Buxoro viloyatining Vobkent tumanida mahalliy Kengashlarga partiyadan saylangan deputatlarning o‘zaro tajriba almashishi, faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston XDPning eng faol deputati” ko‘rik-tanlovining birinchi bosqichiga start berildi.
Xalq deputatlari Vobkent tuman Kengashida partiya ro‘yxati asosida saylangan 7 nafar, viloyat Kengashiga saylangan 1 nafar jami 8 nafar deputatdan 7 nafari ushbu ko‘rik-tanlovning tuman bosqichida ishtirok etish uchun ariza bilan O‘zbekiston XDP Vobkent tuman Kengashi raisiga murojaat qilib, tegishli hujjatlarni taqdim etishgan edi.
Bugun ushbu 7 nafar deputat ko‘rik-tanlov Nizomiga asosan 3 shart asosida bellashib, o‘zlarining aholi muammosini hal etishning eng samarali yo‘llari borasidagi takliflari, siyosiy hozirjavobliklarini hamda o‘zlari sevgan mashg‘ulotlaridan namunalar ko‘rsatish orqali o‘z iste’dodlarini namoyon qilishdi.
Ko‘rik-tanlovning barcha shartlari yakuni bo‘yicha 4-Istiqlol saylov okrugidan saylangan deputat, Vobkent tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori G‘olib Karomatulloyevich Amonov g‘olib deb topilib, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Shuningdek, ko‘rik-tanlovning qolgan ishtirokchilari ham ikkinchi va uchinchi darajali diplomlar, turli nominatsiyalar bo‘yicha sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.