Talabalar turar-joylaridan talabalar mamnunmi?
Talabalar turar-joylaridan talabalar mamnunmi?

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi deputatlari hududlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlash holati, bu boradagi tizimli muammolar va ularni hal etish bo‘yicha oldinda turgan asosiy vazifalarni belgilab olish maqsadida ishchi guruhlar tuzib, haqiqiy ahvolni bilish maqsadida manzilli o‘rganmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi, partiya Markaziy Kengashi rais o‘rinbosari U.Vafayev, XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i B. Yusupov, mas’ul xodim J. Olimov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi N.Eshmetovalardan iborat ishchi guruh a’zolari Toshkent davlat texnika universitetida bo‘lishdi. Mazkur oliy o‘quv yurtida umumiy talabalar soni 23268 nafar bo‘lib, 5214 nafar talaba vaqtinchalik turar joyga ehtiyoji borligini bildirib ariza topshirgan. Shundan 4357 nafari talabalar turar joylariga joylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich talabalar turar joylariga bo‘lgan ehtiyojning 84% ini tashkil qiladi. Shuningdek 5215 nafar talabalar ijarada yashaydi. Hozirgi kun holatiga universitetda tahsil olayotgan 857 nafar talabalarning talabalar turar joyiga ehtiyoji bor. Bu ko‘rsatkich 2023-2024 o‘quv yilida ikki barobarga oshib 1500 nafardan ortiq bo‘lishi kutilmoqda.

Toshkent davlat texnika universitetiga qarashli barcha talabalar turar joylari kerakli barcha mebellar bilan jihozlangan. Umumiy ovqatlanish xonalari, yuvinish va sanitar xonalari mavjud. Qolaversa, TTJ binolarida ma’naviyat xonalari, kompyuter xonalari va sport zallari ham talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun doimiy xizmat qilib kelmoqda. Bundan tashqari har bir talabalar turar joyida 450 tadan kitoblar jamlanmasi, QR kodli kitoblar jamlanmasi mavjud. Hozirgi kunda talabalar turar joyi kutubxonalaridagi kitoblar fondi 4500 tani tashkil etadi. TTJ larda nogironligi bo‘lgan talabalarning qulayligi uchun ular quyi qavatlarga joylashtirish tizimi joriy qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari A. Temirov, U. O‘razboyev, partiya Markaziy Kengashi mas’ul xodimi F. Elmurodovdan iborat ishchi guruh a’zolari esa O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar-joy bilan ta’minlash holatini o‘rganishdi.

Bugungi kunda ta’lim muassasasida jami 21779 nafar talaba tahsil olmoqda. 2022-2023 o‘quv yilida 3398 nafar talabalikka qabul qilindi. Qabul qilingan talabalarning 1237 nafarining turar joyga ehtiyoji mavjud bo‘lib, 817 nafar talaba imkoniyatdan kelib chiqib yotoqxona bilan ta’minlangan. Universitetda tyutorlar tomonidan talabalarga darslar boshlangunga qadar ijara shartnomalari shakllantirilgani tufayli uybor.uz platformasidan uy topishi uchun talabalarni ehtiyoji yo‘q. Tyutor va dekan muovinlari tomonidan talabalarni ijara uylariga joylashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilgan. Jumladan tyutorlarning bevosita ishtiroki hamda ularning sa’y-harakatlari bilan 1017 nafar talaba ijara xonadonlariga joylashtirilgan.

Talabalarning ijara xonadonlaridagi yashash sharoitlari o‘rganilib, “qizil”, “yashil”, “sariq” toifalarga ajratilgan.

“Qizil” toifali ijara xonadonida istiqomat qiluvchi 69 nafar talabaning yashash sharoiti o‘rganilib, ularning 45 nafari TTJ ga, 24 nafari “yashil” sharoitli ijara xonadoniga ko‘chirib o‘tkazilgan.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish