O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi targ‘ibot tadbirini Samarqand viloyat Jomboy tumani G‘azira qishlog‘idagi markaziy stadionda o‘tkazdi. Unda partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Ma’lumki, Samarqand mamlakatimizdagi muhim iqtisodiy va madaniy mintaqa hisoblanadi. Qadim o‘tmishga ega ushbu yurt bugungi kunda ham taraqqiyot markazi sifatida xizmat qilmoqda. 2022 yil Samarqand viloyati va xalqi hayotida muhim yangilik va o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Samarqand xalqaro turistik markazining faoliyat boshlashi hamda bu yerda qisqa vaqt ichida bir nechta yirik xalqaro forumlar o‘tkazilgani alohida e’tirofga loyiq.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, unga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylangan Samarqand ahlini befarq qoldirmasligi aniq. Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiriga yuzlab fuqarolar to‘plangani ham so‘zimizning isbotidir.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Ulug‘bek Vafayev so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida eng avvalo inson haq-huquqlarini himoyalash, davlatning fuqarolar oldidagi majburiyatlarini oshirishga katta mas’uliyat bilan yondashilganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Tadbir davomida yangi me’yorlarning mazmun-mohiyati, ta’lim rivoji va yoshlar hayotidagi o‘rniga doir muhim jihatlar xususida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olyapti.
Xususan, 79-moddada davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilmoqda. 44-modda bilan majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi belgilab qo‘yilyapti.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Bosh qomusimizning mamlakatimiz hayotida tutgan o‘rni, unga kiritilayotgan yangi qo‘shimcha va o‘zgarishlar xalqimizning turmush farovonligiga, inson qadrining yuksalishiga xizmat qilishini ta’kidlab, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Ochiq osmon ostidagi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida bayramona kayfiyatda davom etmoqda.