Prezident tashrifi Surxon eli hayotida o‘chmas iz qoldiradi
Prezident tashrifi Surxon eli hayotida o‘chmas iz qoldiradi

 

Davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga har galgi tashrifini surxondaryoliklar orziqib kutadi. Sababi, tashrif asnosida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi vohaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta o‘zgarishlarga asos bo‘ladi.

Aytish kerak, keyingi yillarda viloyatda ko‘plab sohalarda o‘sishga erishildi. Zamonaviy korxonalar ishga tushmoqda, shaharu qishloqlar obod bo‘lib, tasavvur qilmagan baland imoratlar qad rostlab, turmush darajasi yuksalmoqda.

Prezidentimiz aholi uchun eng ko‘p qayg‘uradigan, asosiy e’tibor beradigan masalalardan biri uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash. Albatta, insonni o‘zini baxtiyor his etishida “kichik vatan”iga ega bo‘lishi muhim. Shu asosda birgina o‘tgan yili viloyat miqyosida 3 ming 390 xonadonli 92 ta uy-joy bunyod etildi. Qanchadan qancha oilalar orziqib kutgan baxtiyorlikka erishdi.

Jamiyatda inson yuksalishi, o‘zi, oilasi va vatanining farovonligiga xizmat qilishida foydali ish bilan band bo‘lishi alohida ahamiyatga ega. Ushbu masala ham davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, viloyatda 2016 yil 25 ming 674 korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuniga kelib ularning soni qariyib ikki baravarga, 46 mingdan oshdi. E’tiborli jihati, yuqori sur’atdagi o‘sish qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish kabi tarmoqlarda ham kuzatildi.

Prezidentimizning bu galgi tashrifida viloyat faollari bilan uchrashuvda vohada aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish masalasiga to‘xtaldi. Davlat rahbari viloyatda 102 ming rasmiy ishsiz borligini aytdi. Aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida bir qator loyihalar, ularning manbalarini belgilab berdi.

Ayrimlariga to‘xtalsam. Viloyatda 1 iyulgacha oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 1,1 trillion so‘mga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Shuningdek, 2023 yilda mahallalarga oilaviy tadbirkorlikni olib kirish orqali 31 ming, kasanachilikda salohiyati bor 212 ta mahallada yangi tizim orqali mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 31 ming, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali 4 ming, yangi kasblarga o‘qitish, o‘zini-o‘zi band qilish orqali 20 ming kishini bandligini ta’minlash zarurligi belgilandi.

Tashrif davomida davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, 6 ta yangi korxonani ishga tushirgani viloyat aholisini behad xursand qildi. Zero, mazkur korxonalar 2 mingta yangi ish o‘rni yaratadi, ularning faoliyati tufayli viloyat ishlab chiqarishiga 370 milliard so‘m, eksportiga 20 million dollar qo‘shiladi. Bu ko‘plab oilalar daromadli bo‘ladi, hududlar obod, ko‘ngillar shod, ijtimoiy-iqtisodiy kayfiyat ko‘tariladi, deganidir.

Prezidentimizning bu galgi tashrifi ham Surxon eli hayotida o‘chmas iz qoldirishi shubhasiz.

 

Firdavs Sharipov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish