Prezidentlikka nomzod Navoiy viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi
Prezidentlikka nomzod Navoiy viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar huzuridagi navbatdagi uchrashuvi Navoiy shahrida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yoshlar, jamoat tashkilotlari a’zolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat kengashi raisi Baxtiyor Tashev olib bordi. Ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib berganidan so‘ng, nomzod so‘zga chiqib dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmuni saylovchilarga tushuntirib berdi.

Xususan, nomzod tomonidan aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumki, aholi bandligini ta’minlash kambag‘allikni qisqartirish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilashning bosh omili hisoblanadi. Shu sababdan ham nomzodning saylovoldi dasturida ushbu masalaga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Bu borada fuqarolarning bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ilgari surilgan.

Xususan, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash bo‘yicha taklif katta hayotga qadam qo‘yib kelayotgan yosh avlodning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.

Dasturdan ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni, ayniqsa, ishsiz ayollar sonini keskin kamaytirishga, fuqarolarni kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olishga yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo‘yicha davlat tomonidan tegishli choralarini ko‘rish tashabbusi ham o‘rin olgan. Uchrashuvda ushbu taklif O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida davlat o‘z zimmasiga olgan ijtimoiy majburiyatlarga hamohang ekanligi hamda mamlakatning ijtimoiy davlat maqomiga mos kelishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda yangragan yana bir tashabbus – kam ta’minlangan, lekin, boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatimizning faol ishtirokchisiga aylantirish, shuningdek, mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirishdan iborat.

Shu bilan birga barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasini hamda fuqarolarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirish, ularni ishsizlikdan himoya qilish, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi, qayta tayyorlanishini tashkil etish va rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ham qizg‘in muhokama qilindi.

Nomzod ushbu takliflar fuqarolarning o‘z kelajagi, oilasining turmush tarzini yaxshilashga bo‘lgan intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish orqali ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish xizmat qilishiga e’tibor qaratdi.

Aholini ish bilan ta’minlash maqsadida yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sohalarni hamda o‘zini o‘zi band qilgan deb hisoblanadigan faoliyat turlari ro‘yxatini kengaytirish haqidagi taklif ham saylovchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi. Ushbu taklif fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga, ularga o‘z ishbilarmonlik imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun yanada qulay va kengroq shart-sharoitlar yaratishga, shu orqali ko‘proq fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda samimiy va ko‘tarinki muhit hukmron bo‘ldi. Saylovchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi va o‘zlarining fikr-mulohazalarini ham bildirishdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish