Ijtimoiy natijadorlikni oshirish – muhim
Ijtimoiy natijadorlikni oshirish – muhim

 

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini "Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2023 yil birinchi yarim yilligida bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, davlat va jamiyat taraqqiyoti surʼatini yangi bosqichga olib chiqish uchun 7 ustuvor yoʻnalishda yuzta maqsadni qamrab olgan va 398 ta banddan iborat ushbu dastur ijrosi doirasida hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ijtimoiy sohada roʻyobga chiqarilayotgan manzilli chora-tadbirlar partiyaning asosiy elektorati hisoblangan ehtiyojmand qatlam vakillari hayotida yaxshi oʻzgarishlarga asos boʻlayotgani qayd etildi.

Hisobot davrida mamlakatda yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,6 foizni, shundan YAIM tarkibida sanoat 5,6 foizni, xizmatlar 6,4 foizni, qishloq xoʻjaligi, oʻrmonchilik va baliqchilik 3,8 foizni tashkil qildi. Davlat budjeti jami xarajatlari 129,1 trln. soʻm (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25,3 foizga oʻsgan) boʻlgani holda aynan ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan mablagʻlar 65,1 trln. soʻmga yetdi. Bu raqam oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 20,4 foiz koʻpligi diqqatga molik, albatta.
Yigʻilishda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan aholi vakillari, xususan, ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur yoʻnalishdagi raqamlarga koʻra, oʻtgan yarim yil ichida "Ayollar daftari"ga kiritilgan 1 mln. 680 nafar ehtiyojmand opa-singillarimizning 771 ming 358 nafari (77,1 foizi)ga tegishli yordamlar koʻrsatilgan. Ularni ishga joylashtirish, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishi uchun koʻmaklashish, moddiy va tibbiy yordam berish, uy-joyini taʼmirlash va yangi boshpana bilan taʼminlash shular jumlasidandir.

"Yoshlar daftari"dagi 295 ming 684 nafar yigit-qizning 149 ming 811 nafariga kontrakt toʻlovi, oʻzini oʻzi band qilishi uchun mablagʻ, muddatli xarid xizmat badali, haydovchilik kurslari, kasb-hunarga oʻqish va davolanish maqsadlari uchun jami 275 mlrd. soʻm miqdoridagi xarajatlar davlat tomonidan qoplab berildi.

Deputatlar xalq farovonligi va mamlakat barqarorligini kafolatlashda ijtimoiy islohotlar hal qiluvchi oʻrin tutishini qayd etib, hisobotga yanada aniqlik kiritish uchun haqli savollarni oʻrtaga tashladilar.

Deylik, Davlat dasturining 37-bandiga koʻra, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga amaliy yordam berish, ularni kasbga tayyorlash bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Biroq joylarga borib oʻrganilganida yoki ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganimizda ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarimiz soni kamayish oʻrniga ortib borayotgandek tuyulmoqda, dedi fraksiya aʼzosi Shohista Turgʻunova. Uning qayd etishicha, ehtiyojmand oilalar, yordamga muhtoj ayollar va yoshlarga berilayotgan koʻmak salmogʻi yirik raqamlarda ifodalanayotgan boʻlishiga qaramay, bu borada amaliy natijadorlik u qadar sezilmayapti. Hududlarda, ayniqsa, chekka, olis manzillarda aholiga sifatli birlamchi tibbiy xizmatni yaqinlashtirish, pedagoglarni moddiy ragʻbatlantirish, haqiqiy muhtojlarga yoʻnaltirilgan yordamlarning manzilliligini kuchaytirish sohalarida ham joylarda kamchiliklar koʻzga tashlanmoqda.

Fraksiya aʼzolari muhokama chogʻida Davlat dasturi ijrosini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash, buning uchun vazirlik-idoralar oʻrtasidagi axborot hamda maʼlumot almashish, hamkorlik va, tabiiyki, masʼuliyatni kuchaytirish kerakligini aytib oʻtdilar. Ijtimoiy islohotlarning natijadorligi uchun mutasaddi vazirlik-idoralarning shu yoʻnalishdagi faoliyati boʻyicha deputatlik va parlament nazoratini kengaytirish ayni zarurat ekaniga urgʻu berildi.

Yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan fraksiya nuqtai nazaridan kelib chiqib, tegishli qaror qabul qilindi.

 

 

 

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Faollarimiz davlat boshqaruvida Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish