Imkoniyat yaratadigan qonunlar
Imkoniyat yaratadigan qonunlar

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Quyi palataning kun tartibida ko‘rilgan birinchi masala — «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Mazkur loyiha bilan Yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish uyushmasi tizimining subyektlarida faoliyatni amalga oshirayotgan mavsumiy xodimlarga nisbatan vaqtinchalik soliq imtiyozlari qo‘llanilishi nazarda tutilyapti. Ushbu davr mobaynida sohadagi mavsumiy ishchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, soliq to‘lovchilarning ipak qurti urug‘ini va pillani yetishtirishdan, pillani qayta ishlashdan, tayyor ipak mahsulotlarini hamda ipakchilik tarmog‘i uchun yordamchi materiallarni ishlab chiqarishda aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etilishi ham loyihada o‘z aksini topmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi soliq imtiyozlarini qo‘llash orqali pilla xom ashyosi yetishtirish, sohani yanada rivojlantirish, pillakashlik korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlash, aholi bandligini ta’minlash hamda ipakchilikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Majlisda budjet va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larini taqsimlovchilar faoliyatida ichki auditni tartibga solishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi kerak edi. Lekin loyiha bo‘yicha deputatlarning takliflari o‘rinli ekanligi inobatga olinib, qonun loyihasi yanada takomillashtirilishi uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarning muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan — «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasida inson hayoti yoki sog‘lig‘i, xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarganlik va muomalaga kiritganlik uchun jazo choralari yanada kuchaytirilishi taklif etilmoqda.

Inson sog‘lig‘i va hayotiga xavf soluvchi tovarlarni ishlab chiqarish va sotganlik uchun jazo choralarining kuchaytirilishi odamlarda mas’uliyat kuchayishiga olib keladi. Sababi, yengil daromad ilinjida o‘zgalar hayotini xavf ostida qoldirayotganlar ham uchrab turibdi. Shuning uchun inson hayotiga daxl qiladigan har qanday jinoyat uchun jazo choralarini kuchaytirish lozim. Bu inson kapitalini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Qayd etilganidek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlari tomonidan sanitariya normalari va gigiyena qoidalariga rioya etilmaslik inson sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatishga sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur qonun loyihasida sanitariya va veterinariya qonunchiligini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo chorasi og‘irlashtirilyapti.

Bundan tashqari, tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalangan holda, mahsulot ishlab chiqarib, realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilib, tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar tartibi aniq belgilanmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning muomalasiga chek qo‘yish hamda ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, aholi salomatligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Loyihaga deputatlar tomonidan qator taklif va tavsiyalar bildirilib, konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.

Majlisda «Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Yuridik shaxslar umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarib umumiy tarmoqqa sotganda foyda solig‘i hamda ular bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, uy-joyda umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashdan ozod etilishi belgilanyapti.

Xalq vakillarining ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi.

Darhaqiqat, qayta tiklanuvchi energiya bugungi kunda butun dunyo diqqat markazida turgan eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Yurtimizda ham bu sohaning rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar, imtiyozlar yaratilishi lozim.

Deputatlar ham mazkur qonun loyihasi sohaning rivojida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bir ovozdan ma’qullashdi.

Kun tartibida, shuningdek, «Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77 va 85-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Jinoyat kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeks javobgarlikning asoslari va tamoyillarni, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligini aniqlaydi, ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydi.

Jinoyat kodeksi qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi tamoyillariga asoslanadi.

Shuningdek, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan, deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan, deb hisoblanadi.

Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi, shuningdek, sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazo o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan, deb hisoblanadi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan, deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosinnig eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi, voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi.

Albatta, har doim qonunlar ustuvor bo‘lishi kerak. Ular jamiyat hayotini tizginlashtirib, tartibga solib turadi. Lekin, voyaga etmagan shaxsning oqibatini chuqur o‘ylamay yoki ehtiyotsizlik oqibatida qilgan jinoyatini kechirib, unga imkon berish ham bag‘rikenglik hisoblanadi. Bag‘rikenglik bu yurtga har doim yarashgan.

 

Ahmad Qurbonov,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 7.06.2022, №21

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish