. Faqat bitta darslik bo'lgan. Hozir darslikdan tashqari o'qituvchining kitobi va mashq daftari, multimedia ilovasi, umuman, har bir fan bo'yicha to'rtta material ishlab chiqildi. Bu majmua Kembrij sistemasi bo'yicha yaratildi. O'qituvchiga tayyor o'quv qo'llanma berilayotir. Avvallari o'qituvchiga «konspekt» yozasan, deyilgan. U «konspekt» yozishi uchun qo'lida na bir qo'shimcha adabiyot, na internet bo'lgan.

Hamma sinflar uchun mo'ljallangan «Tarbiya» kitoblari chiqarildi. Bu kitoblarda nafaqat yaxshi tarbiya haqida so'z boradi, balki baxt va muvaffaqiyat sirlari ham o'rgatiladi. Baxt va muvaffaqiyatga erishgan insonlar tajribasi orqali o'quvchi ruhlantiriladi.

Chet tillarni o'rganish har qanday mutaxassisni tayyorlashda, uning keyingi faoliyatida katta ahamiyat kasb etadi. Xorijiy tillarni o'qitish metodikasi to'liq qayta ko'rib chiqilmoqda. Xalqaro darajada ingliz tilini o'rgatadigan to'laqonli kitoblar keltiril­yapti. Ingliz tilida xalqaro sertifikatga ega o'qituvchilar soni ko'paymoqda. IELTS va TOEFL — bu ingliz tilini bilish darajasini ko'rsatadigan sertifikat bo'lsa, TESOL ingliz tilida dars berish imkoniyatini bildiradi. Ya`ni, o'qituvchi ingliz tilini bilishi, ammo yaxshi dars berolmasligi mumkin. Kelgusi 2 yil davomida yana 15 ming o'qituvchini qayta tayyorlash ko'zda tutilgan. Bu AQSh bilan hamkorlikdagi English Speaking Nation loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu sertifikatni olgan o'qituvchilarning maoshi oshirildi. Masalan, CEFR bo'yicha 15–30 foizlik ustama olsa, TESOL yoki S1 daraja sertifikatiga ega bo'lganidan so'ng uning ustiga yana 50 foiz ustama qo'shiladi. Oddiy o'qituvchi 30 foiz ustama olsa, yana 50 foiz ustama olishini tasavvur qiling. Endi shu o'qituvchi agar ta`lim sifati past bo'lgan boshqa hududga borsa, yana qo'shimcha 100 foiz ustama oladi.

Islohotlar o'z samarasini ber­yapti. Oxirgi uch yilda maktab bitiruvchilari ichida xalqaro sertifikatga ega bo'lganlar 10 baravar oshdi. «El-yurt umidi» jamg'armasi orqali o'tgan yildan boshlab 100 nafar bitiruvchilar chet elning nufuzli oliy o'quv yurtlarida tahsil olish imkoniyatini qo'lga kiritdi. Bu ko'rsatkich yil sayin oshib boradi.

Shuningdek, mahalliy hokimliklar oldiga ta`limni rivojlantirish bo'yicha muhim vazifalar qo'yilgan. Bu jarayonda ko'p omillar hudud rahbarlari, ya`ni hokimlarga bog'liq. Har bir shahar, tuman hokimlari chet tilini o'rganish muhitini yaratish bo'yicha ish olib bormoqda.

Shu o'rinda PISA (The Programme for International Student Assessment) haqida ham to'xtalish joiz. PISA — bu xalqaro ta`lim sifatini o'lchaydigan test. Albatta, yuqori natijaga erishish oson emas. Yaxshilab tayyorlanish zarur. PISA bolani egallagan bilimidan kelib chiqib, hayotiy muammoni yechishga o'rgatadi. Ya`ni, qaysi yozuvchi qaysi yil tug'ilgan degan narsani eslab qoladigan test emas, haqiqatda hayotiy, amaliy muammolarni yechadigan testlarni tuzish payti keldi. Bu borada ham muhim ishlar qilinmoqda.

Avvallari pedagog o'zi faoliyat olib borayotgan maktabdan uzilib, viloyat markazida malaka oshirgan. Bu ortiqcha ovoragarchilikka sabab bo'lgan. Ayni paytda www.onlinedu.uz uzluksiz kasbiy ta`lim platformasi orqali muallim o'zining vaqti va imkoniyatiga qarab malaka oshirishi mumkin. Ana shu maqsadda maktablarda optik tolali internet o'rnatilmoqda. Pedagog onlayn tarzda malakasini oshirishi, yangiliklardan xabardor bo'lishiga sharoit yaratilmoqda. Maktablarni axborot texnologiyalari bilan jihozlash davom etyapti.

Avvallari olimpiadada g'olib bo'lgan bola faqatgina maqtov yorlig'i bilan taqdirlangan bo'lsa, ayni paytda xalqaro olimpiada g'olibi 122 million so'm bilan taqdirlanyapti. Uni olimpiadaga tayyorlagan ustoziga ham deyarli shuncha pul beriladi. Bu tarixda bo'lmagan.

Ayni paytda «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida ko'p o'quvchilar IT yo'nalishidagi bilimlarni egalladi. Endi ular asta-sekin daromad topishga harakat qiladi. Maqsad ham bolalarimiz kelgusida emin-erkin bo'lib, yaxshi daromad topib yashasin. Ushbu islohotlar nega amalga oshirilayapti?..

Prezidentimiz ta`biri bilan aytganda, bugun dunyo shafqatsiz raqobat maydoniga aylangan. Barcha sohalarda qanday keskin kurash ketayotganini har birimiz ko'rib turibmiz. Hozirgi zamonda hamma jabhalarda ilm, bilim va salohiyat suv bilan havoday zarurligi, har qaysi davlat faqatgina shu asosda taraqqiyotga erishishi, sodda qilib aytganda, inson bilak kuchidan ko'ra, ilm kuchi bilan ko'proq daromad va obro'-e`tibor topishi mumkinligini hammamiz ko'rib turibmiz.

Davrning mana shunday o'tkir talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda ixtisoslashtirilgan maktablarning mutlaqo yangicha tarmog'i tashkil qilindi. Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o'rgatadigan yuzlab maskanlar, IT Parklar bunyod etilmoqda.

Maqsad Yangi O'zbekistonning yangi Beruniylari, yangi Xorazmiylari, Ibn Cinolari va Farg'oniylarini kamolga yetkazish, shu orqali jonajon Vatanimizni dunyo miqyosida rivojlangan, tinch, erkin va farovon mamlakatga aylantirishdan iborat.

 

Shohista Turg'unova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zXDP fraksiyasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 12.10.2022, №41

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish