Joriy yilning 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida Farg‘ona viloyatida hamda 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatida investitsiyalarni jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Belgilangan vazifalarni hududlarda bajarilishi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati U. O‘razboyev Do‘stlik tumanida bo‘ldi.
Dastlab, Do‘stlik tumanidagi Mikro sanoat xizmat ko‘rsatish markazidagi “Lola chinnilari” MChJda bo‘linganda, gaz bosimining pastligi sababli limit qo‘shib berishda amaliy yordam so‘raldi.
“NUR-SHER TEXTIL” MChJda esa 65 ta tikuv moshinkasi bor hozirgi kunda 35 ta ish o‘rni yaratilgan, ammo bugungi kunda bankdan 1,5 milliard so‘m kredit olishda muammo bo‘lyapti. Kredit berilsa yana 51 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Deputat U. O‘razboyev Jasurbek Xolmuhammedov fermer xo‘jaligiga tegishli “Dos milk” MChJda ham bo‘lib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi. 12 xil mahsulot ishlab chiqariladigan korxonada 14 ta ish o‘rni yaratilgan. Biroq, kanalizatsiya tizimini ishga tushirish bilan bog‘liq muammolar hal etilmay kelayotgani ma’lum bo‘ldi va amaliy yordam so‘raldi.
Shu va boshqa aniqlangan muammolar yechimi yuzasidan chora-tadbirlar rejasi belgilandi. Ishchi guruh faoliyati davom etmoqda.