Tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambag‘allikni kamaytirish mumkin
Tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambag‘allikni kamaytirish mumkin

 

Ma’lumki, har qanday mamlakatda aholining kam ta’minlangan qatlami mavjud. O‘zbekistonda ham odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas. Xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilindi. Birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida budjetdan trillion so‘mlab imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta, bu aholi bandligini ta’minlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga xizmat qildi.

Kambag‘allik yurtimizda ko‘p yillar “yopiq mavzu” bo‘lib keldi. 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan kambag‘allikka qarshi kurashishning o‘rta va uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqildi. Odamlarning mehnat qilib, boy bo‘lishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilyapti.

Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambag‘allikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi. Mamlakatimizda kasbga o‘qish istagini bildirgan yolg‘iz va ko‘p farzandli ayollar, ishsizlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori bo‘lgan hunarlar, xususan, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda kasbga o‘rgatish kurslari tashkil etildi. Buning uchun mahalla idoralari yoki hududdagi binolardan joy ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Ammo kambag‘allikni qisqartirish bu bir kunlik ish emas. Buning ortidan mashaqqatli mehnat, mas’uliyat va tinimsiz izlanish yotganligini yaxshi tushunishimiz kerak. Shu bois davlatimiz rahbari 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlarda yangi bosqichga o‘tish, rag‘bat choralarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Eng avvalo, kambag‘alikni qisqartirish uchun tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratish lozimligi belgilandi. Shu maqsadda joriy yil 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Ikkinchidan, dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravar kamaytiriladi. Kambag‘al oila a’zosi ham daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Uchinchidan, bunday tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi. Barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi. Bojxona rasmiylashtiruvida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.

To‘rtinchidan, dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi.

Davlatimiz rahbari yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasiga ham to‘xtaldi. Ma’lumki, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoyda tajriba katta. Ushbu tajriba asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bunda, kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi. Endi har yili tasdiqlanadigan davlat investitsiya dasturlari ham shu asosda shakllantiriladi. Mutasaddilarga tanlab olingan 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildiki, belgilangan vazifalarning ijrosi mamlakatimiz aholisi farovonligini yanada oshirishga, yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin olishiga xizmat qiladi.

 

Muqaddas O‘rozaliyeva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish