Hech qanday “manfaat” g‘oyalarimizdan kechib, “kelishish”ga sabab bo‘la olmaydi
Saylovlar yakunlangach, yangi parlament shakllanishi arafasida Qonunchilik palatasidagi ko‘pchilik qaysi partiyalar fraksiyalari tomonidan tashkil etilishi haqida turlicha fikr-mulohazalar bildirilyapti. Bu tabiiy demokratik holat.
Ma’lumki, saylov natijalariga ko‘ra hech qaysi partiya parlamentda mutlaq ko‘pchilik o‘rinni egallay olmadi. Endi partiyalar fraksiyalari o‘zaro birikib, parlamentda ko‘pchilik bo‘lish uchun intiladi.
Eng ko‘p deputatlik o‘rnini egallagan partiya sifatida O‘zLiDePda bunday imkoniyat ko‘proq. Shunday ekan, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi parlamentdagi ko‘pchilikka nisbatan muxolif pozitsiyasida bo‘lishi ko‘proq aniq.
Shu o‘rinda “muxolifat” tushunchasiga to‘xtalib o‘tish lozim. “Muxolifat” arabcha so‘z bo‘lib, kelishmovchilik, munosabatlarning teskari bo‘lishi ma’nosini anglatadi.
Bizning zamonimizda “muxolifat” siyosiy atamaga aylangan va amaldagi hukumat faoliyatiga asosan tanqidiy qarash hamda muqobil g‘oyalarga ega siyosiy kuch tushuniladi.
Bo‘lib o‘tgan saylovlarda mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar g‘oyaviy platformalari asosida saylovoldi dasturlarini e’lon qildilar.
Yuzaki qaralganda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlari barcha partiya dasturlarida bir xilga o‘xshaydi. Lekin sinchiklab e’tibor berilsa, Liberal demokratik partiya va Xalq demokratik partiyasi dasturlarida prinsipial farqlarni ko‘rinadi.
O‘zLiDeP liberal g‘oyalarga sodiq qolgan holda, iqtisodiyotni to‘liq bozor tizimiga o‘tkazishni, ijtimoiy sohaga ham bozor munosabatlari tatbiq etilishini taklif etmoqda. Xalq demokratik partiyasi esa jamiyatda keskin tabaqalanishga yo‘l qo‘ymaslik va natijada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy taranglikning oldini olishni taklif qiladi. Buning uchun, albatta, ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat qoidalariga rioya etilishi zarur.
Biz bozor iqtisodiyotiga qarshi emasmiz, lekin iqtisodiy ijtimoiy islohotlar natijasida aholining katta qismining hayot sharoitlari yomonlashuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Taklif etayotganimiz “Davlat minimal ijtimoiy standartlari haqida”gi qonun har bir fuqaro uchun davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar turi va hajmini kafolatlaydi.
Bozor iqtisodi rivojlangan davlatlarda ham birlamchi iste’mol tovarlari narxlari va xizmatlar tariflari davlat tomonidan muvofiqlashtiriladi, bu esa o‘z navbatida aholida davlatga nisbatan hurmat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Parlamentda qancha o‘rin egallashidan qat’i nazar, Xalq demokratik partiyasi o‘z g‘oyalariga sodiq qoladi, hech qanday “manfaat” g‘oyalarimizdan kechib, “kelishish”ga sabab bo‘la olmaydi. Biz xalqimizning barcha vakillari farovonligi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi, bir so‘z bilan aytganda, “Xalq manfaatlari hamma narsadan ustun” degan bosh g‘oyamiz uchun kurashamiz.
Maqsuda VORISOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat,
O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari