Prezidentlikka nomzod farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning vodiy bo‘ylab saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda. Nomzodning bu galgi saylovchilar bilan uchrashuvi Farg‘ona viloyatining boy tarixga ega so‘lim Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona viloyat kengashi raisi Zokirjon Zohidov olib bordi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilbar Mamadjonova esa nomzodning ishonchli vakili sifatida saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan yaqindan tanishtirdi.

Shundan so‘ng nomzod saylovoldi dasturidagi asosiy yo‘nalishlardan o‘rin olgan g‘oya va tashabbuslar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Dastur, avvalo, quyidan yuqoriga qarab shakllangan takliflar asosida shakllantirilganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Dasturning birinchi yo‘nalishi “Kuchli ijtimoiy siyosat – ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi” deb nomlangan bo‘lib, davlat aholi manfaatlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishi lozim, deb hisoblanmoqda.

Bu yo‘nalishdan bir qator muhim takliflar o‘rin olgan. Masalan, barcha fuqarolar uchun adolatli davlat pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish, shu jumladan, er yoki xotini vafot etganda hamda vafot etgan shaxs ko‘proq pensiya olgan taqdirda, ushbu pensiyani uning hayot bo‘lgan turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib berish (pensiyani almashtirish) tartibini joriy etish qilish taklif etilmoqda.

Avvalo, pensiya va ijtimoiy nafaqalar insonning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yetarli bo‘lishi muhimligi aytildi.

Dasturning kafolatli va sifatli tibbiy yordam – inson salomatligi garovi deb nomlangan yo‘nalishida “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish taklifi bildirilmoqda.

Shuningdek, dasturda ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab takliflar mujassamlangan. Xususan, ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya tizimi bilan ta’minlash masalasiga e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, maktablar o‘quv dasturlarida chet tillari va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Qizg‘in va samimiy o‘tgan uchrashuvda saylovchilar Prezidentlikka nomzodga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilishdi. Dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida saylovchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

So‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga chaqirishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish