Jarimalar real daromadlarga mos bo‘lishi zarur
Jarimalar real daromadlarga mos bo‘lishi zarur

 

15-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiya yig‘ilishlarida bir nechta qonun loyihalari muhokamadan o‘tkazildi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi va uning xususiyatlari, ushbu shartnomaviy munosabatlarda shartnoma obyektini tasarruf etish, garovga qo‘yish va undiruvga qaratishga doir qoidalar nazarda tutilmoqda.

Oliy sud tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur sohadagi qonun buzilishlari yildan-yilga ikki barobarga o‘sgan.

Mazkur qonun ijara va lizing munosabatlaridagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga, shuningdek, ushbu sohada jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlari kafolatini ta’minlashga xizmat qiladi.

— Qonun bilan keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga yoki lizingga berish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar takomillashtiriladi;

— avtotransport vositalarini ijaraga yoki lizingga berishdagi firibgarlik jinoyatlarining oldi olinadi;

— ijara yoki lizingga oluvchilarning mulk huquqlari kafolatlari ta’minlanadi.

Fraksiya a’zolari yangi me’yorlar partiya dasturiy maqsadlari va elektorati manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlab, ayrim fikr-mulohazalar bildirgan holda, qonun loyihasini ma’qullab ovoz berishdi.

Shu kuni muhokama qilingan yana bir loyiha O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida bo‘ldi.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tomonidan ko‘rsatilishini ta’minlash orqali tadbirkorlik faoliyati subyektlariga o‘z faoliyat doirasini kengaytirishga, metrologiya sohasida faol raqobat muhitini shakllantirish imkonini beradi.

Loyihada metrologiya xizmatlari sohasiga xususiy sektorning jalb etilishi va bu boradagi davlat tashkilotlarining ekskluziv huquqlardan mahrum qilib, sohadagi monopoliyaga chek qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Qolaversa, qonun loyihasi bilan metrologiya tekshiruvi va metrologiya nazorati funksiyalari ajratilmoqda.

Agar qonun kuchga kirsa, davlat metrologiya nazoratini amalga oshirish vakolatini saqlab qolgan holda, metrologiya tekshiruvini erkinlashtiriladi. Ya’ni, bu sohada xususiy sektorning faoliyati qonun bilan kafolatlanadi.

Kun tartibida yana bir muhim Ma’muriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama etildi.

Amaldagi qonunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosining istalgan “ijrochi” maqomidagi hodimi ma’muriy jazoga tortish vakolati borligi aholi orasida ayrim noroziliklar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgandi.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdori undirilishi lozim bo‘lgan summaga nisbatan nomutanosib ravishda bir necha karra yuqori belgilanishi mumkin.

Bu esa aholining iqtisodiy holatini og‘irlashtirishi tabiiy.

Mazkur qonunga binoan MJtKning 1981-moddasiga ushbu modda asosida qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

MJtKning 2453-moddasiga MJtKning 1981-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi to‘g‘risidagi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasining huquqlar va imkoniyatlar tengligi, ijtimoiy adolat g‘oyalariga mosligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, jarimalar miqdori aholining real daromadlariga muvofiq bo‘lishi muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilib, qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yakdil qaror qabul qilindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish