Prеzidеnt tashrifi rahbar-mutasaddilarning masʼuliyatini oshirib, xalqimizning birdamlik ruhini kuchaytiradi
Prеzidеnt tashrifi rahbar-mutasaddilarning masʼuliyatini oshirib, xalqimizning birdamlik ruhini kuchaytiradi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 1-3 fevral kunlari Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida boʻldi. Ijtimoiy soha obyektlari, taʼlim muassasalari, tadbirkorlik subyektlari va boshqa qator manzillarga tashrif buyurdi. Har bir hududda faollar bilan uchrashib, oldinda turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi. Uchrashuvlarda Xalq demokratik partiyasi vakillari, deputatlar, faollar ham ishtirok etdi.

Tashrif davomida roʻy bergan voqealar, bildirilgan fikrlar butun mamlakatga yoyildi. Bugun hamma muammolarga taslim boʻlish emas, ularni yengib oʻtish, oʻsish, rivojlanish, birni ikki qilish haqida oʻylashi muhim. Shundagina murakkab dunyoda munosib oʻrnimiz boʻladi. Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi faollari, deputatlari shu haqda, rejalari, vazifalari haqida fikr yuritmoqda.

 

Bahrom QURBONOV,

Oʻzbekiston XDP Andijon viloyat kengashi raisi v.v.b.:

— Andijon mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan viloyat hisoblanadi va bu yerdagi vaziyat oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Albatta, jadal rivojlanib borayotgan hududda aholi bandligini taʼminlash, qambagʻallikni kamaytirish, aholining muhtoj qatlami ijtimoiy himoyasi har doim muhim hisoblanadi.

Oxirgi yillarda viloyatimizda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi korxonalar barpo etilishi, kichik va oʻrta biznes rivojlanishi, oʻzini oʻzi band qilish ishlariga eʼtibor kuchaygani bois minglab ish oʻrinlari paydo boʻldi. Minglab oilalar daromad manbaiga ega boʻldi, xonadonlarga baraka kirdi, xalq roziligiga erishish uchun zamin yaratildi.

Xususan, viloyatning choʻl hududida joylashgan Boʻston tumanida bunyod etilgan “Sayyora favvorasi” trikotaj fabrikasiga tashrif buyurgan hurmatli Prezidentimiz 1000 nafar ishchi mehnat qilayotgan zamonaviy korxona bilan tanishish asnosida aynan shu masalalarga urgʻu berdi.

Andijonda aholi soni koʻpligi va zich joylashgani hamda bir yilda kamida 50-60 ming nafarga koʻpayib borayotgani koʻrilayotgan chora-tadbirlar surʼatini yanada jadallashtirishni taqozo etmoqda. Jumladan, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalarini yanada rivojlantirish evaziga koʻproq ish joylari yaratish lozimligi tashrif doirasida oʻtkazilgan yigʻilishda Prezident tomonidan ham alohida taʼkidlandi. Viloyat rahbariyati va faollari oldiga yangi vazifalar qoʻyildi.

2023 yilda 470 ming nafar aholini barqaror ish bilan taʼminlash, shu jumladan, xizmatlar sohasini rivojlatirish hisobiga 135 ming, 10000 gektar yer ajratib doimiy ish bilan 75000 nafar va mavsumiy ish bilan 200000 nafar ish oʻrini yaratish belgilandi. Shuningdek, 2023 yilda 10 ming aholini kasb-hunarga oʻqitish va 1,5 ming nafariga mehnat qurollari uchun subsidiya ajratish lozimligi qayd etildi. Yoshlar masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Joriy yilda mehnat bozoriga kirib keladigan 55 ming andijonlik yoshlar bilan manzilli roʻyxat asosida ishlab “Yoshlar daftari” orqali viloyatdagi 23 ming nafar yoshlarga koʻmaklashilishi zarur. 17 ming nafariga tadbirkorlik uchun kredit berilsa, 26 ming nafariga dehqonchilik uchun yer ajratilishi rejalashtirilmoqda. 11 ming nafarini boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirish choralari koʻriladi. Berilgan vazifalarning bekamu koʻst bajarilishi natijasida Andijon viloyati kambagʻallikdan xoli hududga aylanishiga erishilishi kutilmoqda.

Eng quvonarlisi, mamlakatimizni taraqqiy ettirish, kuchli ijtimoiy himoya siyosati Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturi bilan hamohangdir. Barqaror, serdaromad ish joylari, sifatli taʼlim, bepul va malakali tibbiy xizmat kabi masalalar partiyamizning doimiy diqqat markazida boʻlmoqda. Xususan, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari oʻz hududlarida elektorat bilan bogʻliq masalalarni oʻrganib, yigʻilishlarda, sessiyalarda ularga yechim topilishi muhim ahamiyatga ega. Jamoatchilik qabulxonalariga murojaatlar asosida minlab saylovchilar oʻzlarini bezovta qilayotgan muammolarga javob topib kelmoqda.

2022 yilda partiyamiz Jamoatchilik qabulxonalariga tushgan murojaatlarning 2978 tasi hal etildi. Deputatlik guruhlarida 128, doimiy komissiyalarda 42 masala muhokama etildi. Mahalliy Kegashlar sessiyalariga 38 masala kitildi va hal etish choralari koʻrildi. 48 nafar mansabdor shaxslar hisobotlari eshitildi.

Lekin toʻgʻrisini aytadigan boʻlsak, qilinayotgan ishlar yetarli emas. Kuchimiz va imkoniyatimizdan yanada samarali foydalanishimiz kerak. Harakatlarimiz natijasida odamlar ishli, daromadli boʻlishi juda muhim. Demak, oldimizdagi vazifa ikki hissa oshadi. Shundan kelib chiqib, ijtimoiy masalalar hal etilishi boʻyicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz, bu borada aniq reja asosida ishlashimiz zarur.

 

Abdulhamid NURMATOV,

xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashidagi Oʻzbekiston XDP guruhi rahbari:

– Andijon xalqi bugun koʻtarinkilik ruhida yashamoqda. Prezidentimizning viloyatga tashrifi davomida oʻtkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan fikrlari, Andijonni, vodiyni, butun mamlakatimizni yanada rivojlantirish yoʻlidagi, oʻnlab yillar hal boʻlmay kelgan elektr, gaz yetishmovchiligi kabi muammolarni butunlay hal qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va ushbu yoʻldagi ulkan rejalar, albatta, quvontirishi tabiiy.

Prezidentimizning avvalgi tashrifi davomida viloyatda aholi zich joylashgani sababidan uy-joyga boʻlgan ehtiyojni qondirish boʻyicha yoʻl-yoʻriq va aniq koʻrsatmalar berilgan edi. Natijada bugun birgina Andijon tumanidagi adirlik yerlar oʻrnida Andijon shahrining bugungi aholisiga teng aholi yashashiga moʻljallangan salobatli “Yangi Andijon” massivi bunyod etilmoqda. Koʻp qavatli uylar, ijtimoiy obyektlar, 1680 oʻrinli maktab, poliklinika qurildi. Andijon tumanining eng chekka qishlogʻida 55-sonli yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltiruvchi maktab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani, tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani natijasida faqat viloyat markazidagina emas, tumanlarda ham yirik ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilmoqda. Prezidentimiz tashrifi davomida ushbu korxonalar faoliyati bilan tanishib, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Bunday korxonalarni klasterga aylantirish boʻyicha oʻz takliflarini bergani kelajakda yirik korxonalar faoliyati samardorligi yanada oshishi, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishi, ishchilar daromadlari sezilarli oʻsishiga xizmat qilishini anglatadi.

Boshlangan ishlar, albatta, bajariladi, koʻplab yengilliklar olib keladi, odamlar shunday boʻlishiga ishonadi. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan ishlar buni isbotlab turibdi. Andijon xalqi, barcha darajadagi mutasaddilar davlatimiz rahbarining koʻrsatmalari, maslahatlaridan kelib chiqib, zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatli vazifalarni sharaf bilan bajarishi lozim. Ezgu ishlarda deputatlarning oʻrni, xizmati qanday boʻladi, degan savolga har bir deputatning aniq javobi boʻlishi zarur. Umumiy gaplar hurmatni tushirib, hafsalani pir qiladi, shuni har doim yodda saqlashimiz talab etiladi.

 

Ilhomjon ATABOYEV,

Oʻzbekiston XDP Namangan viloyat kengashi raisi,

Namangan shahar Kengashidagi partiya guruhi aʼzosi:

— Tashrifdan tashrifgacha hududlarda nimalar oʻzgardi, yangilandi, degan savol odamlar uchun muhim. Prezidentimiz 2021 yil 18-19 fevral hamda 27 sentyabr kunlari Namanganga tashriflari chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish-bun­yodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, va bu orqali aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab bergan edi.

Oʻtgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar asosida ishlab chiqilgan dastur va rejalar ijrosi natijasida Namangan sanoat, tadbirkorlik, taʼlim va madaniyat sohalarida respublikamizda oʻz oʻrnini topmoqda.

Taʼkidlash joizki, Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida oʻtgan 2022 yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot 41,1 trillion soʻmni tashkil etib, 6,6 foizga oʻsishi taʼminlandi. Jumladan, 18,2 trillion soʻm sanoat va 27,7 trillion soʻm qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarilib, 14,7 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatilgan. Pudrat ishlari 6,8 trillion soʻm hamda chakana savdo aylanmasi 19,7 trillion soʻmni tashkil etdi.

Birgina oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 20 ming 174 kishiga 470 milliard soʻm kredit yoʻnaltirilgani tufayli 22 ming 132 ta ish oʻrni yaratildiki, bunda shahar va tumanlarda tashkil etilgan 72 ta yangi kichik sanoat zonasi muhim ahamiyat kasb etdi. Bugungi kunga qadar sanoat hududlarida umumiy qiymati 4 trillion soʻmlik 619 ta loyiha amalga oshib, 34 ming nafardan ziyod kishi ishli boʻldi.

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, farovonlikni oshirish masalasi ham doimiy nazoratda. Inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning muammolarini tizimli hal etishga qaratilgan maxsus daftarlarga 94,6 milliard soʻm yoʻnaltirilgani bunga yaqqol misoldir. “Temir daftar”ga kiritilgan 4 ming 812 oilaga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 36,1 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi. Ishsiz 4 mingdan ortiq fuqaroning bandligi taʼminlandi. Natijada 4 ming 374 oila “Temir daftar” dan chiqarildi. Viloyatda “Ayollar daftari”ning uchinchi bosqichiga bevosita partiyamiz elektorati boʻlgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand 53 ming 571 nafar xotin-qiz kiritilib, ularning barchasiga turli yordamlar koʻrsatildi. “Yoshlar daftari”dagi 19 ming 679 yigit-qizga 23,8 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi. Ularning 18 ming 414 nafari roʻyxatdan chiqarildi.

Aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish eng dolzarb masalalardan. Uyli boʻlmagan oilaning halovati ham, barakasi ham boʻlmaydi. 2022 yilning oʻzida 3219 xonadonli 76 ta koʻp qavatli uy-joy qurilib, zaruriy infratuzilma bilan taʼminlandi. Qayd etish kerakki, respublikada ilk marotaba “Namangan tajribasi” sifatida Yangi Namangan tumanidagi Mustaqillikning besh yilligi mahallasida ikkita besh qavatli 120 xonadonga moʻljallangan munitsipal uylar homiylik mablagʻlari asosida barpo etilib, ehtiyojmand, yolgʻiz va koʻmakka muhtoj ayollarga berildi.

Davlatimiz rahbarining yana bir muhim koʻrsatmalaridan biri viloyatda oliy taʼlim qamrovini oshirish, oliy oʻquv muassasalarini koʻpaytirish borasida muayyan natijaga erishildi. Oliygohlar soni 3 tadan 10 taga yetkazildi. Oliy taʼlimga qamrov darajasi 27,4 foizga yetdi.

Viloyatda 2023 yilda umumiy qiymati 15 trillion soʻmlik loyihalar asosida 31,3 mingta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Joriy yilga moʻljallangan investitsiya dasturiga koʻra, umumiy qiymati 1,1 milliard dollarga teng boʻlgan 1048 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Prezidentimizning Namanganga bu galgi tashrifi Davlatobod tumanida yaqindagina ish boshlagan “Fazman tekstil” kastyum-shim ishlab chiqaradigan korxonadan boshlandi. Yiliga 1 million dona kastyum-shim ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan korxona joriy yilda 15 million dollarlik mahsulotni eksport qilishni rejalashtirgan.

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” kichik sanoat va tadbirkorlik zonasidagi uchrashuv-muloqot gʻoyat koʻtarinki ruhda kechdi. Bu yerda 46 ta loyiha joylashtirilgan. 18 tasi boʻyicha korxonalar ish boshlab yuborgan va bu yerda 2000 dan ortiq kishining bandligi taʼminlanadi. “Master klass dizayn” korxonasida yiliga 150 ming dona charm poyabzal tayyorlanadi. Yiliga 1200 toʻplam mebel ishlab chiqarish quvvatiga ega “Sifat yogʻoch sanoat” va 400 ming dona toʻqimachilik mahsulotlari tayyorlanadigan “Balans teks” korxonalarida qoʻshni mahallalarda yashovchi avval mutlaqo ishsiz boʻlgan yoshlar va ayollar daromad topmoqda.

Azmi qatʼiy, shijoatli namanganliklar Davlatimiz rahbarining tavsiya va takliflarini dasturulamal qilib, tashabbuskorlikni qoʻlga olgan holda ulugʻvor maqsadlar yoʻlida yanada dadillanib, kuch-quvvat olishdi, deb ishonaman.

Hozir biz ijtimoiy masalalar, belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha rejalarimizni tuzib olyapmiz. Har bir tuman, shaharda deputatlarimiz qaysi masalalarni nazoratga olishi, qaysi oyda nima ishlar qilishi aniq boʻladi. Chunki, yutuqlar bilan birga, kamchiliklar, oxiriga yetmay qolgan tashabbuslar ham yoʻq emas. Tomoshabinlik, loqaydlik deputatlarga umuman yarashmaydi.

 

Shohrux MAMAJONOV,

Oʻzbekiston XDP Fargʻona viloyat kengashi raisi oʻrinbosari:

— Prezident har bir tashrifida muhim yangiliklarni boshlab beradi. Fargʻonada bu safar ham shunday boʻldi. Bu haqda biroz keyinroq.

Odamning biror joyi ogʻrisa, eng yaqin shifoxonaga shoshadi. Maqsad tezroq dardiga darmon topish, ogʻriqni kamaytirish yoki sogʻligiga xavf solayotgan masalaning oldini olish, davolashdan iborat. Masofaning yaqinligi bilan birga, koʻrsatiladigan xizmat sifati ham muhim sanaladi.

Keyingi yillarda tibbiyot tizimida sezilarli raqobat yuzaga keldi. Sifat oʻsdi. Xususan, Xalq demokratik partiyasining elektorati hisoblangan nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati viloyatimizda yildan-yilga yaxshilanyapti. Fargʻona viloyatida 80 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslar bor, ularning hammasi ham sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish uchun markazlarga borishga qodir emas.

Tibbiyotda xususiy sektorga imkoniyat berilganidan beri raqobat va sifat oshdi. Bugun Fargʻona viloyatida bunday muassasalar 720 taga yetdi. Natijada nogironligi boʻlgan shaxslar ham shunday zamonaviy tibbiyot xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shunday xususiy klinikalardan biri Fargʻona shahridagi “Meridian” tibbiyot markazi boʻlib, 2021 yil dekabrda foydalanishga topshirilgan. Klinika zamonaviy tashxis va davolash xizmatlari koʻrsatib kelmoqda. Buning uchun Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirilgan. Shifoxona 120 ta statsionar oʻringa, yiliga 2 mingta jarrohlik amaliyotini oʻtkazish quvvatiga ega.

Eʼtiborlisi, oʻtgan yili tibbiyot markazi huzurida universitet ham ochildi. Hozir 600 nafar talaba oʻqimoqda, ularga chet ellik oʻqituvchilar saboq berayotir. Talabalar tibbiyot markazida amaliyot oʻtaydi.

Shu tariqa bu muassasa zamonaviy klinikalar, tashxis markazlari, laboratoriyalar va universitetni oʻzida birlashtirgan tibbiyot klasteriga aylandi. Davlat rahbarining markazga tashrifi uning faoliyatini yanada jonlantirish, yangi loyihalar bilan tashabbus koʻrsatishga undashi shubhasiz. Zero, xususiy sektorning rivojlanishi nafaqat sifatni yaxshilashga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, balki korrupsion holatlarning oldini olish, sohaga zamonaviy texnologiyalar jalb etish hamda mulkdorlar safini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Bu quvonarli holat. Lekin davlat tibbiyot muassasalari faoliyati boʻyicha deputatlik va jamoatchilik nazoratini tashkil etish zarurati katta. Deputatlarimiz hamjihat, hamfikr boʻlib, sohaning ichiga chuqurroq kirishimiz kerak. Shuning uchun tibbiyot tizimidan yaxshi xabardor deputatlar, faollarimiz bilan muloqot tashkil qilib, rejalarimizni belgilab olishimiz zarur.

 

Mavluda JOʻRABOYEVA,

Namangan viloyati Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona markazi direktori:

– Allomalardan biri kitobga taʼrif berar ekan, uni zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va oʻzining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga tashiyotgan hikmat kemasiga qiyoslaydi. Kitob har qanday zulmatni yoritish kuchiga ega boʻlgan ziyodir aslida. Bunday xazinalar jamlangan manzil esa kutubxonadir.

Prezidentimizga viloyatimizga tashrifi chogʻida Namangan shahrining Davlatobod tumanida joylashgan “Yangi Oʻzbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasini ham borib koʻrdi. Ushbu kutubxona umumiy qiymati 24,4 milliard soʻmlik loyiha, 2021 yil foydalanishga topshirilgan. Oʻshanda mazkur ziyo maskani 30 mingdan ziyod kitob fondiga ega edi. Bugungi kunda turli badiiy va ilmiy adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalar soni 70 ming donaga yetdi. Mazkur zamonaviy kutubxonaning yana bir afzalligi jahondagi eng yirik hamda nufuzli elektron kutubxonalar tarmogʻiga ulangan.

Toʻgʻrisi, mana shular haqida gapirar ekanman, oʻtmish yodimga tushadi. Har bir qishloqda kutubxona boʻlardi. Keyinchalik esa ular yoʻqolib ketdi va kutubxonalar qogʻozda ishladi, hisobot uchun faoliyat yuritdi. Amalda esa eʼtibordan chetda qolib, kitobxonlar uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilmadi. Mavjud fondlar yangilanmadi, borlari ham boy berildi. Oxir-oqibat kutubxonalarning ham aksari yopildi. Shunchaki yopilmadi, ilm maskanlari oʻrniga savdo doʻkonlari ochildi yoki boshqa binolar qurildi. Bu achchiq haqiqatni katta yoshdagilar bugun yaxshi eslasa kerak.

Oxirgi yillarda Davlatimiz rahbari boshqa sohalar qatorida kitobxonlikni rivojlantirish, ilgari yoʻqotilgan infratuzilmani tiklash masalasiga astoydil kirishdi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

“Yosh kitobxon” yoki “Yosh kitobxon oila” tanlovlari oʻtkazilayotgani va uning gʻoliblariga “Prezident sovgʻasi” berilayotgani butun mamlakat yoshlarini qoʻliga kitob olishga undadi. Har yili millionlab yoshlar kitob dunyosiga oshno tutinmoqda. Bu juda katta motivatsiya aslida.

Shu yoʻnalishdagi ishlardan anglash mumkinki, Prezidentimizning eng katta orzularidan biri – bir vaqtlar boy berilgan kitobxonlik tuygʻusini yana xalqqa qaytarish edi. Bu ezgu maqsadning asosida ulkan yaxshiliklar koʻzlangan. Asosiysi, kitobga yaqinlik bor mamlakatda inson kapitali, toʻgʻri dunyoqarash rivojlanadi. Yoshlarda toʻgʻri dunyoqarash boʻlishi juda muhim.

Prezidentimiz juda muhim topshiriq berdilar. Endi barcha tumanlarda yoshlarning har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoiti mukammal shunday maskanlar vujudga keladi. Hozirgi kunda viloyatda 1055 ta har sohaga karashli kutubxona mavjud. Lekin axborot-kutubxona markazlarining oʻrni boshqacha. Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan hokimlarimiz albatta, bu topshiriqlarni amalda bajarishlarini koʻramiz. Ammo, axborot-kutubxona markazlari xodimlarining oylik maoshlari kamligi sababli kadrlar qoʻnimsizligi bor. Shu bilan birga, markaziy kutubxonalarga koʻchma kutubxonalar uchun bibliobuslar kerak. Bu borada ham masʼullarimiz qarab turmasligiga ishonaman. Xalqqa xizmat oliy himmatdir.

 

Mastura SAYFIDDINOVA,

“Quva anori” agrofirmasi rahbari, xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashidagi Oʻzbekiston XDP guruhi aʼzosi:

— Davlatimiz rahbari oʻtkazgan yigʻilishda oʻtirib nimani oʻyladim, bilasizmi? 24 soat ishlaydigan davrimiz kelganini tushunib yetdim. Klasterga mendan nima yordam kerak, deb soʻrayaptilar. Bu nimani koʻrsatadi? Oʻsha yerga qadalgan urugʻdan tayyor mahsulot qilib, jahon bozoriga olib chiqishni koʻrsatadi. Biz uchun shuncha imkoniyatni kim yaratib beryapti? Davlatimiz rahbari, albatta.

Qishloq xoʻjaligidagi ekin maydonlaridan birgina bizning viloyatimizda 34 ming nafar yoshga hamda 11 ming nafar xotin-qizga 10 yillik shartnoma asosida 20 sotixdan yer ajratib berildi. Qarangki, ularning har biri bir necha martadan ekin ekib, oila byudjetini yaxshiladi. Bu oqilona siyosatning birgina koʻrinishi, xolos.

Juda koʻp ota-onalar farzandlarini chet eldan chaqirib olyapti. Oʻgʻlim yoki qizim kel, yoshlarga juda katta eʼtibor berilyapti, bagʻrimda boʻlgin, deb ularni yurtga qaytaryapti. Bu shukronalik, hayotimizning tubdan oʻzgarishi, deb bilaman.

 

Dilbar MAMADJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi:

— Fargʻona viloyati barcha jabhalarda faol va tashabbuskor boʻlishga intiladi. Birgina xizmat sohsining oʻzida oʻtgan yilda 3,3 trillion soʻmlik 1 611 ta loyiha ishga tushdi. Hududiy korxonalar tomonidan 786,4 million dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Bu galgi Prezidentimizning Fargʻonaga tashrifi doirasida Qoʻshtepa tumanidagi “Global textile infinity” klasterining toʻqimachilik korxonasi ishga tushdi. Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning toʻliq jarayoni yoʻlga qoʻyilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari oʻrnatildi. Mazkur korxonada 3 ming nafarga yaqin fuqaroning bandligi taʼminlanadi.

Taʼkidlash joiz, yaqin yillarda ham Qoʻshtepa tumani qizil hududga kiritilib, iqtisodiy koʻrsatkichlari past boʻlgan edi, endilikda esa tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1 trillion soʻmdan oshdi. Quvasoy shahridagi “Art soft ceramics” yirik ishlab chiqarish korxonasi yiliga qariyb 3 million kvadrat metr keramogranit mahsulotlar tayyorlash quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda 350 nafar odam mehnat qilmoqda. Mahalliylashtirish darajasi 100 foiz boʻlgani bois tovarlar xorijnikidan ancha arzon narxlarda bozorga chiqarilmoqda.

Shuningdek, ularning 35 foizi Rossiya, Qirgʻiziston va Tojikistonga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida, bir vaqtlar oʻzining chinni mahsulotlari bilan dunyoga dongʻi taralgan Quvasoy shahrining yangi istiqbolini belgilaydi.

Umuman olganda, viloyatning qaysi tumaniga bormang, oʻziga xos ishlab chiqarish, hunarmandchilik yoʻnalishlari, sanoat rivojlanishi yoki qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish, bogʻdorchilik rivojlanganligiga guvoh boʻlasiz. Misol uchun, Quva oʻzining anorlari bilan dunyoga dong taratgan boʻlsa, Oltiariq shirindan shakar uzumlari bilan mashhur. Koʻhna Margʻilonda esa ipakchilik sanoati rivojlangan.

Vodiyning gavhari Margʻilon qadimiy shaharlardan biridir. Margʻilonda hunarmandchilik IX asrdan boshlab keng tarqalgan. Margʻilon tarixda hunarmandlar shahri sifatida ham dong taratgan. Xitoyliklardan ipak yetishtirishni oʻzlashtirish va uni dunyoga yoyish ham ana shu shahar tarixi bilan bogʻliq. Bu yerda tayyorlangan ipak matolar nafaqat yurtimizda, balki dunyo bozorlarida ham nihoyatda eʼzozlanadi.

Darvoqe, toʻqimachilik va ipak toʻqish sanoati — dastgohlar ham ilk bor shu shaharda paydo boʻlgan. Bu yerda hunarning biror turi yoʻqki, margʻilonliklar shugʻullanishmagan boʻlsin. Margʻilonlik hunarmandlar tayyorlagan goʻzal, bejirim, didingizga mos buyumlarini, matolarini koʻraman desangiz shahar koʻchalari, bozorlaridagi rastalarni bir-bir aylaning. Ana shunda nihoyatda chiroyli, milliy anʼanalar asosida toʻqilgan adras, banoras, beqasam, atlas, shoyi, duxobalarning oʻnlab xillari koʻz oldingizda namoyon boʻladi. Xalqimizning ijodkorligi, yaratuvchiligiga tan berasiz.

Margʻilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markazi yangi inshootlardan biri. Bu maskan oʻzbek hunarmandchiligini jahonga targʻib etish, sayyohlik salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega. Majmuaning birinchi qavatida gilamdoʻzlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan.

Prezidentimiz mazkur turistik markazda boʻlib, u yerdagi hunarmandlarimizning mehnatiga yuksak baho berdi. Bugun fargʻonaliklar ulkan maqsadlar, ezgu niyatlar bilan mehnat qilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan tashrif doirasida belgilab berilgan vazifalar yangi imkoniyatlar eshigining ochilishiga, investitsiyalarning kirib kelishiga hamda qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilib, aholining turmushi darajasi oshishiga zamin yaratadi.

 

Qoʻshsahifani Zilola UBAYDULLAYEVA

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 8.02.2022, №5

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish