Har bir ayol oilada, jamiyatda o‘z o‘rni va o‘z so‘ziga ega bo‘lishi kerak
Har bir ayol oilada, jamiyatda o‘z o‘rni va o‘z so‘ziga ega bo‘lishi kerak

 

Ayollarning oila va jamiyatda o‘z o‘rnini topib, baxtga erishishi birinchi navbatda qizlarning yoshligida oilada olgan tarbiyasiga bog‘liq deb hisoblayman. Qachonki, qiz bola tarbiyasiga oilada nozik masala sifatida alohida e’tibor qaratilsa, unga mehr ila ta’lim – tarbiya berilsa, bunday oilada kamol topgan qizlar jamiyatda, oilasida o‘z o‘rnini topadi va o‘zining mustaqil fikriga, so‘ziga ega bo‘ladi, eng muhimi irodali bo‘lib, har qanday vaziyatda o‘zini himoya qila oladi.

Aksincha, oilada to‘g‘ri tarbiya topmagan, oiladagi urush janjallar, sovuq munosabatlarni ko‘rib katta bo‘lgan bo‘lsa yoki dunyoviy va diniy bilimi yetarli darajada bo‘lmasa, u o‘g‘ilmi, qizmi har tomonlama qo‘rqoq, tortinchoq, alamzada va mehrga tashna, kuchsiz, irodasiz va sabrsiz bo‘lib voyaga yetadi.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘onada homilador ayol mashina ichida o‘zini yoqib yubordi” sarlavhasi ostida chiqqan xabar kattayu-kichikning qalbini larzaga soldi. Farg‘ona shahrida erini rashk qilgan homilador ayol mashina ichida o‘ziga benzin sepib, yoqib yubordi. Yong‘in vaqtida tug‘ilgan chaqaloq esa shifoxonada vafot etgan. Bu ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan fojia. Albatta, bunday ayanchli voqeaning sodir bo‘lishi nafaqat o‘zbek ayollari, qolaversa millatimiz sha’niga isnod. Ayb kimda? Kim xato qildi?

To‘g‘ri ayol xato qildi, ketma-ket xatolar qildi, va bundan faqat jabr ko‘rdi, na oilada, na jamiyatda o‘z o‘rnini topdi. Sababi bizga qorong‘u bo‘lsada, birinchi turmushi buzildi, oradan vaqt o‘tib, u o‘zidan ancha yosh, uylanmagan yigitga ota-onalar roziligisiz, shar’iy nikoh orqali turmushga chiqdi. Yigitning ota-onasi uni boshqa qizga uylantirishdi. Oqibatda ayol irodasizligi, sabrsizligi, uquvsizligi tufayli eng og‘ir gunoh - o‘z joniga qasd qildi, hali dunyo yuzini ko‘rmay ketgan norasidasining qotiliga aylandi, oldingi turmushidan bo‘lgan qizi esa yetim qoldi. Shuni bilish kerakki, biror qiyinchilikdan qutilish yoki kimdandir norozi bo‘lib, o‘z joniga qasd qilish – masalaning yechimi emas.

Barchamiz bilamiz, o‘z joniga qasd qilish dinimizda ham qoralangan, Qur’oni Karimda "o‘zingizni nohaq o‘ldirmangiz" deb buyurilgan, muborak Hadisda o‘z joniga qasd qilganlar hech qachon Jannatga tushmaganligi ham bayon qilinadi. Agar ayol yoshligidan hayotning har qanday sinovlariga bardoshli etib tarbiyalanganida edi, bunday muammolarga duch kelmasdi.

Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor, boshqa ayollar bilan ham bunday noxush holatlar yuz bermasligining oldini olish, uning kelib chiqish sabablarini o‘rganish kerak. Bunday holatlarda faqatgina ayolni aybdor qilish nojoiz.

Bunday ayanchli voqealarga qarshi butun jamiyat kurashishi, oldini olishda har bir shaxs o‘zini daxldor his etishi shart deb bilaman. Farzand tarbiyasiga, xoh u qiz, xoh o‘g‘il bola bo‘lsin o‘ta sinchkov va mas’uliyatli bo‘lish kerak. Aholi, jumladan, ayollar, qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish oqibatlari haqida dinimizning ko‘rsatmalarini tushuntirishimiz lozim.

Yana bir nozik masala ham borki, bundan ko‘pgina xotin-qizlar jabr ko‘rmoqda, ayrim hayotga yengil-yelpi qaraydigan qizlarimiz, ming afsuski shu yo‘lni afzal bilishmoqda. Lekin bu yo‘lning oxiri “voy” ekanligini tushunishmayapti. Bu ham bo‘lsa, FHDYodan o‘tmasdan turib, yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsus ko‘p uchrab turibdi. Kundoshlik, qo‘shxotinlik — qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizga ma’lum. Misol uchun, atoqli adibimiz Abdulla Qodiriy "O‘tkan kunlar" romanida kundoshlik tufayli butun bir boshli oila boshiga tushgan fojialarni juda ta’sirchan tasvirlab bergani saboq bo‘lishi kerak.

Tasavvur qiling, tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan nikohdan tug‘ilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi nima bo‘ladi? Tabiiyki, davlat qonunlari bo‘yicha ular ko‘pgina huquqlardan mahrum bo‘ladi, xususan, otalikni belgilash, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish, meros huquqi, o‘sib ulg‘aygandan keyin, bog‘chaga, ta’lim muassasasiga qabul qilish masalalarida qanchadan-qancha muammolar paydo bo‘ladi. Eng yomoni, bunday bolalar ruhan majruh bo‘lib, turli ma’naviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosiman, deb his etolmaydi. Buni kattalar, shar’iy nikoh asosida yashayotgan ota - onalar anglab yetishi kerak.

Ko‘p xotinlik, noqonuniy nikoh o‘qish bo‘yicha qonunchilikda jinoiy, ma’muriy javobgarliklar mavjudligini ham aholi o‘rtasida keng tushuntirish lozim.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga ko‘ra, ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Kuzatadigan bo‘lsak, ko‘proq o‘ziga to‘q insonlar ikkinchi xotinga uylanmoqda. Qonunda belgilangan 3 mln. so‘mlik jarima ular uchun juda kam. Bu jarimani hech qiyinchiliksiz to‘lashga ularning qurbi yetadi va bu ishini yana davom ettiraveradi. Yoki ushbu moddada ko‘rsatilganidek, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilganini hech eshitmadim. Agar mana shu chora qo‘llanilganda edi, balki jamiyatimizda ko‘p xotinlik kamayarmidi?

Yana bir e’tibor qaratadigan jihat shundaki, FHDYo bo‘limlari guvohnomasini olmaganlarga shar’iy nikoh o‘qish oqibatida ham turli salbiy holatlar yuz bermoqda. FHDYo ro‘yxatidan o‘tmagan oilalarda ajrim ko‘pligi va bunday hollarda ayollar o‘z huquqlarini himoya qila olmayotganlari ma’lum bo‘lmoqda. Natijada, oilalar parokanda bo‘lib, bolalarning tirik yetim bo‘lishi kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.

Nazarimda qo‘shxotinlik, noqonuniy shar’iy nikoh o‘qiganlik uchun qonunchilikda javobgarlikni yanada kuchaytirish vaqti keldi. Shuning bilan birga har bir Qonunning ijrosi ustidan kuchli jamoatchilik nazorat bo‘lishi kerak.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, insonga yoshligidan berilgan tarbiya kelajagiga albatta ta’sir qiladi, shuning uchun qizlarni hayotga tayyorlash, ularni o‘qitish, kasb-hunarli qilishga, ma’naviy, huquqiy, diniy, dunyoviy ta’lim va tarbiyani birdek berishga alohida e’tibor qaratmog‘imiz lozim.

Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning o‘qishi, kasb-hunar egallashi uchun juda keng imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda. Mana shunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatib borsak, qizlarimiz kelajagi uchun koni foyda bo‘ladi. Bilimli, oqila, kasb-hunarli, sog‘lom fikrlaydigan ayol albatta oilada, jamiyatda o‘z o‘rni va o‘z so‘ziga ega bo‘ladi. O‘z o‘rni, o‘z so‘zi va kuchli irodaga ega ayol esa baxtli bo‘ladi. Hayot sinovlariga osonlikcha taslim bo‘lmaydi, muammolarga to‘g‘ri yechimi topa oladi.

Zero, inson uchun bir marotaba beriladigan sinovli bu hayotda har bir ayol baxtli yashashga haqli.

 

Gulshan Asatova,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish