Milliy o‘zligimiz timsoli
Milliy o‘zligimiz timsoli

 

Murojaatnomadagi ona tilimizga e'tibor yanada kuchaytirilishi haqidagi fikrlar yana bir bor til haqida mushohadaga chorladi. Qo‘limga qalam tutdim.

Darhaqiqat, til nafaqat inson hayotida, balki borliq olam uchun eng zarur, hayotiy muloqot vositasidir. Tabiatda qushu toshning ham, yaprog‘u tog‘ning ham, daryoyu hayvonot olamining ham o‘zaro muloqotga kirisha oladigan o‘ziga xos “til”i, muloqot vositasi bor.

Ulug‘ alloma Mahmud Koshg‘ariy “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, deganlaridek, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo‘'jizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.

Mana, o‘ttiz yildan oshdi, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimizning jipsligi, madaniyati, ma'naviyatining asosiy belgisi sifatida eng muqaddas timsollarimizdan biriga aylandi. Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.

Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning “Tilga e'tibor – elga e'tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta'sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi. Xususan, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Endilikda o‘z ona tilini bayram qilib sharaflaydigan xitoy, ispan, fors, rus, ozarbayjon, turk, arab, italyanlar qatorida biz ham bu kunda qonuniy bayram sifatida tantana qilamiz. Bu tarixiy voqea mamlakatimizda ona tiliga bo‘lgan doimiy e'tibor va g‘amxo‘rlikning izchil davomi bo‘lib, tilimizni asrash, uning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, yanada boyitish va rivojlantirish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri sifatida qadrlidir.

Prezidentimizning Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni bu borada dolzarb xarakter kasb etdi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Farmonga ko‘ra, 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ishtirok etib, mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini o‘zbek tilida aniq va teran yoritib berdi. Jahonning yuksak minbarida yangragan o‘zbekona lutf va mushohadalar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki yer yuzidagi o‘zbek tilida so‘zlashadigan 50 milliondan oshiq tildoshlarimizning, shuningdek, o‘zbek tili do‘stlarining g‘ururini sarbaland qildi, faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Til rivoji o‘z iste'molchisining mehri, e'tiboriga bevosita bog‘liq. Bir qarashda qo‘pol ko‘ringan bu fikr, afsuski, u yoki bu sabablar bilan shu davrga qadar insoniyat tarixida 9 mingdan ortiq tilning yo‘qolib ketganligi haqidagi manba bilan asoslanadi.

Olimlarning ma'lumotiga ko‘ra, qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarining bugungi kunda iste'molchilari yo‘q. YuNESKOning ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda bir hafta ichida bitta tilning yo‘qolish xavfi mavjud. Shu kabi hozirgi paytda 357 tildan bor-yo‘g‘i 50 nafar kishi, 46 tildan esa atigi bir kishi foydalanar ekan. AQShning Siu hind qabilasidan katouba tilini biladigan eng so‘nggi vakili 1996-yilda vafot etgan. 1996-2000-yillarda YuNESKO tomonidan “Dunyoda yo‘qolish xavfida turgan tillar atlasi” yaratilib, unda bugungi kunda Yevropada 50 ta, Sibirda 40 ta til hamda eng xavfli holatda turgan Amerika va Avstraliya qit'alarida 1000 ga yaqin, Afrika qit'asining 1500 ta tillaridan 600 tasi yo‘qolish arafasida ekani, 250 tasi o‘lik tillar qatoriga kirganligi aytilgan.

Global masalalar tarkibiga kirgan ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida BMT 1993-yilda Vena deklaratsiyasini qabul qilgan. Ushbu deklaratsiyaning 19-moddasida “barcha millat va elatlarning o‘z milliy tillaridan foydalanish” huquqi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, 2000 yili YuNESKO tomonidan 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni, deb e'lon qilindi. Shu kabi sa'y-harakatlar natijasida yo‘qolish arafasida turgan ayrim tillarga qayta “hayot" baxsh etildi. Jumladan, Yaponiyaning Xokkaydo orolida o‘tgan asrning 80-yillarida bor-yo‘g‘i 8 kishi so‘zlashgan ayn tilining iste'molchilari bugun bir necha ming kishidan oshib ketgan...

Bugun globallashuv jarayonlari tobora avj olib borayotgan bir pallada xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ortmoqda. Ammo bu jarayon aslo o‘z ona tiliga e'tiborsizlikka aylanib ketmasligi lozim. Bu borada ta'lim muassasalari mutasaddilari va ota-onalarning mas'uliyati alohida mavzu. O‘z ona tiliga, davlat tiliga hurmat bu avvalo, odamning o‘ziga, ota-onasiga bo‘lgan hurmatdan boshlanadi. Barcha insoniy rishtalar ona tili orqali rivojlanadi, takomillashadi. Biz buni ota-onalarga, har bir oilaga yetkazib, tushuntirib berishimiz zarur.

 

Lola SAODATOVA,

xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a'zosi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 11.01.2022, №1

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish