Murojaatlar, qurilish loyihalari o‘rganildi
Murojaatlar, qurilish loyihalari o‘rganildi

 

Ma’lumki, oyning so‘nggi haftasida deputatlarning o‘z saylov okruglarida saylovchilari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuvlarda xalq bilan muloqot qilish va shu orqali bugungi kunda ularni qiynab turgan muammolar va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar olinadi.

Navbatdagi uchrashuvlar Farg‘ona tumani Xalq qabulxonasida fuqarolar qabuli bilan davom etdi. Qabulga kelgan 64 nafar fuqarodan 62 ta masalada murojaatlar tushdi. Xususan, fuqarolarning aksariyati ishga joylashish, moddiy yordam, kommunal sohasidagi muammolarni bartaraf etilishi va oilaviy muammolar hal qilinishi bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilishdi. Murojaatlarni joyida hal etish choralari ko‘rildi, har bir murojaatni qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Qabul davomida “Vodil” MFYda yashovchi fuqaro G.Nematova 1-sonli tibbiyot kolleji hamshiralik ishini tamomlagan, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylash masalasida murojaatiga asosan “Eko kerama” zavodidan ish taklif etildi va fuqaro roziligini bildirdi. Shuningdek, “O‘zbekiston” MFYda yashovchi fuqaro Z.Hoshimova qizi Arofatxonni turmushga uzatishi va o‘g‘lining sunnat to‘yi uchun moddiy yordam, ya’ni velosiped va qo‘y olib berishda yordam so‘radi va uning murojaati o‘rnida hal etildi.

Saylov okrugida davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham vakillar ishtirokida o‘rganib chiqildi.

Yakuniga yetkazilmagan qurilish obyektlaridagi mavjud muammolar va ularning sabablari o‘rganildi. Xususan, tumanning “Yuqori archa” mahalla fuqarolar yig‘inida qurilayotgan 14-o‘rta umumta’lim maktab filiali, “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 41-o‘rta umumta’lim maktabi, “Chimyon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 11-sonli MTTda olib borilayotgan qurilish ishlarining holati o‘rganildi hamda muammolarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish belgilandi.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish