O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlarini respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab qizg‘in davom ettirmoqda.
Ochiq osmon ostidagi navbatdagi bayromona tadbir Farg‘ona shahrida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali alleyasida bo‘lib o‘tdi.
“Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi muloqotda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Farg‘ona qadimdan bog‘dorchilik, hunarmandchilik, ayniqsa, ipakchilik mahorati bilan dunyoda nom qozongan. Ilmu hunarga, san’atga mehri baland tanti insonlar Konstitutsiya yangilanishiga befarq emas.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova so‘zga chiqib, Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini ilk kunlardanoq qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani birinchi moddadayoq qat’iy belgilanib, keyingi moddalarda bu qoida rivojlantirilayotgani, yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga asos bo‘ladigan ulkan islohotlar bardavom bo‘lishi haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 42-moddasida har kim mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz adolatli haq olish huquqiga ega ekani, 43-moddada davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi belgilanmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish majburiyati davlatga yuklanishi ijtimoiy davlat xalqimizga xizmat qiladigan davlat bo‘lishining, jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy bo‘linishlarga yo‘l qo‘yilmasligining kafolatiga aylanadi.
Kuchli ijtimoiy yondashuv yangilanayotgan Konstitutsiyaning boshqa qator moddalarida ham aks etmoqda.
Xususan, 47-moddada har kim uy-joyli bo‘lish huquqini kafolatlash uchun sharoit yaratish davlatning zimmasida bo‘lishi, 48-moddada esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqliligi belgilab qo‘yilyapti.
Kuy-qo‘shiq, xursandchiliklarga ulanib ketgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi me’yor va qoidalar aholi vakillariga ma’qul bo‘layotgani, uchrashuv va muloqot jarayonlarida xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirishdi.
Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati