O‘zbekiston XDP Buxoro shahar kengashi tomonidan “Ayollar ijtimoiy himoyasi-ijtimoiy faollik poydevori” mavzusida xotin-qizlar forumi o‘tkazildi. O‘zbekiston XDP shahar kengashi, Buxoro shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining viloyat bo‘limi, Bank xodimlari, nogironlar jamiyati, Bandlikka ko‘maklashish markazi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan mazkur forumda Buxoro shahridagi og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, ish bilan ta’minlanmagan, kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar, pensionerlar ishtirok etdi.
Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlik va boshqa shakllarda o‘z ishini ochish va biznesini boshlash istagida bo‘lgan ijtimoiy yordamga ehtiyojmand xotin-qizlarning o‘z ishini boshlashi va kredit, subsidiyalar olish orqali dastlabki sarmoyasini shakllantirishiga ko‘maklashish, ularni qayta tayyorlash va kasbga o‘rgatishga ko‘maklashish maqsadi ko‘zlangan mazkur tadbir Mustaqillik bayrami arafasida tantanalarga boy tarzda o‘tkazildi.
Hududdagi kam ta’minlangan, ko‘p bolali, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar, onalar va bolalarni turli kasalliklardan asrab-avaylash kabi tadbirlarning samarasini yanada oshirish maqsadida mutaxassislarni jalb qilgan holda shahardagi 7- Oilaviy poliklinikada ayollar, onalar va bolalar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etilganligi ham ishtirokchilar uchun ayni muddao bo‘ldi. Ko‘rik davomida reproduktiv salomatligi bilan bog‘liq kasalligi bor bo‘lgan shaxslar aniqlanib, ularga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatildi. Kasalligi aniqlangan ayollar va bolalarga davolanishlari uchun tavsiya va yo‘llanmalar berildi.
Abdurauf Fitrat, Chorbaxossa, Jo‘ybor, Hamid Olimjon mahallalari xotin-qizlari bilan davra suhbati o‘tkazilib, xotin-qizlar muammolariga deputatlar yordamida yechim izlandi.
Forumning ikkinchi bosqichi esa sport musobaqalari bilan uyg‘unlashgan holda qiziqarli kechdi. Shaxmat-shashka va voleybol musobaqasi g‘oliblariga partiya va homiylarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Uchinchi bosqichda Chorbaxossa va Jo‘ybor MFY da istiqomat qiluvchi uyda o‘tirgan, ish bilan ta’minlanmagan xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, ish bilan ta’minlanmagan, nogironligi bo‘lgan ayollar ijtimoiy himoyasi, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, ular uchun qonunlarda belgilangan imtiyozlar to‘g‘risida tushunchalar berildi. O‘zbekiston XDPning maqsadi, bu borada olib borayotgan ishlari haqida ma’lumotlar berilishi asnosida ularning huquqiy, siyosiy bilimlari oshirildi.