Millat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi
Millat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi

 

Yoshlik — inson umrining eng go‘zal, kuchga to‘lgan, g‘ayrat-shijoati vujudiga sig‘maydigan, “tog‘ni ursa talqon qiladigan” davri hisoblanadi. Zero, ular O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinayotgani sababi ham shunda. Yurtimizda yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi shu qadar keng ochib berildiki, bunday imtiyoz va imkoniyatlar hech bir davlatda yo‘q, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga katta e’tibor qaratdi. Hozir hokimlardan tortib, har bir idora rahbarlarining yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazishi yaxshi an’anaga aylandi. Bunday muloqotlar orqali yoshlarning juda ko‘p muammolari tez yechim topyapti.

Yurtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun – 2016 yil 14 sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam.

Zero, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish g‘oyatda muhim. Shu sababli o‘tgan davrda yoshlar siyosati bo‘yicha ishlarni mahallada tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 400 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor o‘g‘il-qizlardan iborat yoshlar yetakchilari tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyat yaratildi.

Birgina 2022 yilning o‘zida yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion so‘m kredit ajratilib, 150 mingta loyiha ishga tushdi, 325 mingta ish o‘rni yaratildi. 43 ming gektar ekin maydoni ajratilgan holda, 435 ming yoshlar bandligi ta’minlandi. 32 mingdan ziyod yoshlar subsidiya asosida asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuter bilan ta’minlandi.

E’tibor bering, bu atigi bir yilda amalga oshirilgan ishlardir. Agar so‘nggi olti yildagi o‘zgarishlar haqida gapirsak, ularni so‘z bilan ifodalash qiyin.

Yangi O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida gapirganda, albatta, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirilganini alohida qayd etish kerak. Chunki, 130 ming talaba yoshlarga 1,7 trillion so‘m ta’lim krediti berilib, xotin-qizlarning magistraturada o‘qishi bepul bo‘lgani kichik natija emas.

Yoki 53 ming nafar ehtiyojmand talabalarga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘langan bo‘lsa, 81 ming talabaga uy-joy ijara to‘lovi ajratildi, 15,5 ming yoshlarga harbiy xizmat uchun mablag‘ to‘lab berildi. E’tiborli jihati, “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Bundan buyon mamlakatimizda ertamiz egalariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayadi, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tayinli ishli, daromadli bo‘lishi, umuman, murod-maqsadiga yetishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni eshitib bunga yaqqol amin bo‘ldik.

Yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan birga, so‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarga shuncha sharoitlar yaratilayotganiga qaramay, ayrim hokimlar va vazirlar yoshlar masalalari bilan jiddiy shug‘ullanmayotgani ochiq-oydin tilga olindi.

Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to‘xtalar ekan, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishini bildirdi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Endilikda ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ishlanadi.

Masalan, yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 million yoshlar “yaxshi” toifaga, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh “o‘rta” toifaga kiritildi.

Davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli og‘ir” toifasiga alohida ajratib olindi.

Har bir vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan e’tiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi. Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar esa asosiy e’tiborni “o‘rta” toifaga kirgan 4,6 million yoshlar bilan ishlashga qaratadi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan munosabat butunlay o‘zgardi. Hech bir yosh davlatimizning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolayotgani yo‘q. Yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar shubhasiz, yoshlarning butun qobiliyati va iqtidorini yurt koriga yarash uchun ishlatishdan qoniqish hissini tuyishga undadi.

 

Jahongir KABIRJONOV,

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi ijrochi kotibi.

 

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish