Inson manfaati har narsadan ustun
Inson manfaati har narsadan ustun

 

Samarqand viloyatining Jomboy va Payariq tumanlarida o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Vafoyev hamda mahalliy Kengash deputatlari faol ishtirok etib, mamlakatimizda o‘tkaziladigan referendumning maqsadi va Bosh Qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyatini fuqarolarimizga tushuntirib borishmoqda.

Uchrashuvlarda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar bo‘lyapti. Manzilli ijtimoiy himoya tizimi yaratildi, iqtisodiyot erkinlashib, xususiy mulk egalari ko‘payib boryapti, madaniy hayotimizda, sport sohasida yoshlarimizning yutuqlari kundan-kunga oshib boryapti, parlamentarizm va sud-huquq sohasida ham demokratik o‘zgarishlar qilinyapti. Xalqimizni qarashlari o‘zgarib, huquqiy ongi oshib boryapti, davlat organlari ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilyapti.

Bundan tashqari, naqd pul, valuta muammolari hal qilindi, qo‘shni mamlakatlar bilan oramizdagi munosabatlar yaxshilandi va hokazo yana boshqa ishlarni sanab o‘tish mumkin. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, ularni, albatta, Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish lozim. Konstitutsiyamiz zamondan orqada qolib ketmasagina, u shiddat bilan olib borilayotgan islohotlarimizning Bosh huquqiy asosi bo‘lib xizmat qila oladi, tinch va osuda hayotimizning kafolati bo‘la oladi.

Shuningdek, mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Aholimiz 2040 yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.

Bular va boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolar yechimi mustahkam huquqiy poydevorni – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini taqozo etadi. Aynan shuning uchun ham yurtimizda Konstitutsiyaviy islohotlar olib borilmoqda.

Ulug‘bek Vafoyev tomonidan ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirishni, ya’ni - inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan. Inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar bir necha karraga ortmoqda, o‘z navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravarga oshmoqda.

Tadbirlarda so‘zga chiqqanlar, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashlarini hamda xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy Qonunga befarq bo‘lmasdan, albatta refrendumda faol ishtirok etishlarini ma’lum qilishdi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish