O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov saylovchilar bilan uchrashuvini Jizzax viloyatidan boshladi.
Jizzax shahridagi Musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan muloqotda viloyatdagi tuman va shaharlar saylovchilari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari ishtirok etishdi.
Saylovchilar huzurida chiqish qilgan Prezidentlikka nomzod saylovoldi dasturidagi ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, dasturda kuchli ijtimoiy siyosat, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar, kafolatli va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari, konstruktiv tashqi siyosatga oid 9 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq va manzilli taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgan.
Ochiq, samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.