Namanganlik saylovchilar diqqatiga!
Namanganlik saylovchilar diqqatiga!

Shu kunlarda mamlakatimizning har bir hududida saylovoldi targ‘ibot ishlari qizg‘in davom etmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham saylovda faol va munosib ishtirok etishga harakat qilmoqda. Saylovchilar, elektorat vakillari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturini, unda belgilangan ustuvor masalalarni jamoatchilikka yetkazish, ularning hayotiy ahamiyatini ochib berishga alohida e'tibor berilmoqda.

Namangan viloyatidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar ilgari surayotgan takliflar partiyamiz dasturiy g‘oyalarga asoslangan bo‘lib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni o‘z ichiga olgan.

Akmaljon Umurzoqov, shifokor, Namangan viloyati salomatlikni qayta tiklash shifoxonasi bosh shifokori, 43-Do‘stlik saylov okrugidan nomzod:

– Biz pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta'minlangan oilalar, “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida yashovchilar, aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni dori vositalari va tibbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan buyumlar bilan ta'minlash, shuningdek, ijtimoiy dorixonalar  tarmog‘ining rivojlanishi   va faoliyati ustidan qat'iy nazorat olib borishni rejalashtirdik. Biz jamiyatning har bir a'zosiga salomatligini mustahkamlash uchun teng imkoniyatlar yaratish tarafdorimiz!

Sardorbek Azizov, huquqshunos, Namangan viloyati Adliya boshqarmasining huquqiy ekspertiza va yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, 44-Sardoba saylov okrugidan nomzod:

– O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatda ijtimoiy demokratiya tizimini shakllantirish tarafdori. Bu aholining barcha, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun davlat, jamiyat va sud-huquq sohalarida tenglikni ta'minlash demakdir. Shundan kelib chiqib, aholining kam ta'minlagan qatlamlari uchun huquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy maqbul bo‘lgan tizim yaratish, shu maqsadda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul maslahatlar beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirish tashabbusi bilan chiqmoqchimiz.

Mariya Tyan, pedagog, Namangan tumani xalq ta'limi bo‘limiga qarashli “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori, 45-Toshbuloq saylov okrugidan nomzod:    

– Biz kam ta'minlangan oilalarning iste'dodli va qobiliyatli farzandlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud, deb hisoblaymiz. Olis qishloq aholi punktlaridagi madaniyat muassasalari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, musiqa va san'at maktablarini rivojlantirishni moliyalashtirish uchun budjet harajatlarini oshirish taklifini ilgari suryapmiz.

Anvarxon Temirov, iqtisodchi, “Zarafshon tekstil” mas'uliyati cheklangan jamiyati direktori, 46-Kosonsoy saylov okrugidan nomzod:

– Tadbirkorlik sub'yektlarini o‘rtacha nominal hisoblangan ish haqidan yuqori maosh to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish aholini ish bilan ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.  Shundan kelib chiqib, biz ish haqining o‘rtacha hisoblangan nominal miqdoridan past maosh to‘laydigan korxona va xususiy tadbirkorlarga qonunda belgilangan soliq imtiyozlarini qo‘llamaslik, daromadiga esa yuqori stavka bo‘yicha soliq solish kerak, deb o‘ylaymiz.

Guzalxon Xusanova, pedagog, Pop tumani hokimligining Madaniyat va aholi dam olish markazi direktori, 47-Pop saylov okrugidan nomzod:

– Ochig‘ini aytish kerak, kam ta'minlangan oilalar, ayniqsa, olis qishloqlar aholi punktlarida yashayotgan yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi va maroqli dam olishi uchun tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun qilinadigan ishlar juda ko‘p. Shu bois, biz aynan shu masalalarda bir qator takliflarni ilgari surdik. E'tiborli yana bir tomoni, mamlakatimizning moddiy va nomoddiy madaniy merosidan aholining kam ta'minlangan qatlamlari bahramand bo‘lishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish lozim.

Gulchexra Kayumova, pedagog, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Isxoqhon To‘ra Ibrat” maktabi direktori, 48-To‘raqo‘rg‘on saylov okrugidan nomzod:

– Xotin-qizlar bilan suhbatlashganda bir narsaga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul ayollarning ko‘pchiligi ishlashni, oilasi daromadiga ulush qo‘shishni xohlaydi. Shularni inobatga olib, tegishli pedagogik ma'lumotga ega, lekin maktabgacha yoshdagi bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois ishlamaydigan ayollarni maktabgacha ta'lim hududiy organlari tizimida oilaviy maktabgacha ta'lim tarbiyachisi sifatida uy mehnatini tashkil etish kerak, deb o‘ylaymiz.

Xatamboy Badalov, shifokor, Namangan viloyat bolalar revmatologiya Beshkapa sanatoriyasi bosh vrachi, 49-Uychi saylov okrugidan nomzod:

– Kasbimdan kelib chiqib, saylovoldi dasturimda tibbiyot sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga alohida e'tibor qaratdim. Mulkchilik shakli va moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, barcha tibbiyot muassasalarida kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalangan holda har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish kerak.

Nurdinjon Ismoilov, huquqshunos, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri, 50-Uchqo‘rg‘on saylov okrugidan nomzod:

– Bugun parlament nazoratini kuchaytirishni hayotning o‘zi dolzarb masala sifatida ilgari surmoqda. Chunki ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazoratining kuchayishi bilan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini tahlil etish, belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va lozim darajada bajarilishiga erishish imkoniyati ortadi. Shunga asosan partiyamiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi orqali parlament nazoratini izchil yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, kam ta'minlangan oilalar a'zolari, jumladan, ishsizlar, ayollar bandligini ta'minlash bilan bog‘liq masalalarda parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish rejalashtirildi.

Shoxista Turg‘unova, pedagog, Chortoq tumani Xalq ta'lim bo‘limi mudiri, 51-Chortoq saylov okrugidan nomzod:

– Ta'limda ijtimoiy tenglikni ta'minlash mamlakatimizda demokratik jamiyatni shakllantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, partiya davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat ta'lim muassasalarida faqat o‘ziga to‘q oilalar farzandlari o‘qiy olishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushbu ta'lim muassasalaridagi to‘lov-kontraktning ijtimoiy maqbul miqdorini qonunchilikda belgilab qo‘yishni taklif etadi.

Nasiba Bozorova, shifokor, Chust tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, 52-Chust saylov okrugidan nomzod:

– Partiyamiz, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarini tarbiyalayotgan ota-onalar, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan ayollar, farzandlarini to‘liq bo‘lmagan oilalarda tarbiyalayotgan va yashash sharoitlarini yaxshilashga harakat qilayotgan kam ta'minlangan onalar uchun arzon uy-joylar qurilishi dasturlarini kengaytirishga ham erishadi. Biz bu borada imtiyozli ipoteka kredit berish amaliyotini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega deb hisoblaymiz. Va biz uy-joy va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbullik darajasini oshirishga erishmoqchimiz!

Ulug‘bek Inoyatov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, 53-Yangiqo‘rg‘on saylov okrugidan nomzod:

– Bozor iqtisodiyoti munosabatlari chuqurlashgan jamiyatda ijtimoiy himoyaning ahamiyati yuqori bo‘lishi shubhasiz. Buni jahon tajribasi ham isbotlab berdi.

Ijtimoiy himoya tizimidagi ko‘plab muammolarning asosiy sababi pensiya va nafaqalar miqdorini belgilashda muhim omil bo‘lgan iste'mol savatchasi va yashash minimumi me'yorlarining joriy qilinmagani bilan ham bog‘liq. Aholining munosib hayot darajasini ta'minlash uchun zarur bo‘ladigan yashash minimumini belgilash va iste'mol savatchasi tushunchasini qonun bilan mustahkamlash hamda hayotimizga tatbiq etish, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash partiyamiz Saylovoldi dasturidagi eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.

Isroiljon Xoshimov, moliyachi, Namangan viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 54-Norin saylov okrugidan       nomzod:

– Partiyamiz ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan ayollar, “Mehribonlik uylari” bitiruvchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlar uchun ishga joylashish bo‘yicha huquqiy kafolatlarni oshirish hamda “Teng ish uchun - teng ish haqi” tamoyiliga qat'iy rioya etilishiga intiladi. Bunda partiya tegishli vazifalar ijrosini ta'minlaydigan demokratik ta'sir mexanizmlarini ishga solgan holda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta'minlash uchun qonunchilikda belgilangan kvotalarga qat'iy rioya etilishiga erishishni ko‘zda tutgan.

Hayotxon Mahmudova, pedagog, To‘rako‘rg‘on tumanidagi 15-maktab direktori, 55-Mingbuloq saylov okrugidan nomzod:

– Kishilarning yaxshi yashashi va munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishida kommunal soha rivoji muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun partiyamiz Saylovoldi dasturida bu yo‘nalishga ham alohida e'tibor qaratilgan.

Kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘qotishlarini qoplash maqsadida, narx-navo va tariflar oshirilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma'lumotlar ochiqligini ta'minlash hamda kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri. Asosiy kommunal xizmatlarni yetkazib beruvchilar va ulardan foydalanuvchilarning o‘zaro mas'ulligini oshirishga doir aniq protsessual normalar bilan boyitish kerak.

Umuman, partiyamizning Saylovoldi dasturida aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, oylik maoshlar, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirib borish, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, qishloqlarda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.

Saylovchilarni nomzodlarimizga ovoz berishga chaqiramiz!

 

O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati

www.kun.uz

Teglar

Saylov-2019
← Roʻyxatga qaytish