Markaziy Osiyo parlamentlararo forumi
Markaziy Osiyo parlamentlararo forumi

 

Qozog‘istonning Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi o‘tkazildi. Tadbirda mintaqa mamlakatlari Parlament palatalari delegatsiyalari ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan forumda parlamentlararo aloqalarni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari, yagona ma’naviy-madaniy makonni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Bunday uchrashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Parlament vakillari o‘zaro hamkorlikni har tomonlama faol rivojlantirish, Markaziy Osiyo davlatlarining strategik hamkorligini mustahkamlash va bu jarayonda parlamentlarning o‘rni masalasini muhokama qildilar. Shu bilan birga, forum ishtirokchilari umumiy tarixiy-ma’naviy merosga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratdi.

Forum natijalariga ko‘ra, Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjatda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyoning o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan yagona madaniy-tarixiy makonini shakllantirishga qaratilgan parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rsatildi. Mazkur tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 avgustda Avaz (Turkmaniston) shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida ilgari surgan tashabbusi asosida o‘tkazilganini qayd etish zarur.

Muhim forumning buyuk shoir va mutafakkir, turkiy xalqlarning faxri bo‘lmish Hoja Ahmad Yassaviy yashagan qadimiy va navqiron Turkiston shahrida bo‘lib o‘tganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Mir Alisher Navoiy Hoja Ahmad Yassaviyga “Turkiston mulkining shayxul mashoyixi”, deb yuksak baho bergan.

Ahmad Yassaviy o‘z davrida butun musulmon olamida “Islom dinining quvvati”, deb shuhrat qozongan Buxoroi sharifda Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy kabi mashhur ulamolardan tahsil olgani ota-bobolarimizning doimo safdosh va hamfikr bo‘lib kelganini ko‘rsatadi.

O‘zining diniy-axloqiy qarashlari bilan mintaqamizda ulkan obro‘-e’tibor qozongan hazrat Yassaviyga buyuk Amir Temur chin dildan ixlos qo‘ygani, uning xotirasiga atab muhtasham maqbara bunyod etganini barchamiz yaxshi bilamiz.

Shuningdek, Sohibqiron bobomiz ushbu majmuaning moddiy ta’minoti uchun vaqf tashkil qilgani va bu jamg‘arma asrlar davomida faoliyat ko‘rsatgani el-yurtlarimizning tarixiy birligidan dalolat beradi.

Ma’lumki, Markaziy Osiyo geostrategik va geoiqtisodiy ahamiyatga ega mintaqa hisoblanadi. Mintaqamizda 75 million aholi yashaydi. Xalqlarimiz tarixi va madaniyati, mintaqa mamlakatlarining iqtisodiyoti va infratuzilmasi chambarchas bog‘liqdir. Ana shu yaqinlikni mustahkamlash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyeyov tomonidan nufuzli xalqaro tashkilotlarda qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi, ular jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etildi.

Xususan, 2017 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolutsiyalarining qabul qilinishi ham buning yaqqol dalilidir.

Bildirilgan ushbu istiqbolli taklif va tashabbuslar madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash umumiy tarixiy merosni saqlashga xizmat qiladi. Madaniy-gumanitar hamkorlik Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama kooperatsiyani kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Buyuk ipak yo‘li davridan boshlab Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘ziga xosligi tarixiy-madaniy makonning birligi bo‘lib kelgan, u integratsiya uchun keng imkoniyatlar va madaniy-sivilizatsiyaviy shart-sharoitlarni taqdim etadi, bu esa, o‘z navbatida mintaqaviy ko‘p tomonlama hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Tarixiy-madaniy meros va madaniy-gumanitar hamkorlikni saqlash haqida gapirganda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda “Turkman madaniyati kunlari” (2016 yil), “Tojik madaniyati kunlari” (2017 yil), “Qirg‘iziston madaniyati kunlari” (2018), shuningdek, Turkmanistonda va Qirg‘izistonda (2017), Tojikistonda (2017, 2019 yillarda) “O‘zbek madaniyati kunlari”ning keng nishonlanganini qayd etmoqchiman. Bundan tashqari, 2018 yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili”, 2019 yil O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili”, deb e’lon qilindi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy-ma’rifiy faoliyatga qaratilgan turli darajadagi ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik 1994 yil 10 yanvarda qabul qilingan Madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, turizm va sport sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv asosida amalga oshiriladi.

2021 yil sentabr oyida Xiva shahrida “Xiva jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. 2021 yil 6-8 dekabr kunlari Ostona shahrida “O‘zbek kinosi kunlari” tashkil etildi, 2022 yilning noyabr oyida Qozog‘iston shaharlarida “O‘zbek madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ikki xalqning uzoq tarix davomida shakllangan madaniy-ma’naviy yaqinligini, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik rishtalari mustahkamligini yana bir bor namoyon etdi.

2022 yilning 19 dekabrida Toshkentdagi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida atoqli qozoq yozuvchisi, faylasufi, shoiri va bastakori Abay Qo‘nonboyev merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi.

2018 yil Ostona shahri, 2019 yil Toshkent, 2021 yil Avaza, 2022 yil Cho‘lpon-Ota shaharlarida tashkil etilgan maslahat uchrashuvlarida Markaziy Osiy rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika masalalari bilan bir qatorda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratishdi.

O‘zbekistonda 800 mingdan ortiq qozoq, 300 ming qirg‘iz, 1,5 mln. nafar tojik, 200 ming nafar turkman millati vakillari istiqomat qiladi.

O‘zbekistonda Markaziy Osiyo madaniy markazlari va millatlari jamiyatlari tomonidan mintaqamizning madaniy merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga bag‘ishlangan turli forum va festivallarni o‘tkazish yaxshi ana’anaga aylangan.

Mintaqa mamlakatlarining ilmiy va o‘quv markazlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yoshlarga turli yo‘nalishlar bo‘yicha tajriba almashish imkonini bermoqda. E’tiborlisi, O‘zbekistonda 361 ta qozoq, 50 ta qirg‘iz, 253 ta tojik va 45 ta turkman tilida o‘qitiladigan maktablar faoliyat yuritadi.

Mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va do‘stona munosabatlar davlatlararo aloqalarning strategik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi umumiy shartnomaviy-huquqiy bazasi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bo‘lgan 950 dan ortiq hujjatni tashkil etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo-iqtisodiy hamkorligi yil sayin oshmoqda. Tovar va xizmatlar turi kengaymoqda, bu esa o‘z navbatida davlatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash sur’atini oshirishga xizmat qilmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalariga yuksak e’tibor qaratayotgani zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Barcha millat va elat vakillarining huquq va erkinliklarni himoya qilish, mintaqa yoshlarining sifatli ta’lim olishi, sog‘liqni saqlash bo‘yicha mavjud salohiyatini rivojlantirish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha qulay sharoitlar yaratish borasida keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish parlament vakillarining zimmasidagi asosiy vazifalardandir.

 

Dilorom Imomova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish