Konstitutsiya har qanday davlatning asosiy qonunidir. U jamiyat uchun ishlashi, uning talab va ehtiyojlarini qondirishi kerak. Konstitutsiyaning mazmuni — mamlakatning davlat, ijtimoiy va siyosiy hayotining barcha asoslarini belgilashdan iborat. Boshqacha aytganda, u huquq tizimining asosi va poydevori bo‘lib, boshqa barcha qonunlar uning asosida quriladi. Lekin, shu bilan birga, Konstitutsiya qat’iy, o‘zgarmas hujjat emas. Agar Konstitutsiyani o‘zgartirish zarurati paydo bo‘layotgan bo‘lsa, demak, bu jamiyatning evolutsion rivojlanishiga asoslangan holda O‘zbekistonda yaqin kelajakda bo‘lgan maqsadlarimizni belgilab olish, ochiq va ishonchli davlat qurish uchun hayotiy zaruratdan dalolat beradi.
Respublikamizning barcha joylaridagi kabi Yakkabog‘ tumanidagi turli muassasa, tashkilotlarda ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tashviqot va targ‘ibot ishlari, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri tumandagi Jiyda MFYdagi 58-maktabda bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zXDP tuman Kengashidagi 4-Jiyda saylov okrugi deputati A. Axmedov so‘zga chiqib, referendumning mazmun-mohiyati, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, referendumda faol ishtirok etish yuzasidan yig‘ilish ishtirokchilariga tushunchalar berib o‘tdi.