Buyuk shoir va mutafakkir, so‘z mulkining sultoni, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi.
Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon eta olgan. Uning asarlari millionlab kitobxonlar qalbidan munosib o‘rin egallagan.
Bu yil buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavallud topganiga 582 yil to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan Zarafshon shahridagi “Yulduz” madaniyat uyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkillashtirildi. Tadbir davomida faol yoshlar Navoiy asarlari qahramonlarini sahnada namoyish etdilar.