Endi urush bo‘lmasin!
Endi urush bo‘lmasin!

 

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqimizning eng ezgu fazilatlari yanada yorqin namoyon bo‘ladi.

Darhaqiqat bugungi kunda yurtimizda istiqomat qilayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining nafaqat ushbu bayram arafasida, balki doimiy ravishda xalqimiz e’zozi va davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan har tomonlama munosib e’tibor markazida yashayotganligi shubhasizdir.

Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt o‘limiga, mislsiz yo‘qotishlar va talofatlarga sababchi bo‘lgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirg‘inlardan biri sifatida tarixda muhrlanib qoldi.

Bugungi kunda esa oramizda ikkinchi jahon urushi dahshatlarining guvohi bo‘lgan kishilar tobora kamayib bormoqda.

Yoshlikning navqiron chog‘larini urush olovlarida, janggohlarda o‘tkazib, hozirgi tinch va osuda hayotimiz uchun kurashgan insonlar jasorati beqiyosdir.

Ushbu haqiqatni, umuman urush tufayli butun insoniyat boshiga tushgan mislsiz jabru-jafolarni o‘sha urushlarda qon to‘kib jon bergan ota-bobolarim taqdiridan, qolaversa Afg‘on urushida qatnashib o‘q yegan turmush o‘rtog‘im hayotidan yaxshi bilaman.

Urush davrida yashagan, unda ishtirok etgan yurtdoshlarimning o‘z ona yurti himoyasi yo‘lida ko‘rsatgan qahramonliklarini tarixga ko‘ra yaxshi anglayman.

Aytish lozimki, ikkinchi jahon urushida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biriga aylangan edi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rliklar ko‘rsatganligini bugun barchamiz yaxshi bilamiz.

Mamlakatimizning boshqa yerlarida bo‘lgani kabi, Jizzax viloyatida ham yurt ozodligi, uning sha’n-sharafini himoya qilish uchun minglab odamlar jangga otlanishdi va urushning birinchi kunlaridanoq harbiy komissarliklarga o‘zlarini frontga yuborishlarini so‘rab yana minglab arizalar tushdi.

Urush tufayli birinchi galda Jizzaxda ham harbiy davr talablari asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga e’tibor qaratildi. 1942 yilga kelib don ekiladigan maydonlar urushgacha bo‘lgan yillarga nisbatan 1,5 martaga ko‘paydi.

Urush yillarida Jizzaxda mexanizator xodimlarning umumiy soni 10 marta kamaydi. Shu tufayli xotin-qizlar va yoshlardan mexanizatorlar tayyorlashga alohida ahamiyat berildi. Jizzax va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida, mashina – traktor stansiyalari qoshida tashkil etilgan mexanizatorlik kurslarida 1941-1945 yillar davomida 415 nafar mexanizatorlar tayyorlandi.

1941-1945 yillarda yurtdoshlarimizdan 39 620 kishi urushga safarbar qilindi. Ular Leningrad va Stalingrad mudofaasida, Belorus va Ukraina yerlarini dushmandan ozod qilish janglarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatdilar. 7450 nafar kishi ozodlik uchun o‘z jonlarini qurbon qildi. Ularning ayrimlari jang suronlarida bedarak ketdi.

Jizzaxlik uch kishiga – Ye.Ivanin, E.Ismoilov va J.To‘rayevga Xalq qahramoni unvonlari berildi. 4600 dan ortiq jangchi orden va medallar bilan mukofotlandi. G‘allaorollik Eshonqul Ismoilov Polshaning Poznan shahrini ozod qilish uchun bo‘lgan jangda shaxsan o‘zi 40 nafar bosqinchi fashistni yer tishlatdi. Jizzaxlik Jo‘raqul To‘rayev Belorus tuprog‘idan dushmanni haydab chiqarish uchun bo‘lgan janglarda jasorat ko‘rsatdi. U 46-engil artileriya brigadasining nishonga oluvchi askari sifatida Poroxovshina qishlog‘i yonidagi jangda dushmanning 12 ta tankini, “Ferdinand” tipidagi 2 ta o‘ziyurar to‘pini ishdan chiqardi, dushmanning bir qancha askar va ofitserlarini qirib tashladi. Zominlik Avazjon Niyozmatov Brest qal’asini dushmandan himoya qilishda mardlarcha halok bo‘ldi.

O‘zbek xalqining asl farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov urushning birinchi kunlaridanoq bevosita janglarda ishtirok etdi. U og‘ir jarohati tufayli frontdan qaytgach, g‘alabani ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati mehnatkashlarining front orti safarbarligini oshirishga hissa qo‘shdi.

Jizzaxlik Nazir Safarov va Qodirqul Imomovlar jangchilarning jasorati haqidagi maqola, ocherk va she’rlarini bevosita okoplarda yotib yozdilar. Ajoyib shoir va publitsist Hamid Olimjon fashistlar bostirib kirgan kunning ertasigayoq o‘zining “G‘alaba” she’rini yaratdi.

Xalqimizning tarix sahifalarida o‘chmas harflar bilan bitilgan bundayin mardlik va matonat, oliyjanoblik, mehr va muruvvat hamda yuksak ma’naviyat barchamizning qalblarimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.

Shuning uchun bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan mard va jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash hamda faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish yurtimizda an’anaga aylangan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli davr va daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma’noda bizning milliy qadriyatimizga aylangan. Bu hol yoshlarimizni yurtparvarlik, mehnatsevarlik, ajdodlarining eng yaxshi an’analaridan faxrlanish tuyg‘ulari bilan, o‘z ajdodlariga munosib vorislar bo‘lish ruhida tarbiyalanishida beqiyos ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Fursatdan foydalanib barcha faxriylarimizni, aziz yurtdoshlarimizni Xotira va qadrlash kuni bilan chin yurakdan tabriklayman!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Endi urush bo‘lmasin!

 

Zulayho Akramova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish