Kecha "Oʻzbekiston" mehmonxonasining tadbirlar zalida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi muassisligidagi "Oʻzbekiston ovozi" gazetasining 105 yillik yubileyiga bagʻishlab adabiy-badiiy bayram tadbiri oʻtkazildi.
Unda gazetaning faxriylari, fidoiylari, davlat va jamiyat arboblari, bugungi kunimizning yetuk qalamkashlari bir davra atrofida yigʻilib, gazetaning bosib oʻtgan uzoq mashaqqatli yoʻli va bugungi faoliyati dildan suhbat qurishdi. Yigʻilganlar "bu davrda gazetaning uch avlodi yuzlashdi", deya xitob qilishdi.
Bu gazeta birinchi marta 1918 yil 21 iyunda, "Ishtirokiyun" nomi bilan bosilgan. Gazeta Oʻzbekistondagina emas, butun Turkiston oʻlkasida birinchi milliy matbuot nashrlari qatorida namoyon boʻlgan.
1920 yil 12 dekabrdan "Qizil bayroq", keyinroq "Turkiston", 1924 yil dekabrdan boshlab "Qizil Oʻzbekiston", 1964 yildan "Sovet Oʻzbekistoni", 1991 yildan, yaʼni mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab, hozirgacha "Oʻzbekiston ovozi" nomi bilan chop etilmoqda.
Yurtimizning keyingi 100 yillik tarixi ushbu gazeta sahifalarida muhrlangan. Gazeta uzoq, ogʻir yoʻlni katta kurashlar bilan bosib oʻtdi. Har qanday sharoitda ham milliy qadriyatlarimizni, manfaatlarimizni himoyalashga harakat qildi.
Gazeta oʻzligidan uzoqlashmagan. Milliy qadriyatlarimiz, buyuk tariximizni eslatib turadigan, boshiga koʻtaradigan va bu tuygʻularni oʻz ijodlari orqali matbuot sahifalariga olib chiqadigan fidoyi ijodkorlar gazeta jamoasida hamma vaqt boʻlgan.
Turli davr va yillar davomida bu gazetaga Akmal Ikromov, Sharof Rashidov, Ibrohim Rahim, Ziyod Yesenboyev, Maqsud Qoriyev singari mashhur davlat, jamoat arboblari va ijodkorlar Bosh muharrir boʻlishgan.
Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, Oybek, Pirimqul Qodirov, Muhammad Yusuf, Saʼdulla Hakim, Azim Suyun, Safar Ostonov va boshqa koʻplab taniqli publitsist, shoir, yozuvchilar ushbu tahririyatni boshqargan, ishlagan, gazetaning faol mualliflaridan boʻlishgan.
Bu gazetada ishlab toblangan, tajriba orttirgan bir guruh jurnalist-publitsistlar davlat va jamiyat boshqaruvining turli boʻgʻinlarida, masʼul vazifalarda samarali mehnat qilgan. Shu maʼnoda "Oʻzbekiston ovozi" tahririyati mamlakat matbuotining oʻziga xos kadrlar maktabi sifatida ham eʼtirof etiladi.
Keyingi yillarda gazeta turli qiyinchiliklarni yengib oʻtib, emin-erkin faoliyat yuritmoqda, yangi rejalar tuzmoqda. Mamlakat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, siyosiy pluralizm, professional parlament, vakillik hokimiyatini mustahkamlash, huquqlar va imkoniyatlar tengligiga erishish, ijtimoiy birdamlik va himoya, inson qadr-qimmati kabi mavzular gazetaning asosiy prinsiplari boʻlib qolmoqda.
Doim masʼuliyatli boʻlishga undab turadigan yana bir omil – shubhasiz, "Oʻzbekiston ovozi", degan qutlugʻ nomdir.
Kecha tadbirda yigʻilganlar ushbu dargohda ishlagan barcha ustozlarni, hamkasblarni, mualliflar va mushtariylarni gazeta faoliyatidagi tarixiy kun bilan qutlashdi!
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati