Betaraflik deputatga mosmi?
Betaraflik deputatga mosmi?

 

2023 yil davlatchiligimiz tarixida ham yangi sahifalar ochiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari, har bir fuqaro, har bir shaxs boshlangan yilda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlarini qisman bo‘lsa-da rejalashtirib oldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yil rejalari bilan birga, o‘tgan yil uchun belgilangan ishlar ijrosi sarhisobini ham qilmoqda. Kecha bo‘lib o‘tgan Yalpi majlisda birinchi bo‘lib Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil yakuni bo‘yicha bajarilishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama etildi.

 

Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ta’kidlanganidek, Hukumat tomonidan Davlat dasturi o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi. Natijada 2022 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,7 foizni, shundan YaIM tarkibida sanoat – 105,2 foizni, xizmatlar – 108,5 foizni, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi – 103,6 foizni tashkil qildi. Davlat budjetining jami xarajatlari 236,6 trln. so‘mni, shundan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 177,7 trln. so‘mni tashkil qildi.

Davlat dasturi ijrosi doirasida maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Masalan, 647 655 nafar 6 yoshli bolalar maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olinib, qamrov darajasi 67 foizdan kamida 90 foizga yetkazildi. Shu bilan birga, 2048 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Maktablarda ta’lim sifatini oshirish, pedagog-kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadi bo‘yicha ham qator ishlar qilindi. Jumladan, pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida 100 ming nafar, maxsus platforma orqali 44 979 ming nafar o‘qituvchilar malakasi oshirildi. Yil boshiga nisbatan toifaga ega o‘qituvchilar soni 220 110 nafardan 325 818 nafarga yoki 43,8 foizdan 64,8 foizga oshirilishi ta’minlandi.

Parlamentga taqdim etilgan hisobotda qayd etilganidek, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish maqsadida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, 1000 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 mln. aholiga birlamchi tibbiy xizmat yaqinlashtirildi. Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi.

Shu bilan birga, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi. Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, ta’kidlaganidek, Davlat dasturidagi “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” aholining ijtimoiy himoyasida muhim qadam bo‘ldi. Bu orqali, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash, ularga tizimli yordam ko‘rsatish, ularni kambag‘allikdan chiqarish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bois, fraksiya a’zolari joriy yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish, ushbu tizimni yanada takomillashtirish, kambag‘al aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish Hukumat faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Dilbar Mamadjanova Davlat dasturining 60-maqsadida nazarda tutilgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlari tashkil etilishi bilan bog‘liq kamchilliklar ham borligiga hukumat a’zolaridan izoh so‘radi.

Mutasaddilar bergan izohga esa Qonunchilik palatasi Spikeri e’tiroz bildirdi va tumanlararo perinatal markazlar tashkil etish Davlat dasturida aniq belgilab qo‘yilganligini aytdi. Bu Prezidentimizning juda katta ijtimoiy siyosati ekanini va mazkur masala bo‘yicha alohida axborot berilishi kerakligini ta’kidladi.

Muhokama va savol-javoblarga boy bo‘lgan majlisda deputatlar Vazirlar Mahkamasining hisobotini ma’qulladi hamda Hukumat faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qarorni qabul qildilar.

Majlisida ikkinchi bo‘lib “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Taklif etilayotgan qonun loyihasida bir qator yangiliklar ko‘zda tutilgan. Xususan, hujjatdagi asosiy tushunchalar zamon talablari, huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqildi va tahrir qilindi.

Yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplar soha amaliyotidan kelib chiqib belgilandi. Qonuniylik, tizimlilik, ilmiylik, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinishining ustuvorligi, ekologik xavfsizlikning va atrof-muhit muhofaza qilinishining ustuvorligi, mahalliy aholining va yo‘l harakati qatnashchilarining fikrini hisobga olish prinsiplari shular jumlasidandir.

Xalq vakillarning aytishicha, ushbu qonun loyihasi huquqni qo‘llash amaliyotida paydo bo‘layotgan tushunmovchiliklarni bartaraf etish barobarida, yo‘l egalarining, yo‘l harakati qatnashchilarining huquqlari va majburiyatlarini qonun bilan mustahkamlashga xizmat qiladi, deya baholandi va qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Yalpi majlisdagi navbatdagi masala “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallar narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila a’zolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalari asosida ichki ishlar organlari tomonidan tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.

Fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘iga tahdid solayotgan yoxud jamoat tartibini, boshqa shaxslarning huquqlarini buzish, psixofaol moddalar ta’siridan mastlik holatida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etish holatlarining barvaqt oldini olishda ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida qonun loyihasi bilan narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan ham rasmiylashtirish belgilanmoqda.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Majlisda ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilingan va eng ko‘p bahs va muhokamalarga sabab bo‘lgan qonun loyihasi esa “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi loyihasi bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilib, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish holatlariga qarshi samarali ishlar olib borilmoqda.

Lekin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ortiqcha undirilgan va to‘langan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik uchun javobgarlik belgilanmagan.

Shu jihatdan, qonun loyihasi bilan tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz ko‘chirish yoki olib qo‘yish holatlari bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Deputatlar tomonidan aytib o‘tilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga imkon yaratadi. Qolaversa, loyihaning nomi va ayrim moddalardagi terminlarning ishlatilishi bo‘yicha fikrlar almashindi va ko‘pchilik Qo‘mitaning taklifini qo‘llab quvvatladi.

Majlisi yakunida “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning javobi ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

Qonunchilik palatasining faoliyatini, qonunlar qabul qilinishidagi deputatlarning jon kuydirib muhokama qilishlarini ko‘rib xursand bo‘laman. Lekin ba’zi deputatlarning beparvo o‘tirishi har qanday odamni ranjitadi. Bahslar, muhokamalar, fikr almashishlardan so‘ng Spiker deputatlardan qonun loyihasiga yoki uning moddasiga munosabat bildirishni so‘ragandan keyin ba’zi deputatlar “betaraf” qolishgan bo‘ladi. Tushunish qiyin. Deputat nega betaraf bo‘ladi? Balki qonun loyihasi bilan yetarlicha tanishmaganidanmi? “Betaraf” deputatlarni tushunolmayman, oqlamayman ham.

O‘zbekiston olamga katta chaqiriq bilan chiqmoqda. Xalqaro maydonda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish uchun kurash boshladik. Buning uchun har bir yo‘nalishda, har bir sohada chuqur islohotlar qilish yo‘lidan borilmoqda. Ayni bir paytda esa ayrim deputatlarning “betaraf”ligiga ham guvoh bo‘lyapmiz.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 1.02.2022, №4

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish