O‘zXDP deputatlari talabalar turar-joylarini o‘rganmoqda
O‘zXDP deputatlari talabalar turar-joylarini o‘rganmoqda

 

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022/2023-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 191 ta oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni bir milliondan oshgan.

Oxirgi paytlarda talaba bilan yonma-yon yuradigan uning turar joy muammosi dolzarblashdi. Talabalar sonining o‘sishi holatida turar joy tanqisligini bosqichma-bosqich bartaraf etish ham ayni damda zaruratga aylangan. Shu sababli O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari hududlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlash holati, bu boradagi tizimli muammolar va ularni hal etish bo‘yicha oldinda turgan asosiy vazifalarni hal qilish yuzasidan ishchi guruhlar tuzib, manzilli o‘rganishga kirishildi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini tahlil qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ishchi guruh o‘rganadigan masalalar aniq rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikada bo‘lgan 228 ta talabalar turar joyida 58 ming nafar talaba yashayapti va bu mavjud ehtiyojning ma’lum bir qismini qoplaydi, xolos. Yotoqxonaga qo‘shimcha ehtiyoji bor talabalar soni 149 ming 400 nafarni tashkil etmoqda. O‘rganish davomida qator muhim savollarga javob topish ko‘zlangan. Xususan, talabalarni turar joylarga joylashtirish tizimi to‘liq raqamlashtirilganmi? Qancha talabaga imtiyozli ravishda yotoqxonalar berilgan?

Prezidentning 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, ijarada yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalariga davlat budjeti hisobidan yordam berilishi belgilangan. O‘rganishda bu masala ham alohida e’tiborda bo‘ladi.

Talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalalarini atroflicha o‘rganish bo‘yicha tuzilgan savolnoma asosida barcha hududlardagi oliy ta’lim muassasalari deputatlik va jamoatchilik nazorati doirasida bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish