Jizzax ahli muammolarini yechish yo‘llari taklif etildi
Jizzax ahli muammolarini yechish yo‘llari taklif etildi

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishar ekan, xalqimiz farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash bundan keyin ham ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolishini ta’kidladi. Ishonamanki, yuksak natijalarga erishiladi. Zero, davlatimiz rahbari har yili mamlakatimiz viloyatlarini aylanib chiqadi va mutasaddilar oldiga tegishli vazifalarni qo‘yadi, keyingi yili berilgan topshiriqlar ijrosini so‘raydi. Xalq bilan ishlash, uning ichida bo‘lish lozimligini tinimsiz ta’kidlaydi va o‘zi ham shunga amal qiladi. Xalq bilan muloqot qilish, uning ko‘ziga boqish bilan uning muammosini sezish, aniqlash, ildizini topish va yechish mumkin.

Prezidentimiz Jizzax ahli bilan uchrashdi, ularning muammolari bilan qiziqdi, ularni yechish yo‘llarini taklif etdi. Tadbirkorlarning ilg‘or yutuqlari bilan tanishdi. Ma’lumki, yurtimizda ishsiz fuqarolarga dehqonchilik uchun yerlar ajratilmoqda. Jizzax viloyatida bu orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta’minlash mo‘ljallangan. Vaholanki, bir paytlar 1 gektar yerni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir Prezidentimiz tashabbusi bilan 200 ming gektar ajratildi. Maqsad – odamlarning daromad topishi.

Keyingi paytlarda butun dunyo tajribasi erkin iqtisodiy zonalar barpo etish manfaatli ekanligini isbotlamoqda. Prezidentimiz “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Oldinlari Jizzax viloyati sanoat ko‘rsatkichlari aholi jon boshiga eng past bo‘lgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 27 ta loyiha amalga oshirilib, 5 ming 300 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Oxirgi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, biznes uchun qulayliklar yanada kengaytirildi. Hozir bu yerda ko‘p turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ular qatoriga 2022 yil oktabrda “Iruskon” qandolat korxonasi ham qo‘shildi. Davlatimiz rahbari uning ish jarayonini, mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Korxonada Rossiya, Turkiya, Germaniya va Italiya tajribasi asosida “Deya” brendi bilan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvati 12 ming tonna. 100 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Kelgusi yil ikkinchi bosqich uchun Germaniya va Turkiyadan yana 5 million dollarlik uskunalar olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida 550 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Iqtisodiy zonada bunga o‘xshash foyda keltirayotgan korxonalar talaygina. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yana 14 loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 5 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari qayerga bormasin yoshlarga, ilm-fan, ta’lim sohasiga e’tibor qaratadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahridagi Qozon federal universiteti filialida bo‘ldi. Bu universitet Rossiyadagi eng qadimiy va keng qamrovli oliy ta’lim muassasalaridan biri. Uning Jizzax filiali o‘tgan yili ish boshladi va bugungi kunda 325 nafar talaba ta’lim olmoqda. Umuman, muassasa 1 ming 88 o‘rinli va 11 yo‘nalishda mutaxassis tayyorlaydi. Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbari muassasa uchun qo‘shimcha bino ajratib, qulayliklarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Jizzaxda eng tez o‘sayotgan sanoat tarmog‘i bu – qurilish va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarish. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 ta yangi korxona tashkil etilgan, 900 million dollarlik 210 ta loyiha ishga tushirilgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 baravar oshib, import bo‘layotgan 110 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtirildi, eksport esa 7 baravar ko‘payib, 35 million dollarga yetdi. Viloyatda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna bo‘lib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil etadi. Lekin, bular ilgari umuman ishlatilmagan. Hozir esa, bazaltdan talab yuqori bo‘lgan 7 xil zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu Forish tumanida 6 ta korxonadan iborat yaxlit klasterga aylandi. Shu bilan birga, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xomashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar bor. Prezident ularga tadbirkorlarni jalb qilib, bozorbop mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Bu yil qurilish materiallari bo‘yicha 460 million dollarlik 31 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Tashrif chog‘ida energetika ta’minotini yaxshilash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Jizzax viloyatida kamida 2 ming Megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat borligi ta’kidlandi. Bundan foydalanib, 270 Megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushirilishi aytildi. Buning hisobiga 236 million kilovatt soat ishlab chiqarilib, tanqislik ortig‘i bilan qoplanadi, jami 71 million kub metr gaz tejaladi. Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 Megavattli yirik quyosh stansiyasi loyihasi boshlanadi. Bu stansiya to‘liq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Jizzax shahrida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kogeneratsiya markazi quriladi. Demakki, aholi va tadbirkorlik subyektlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi.

Xullas, Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, viloyatlarda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi. Mazkur topshiriqlar asosida ishlab chiqiladigan dastur va rejalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatning sanoat, tadbirkorlik, ta’lim va madaniyat sohalarida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga shubha yo‘q.

 

Muqaddas O‘razaliyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish